Chegarada e’tiborsizlikka yo‘l qo‘ygan tibbiyot xodimlariga chora ko‘rildi

Koronavirus kirib kelishi masalasida e’tiborsizlikka yo‘l qo‘ygan xodimlarga chora ko‘rildi, deb xabar qildi Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Qashqadaryo viloyati sanitariya va epidemilogik osoyishtalik markazi bergan ma’lumotga ko‘ra, Nishon tumani Tallimarjon hududidagi SKP bir marotabalik ishlatiladigan niqob va bir marotabalik himoya kiyimi bilan to‘liq ta’minlanganligi va xodimlar ishlarini nazorat qilmaganligi hamda koronavirus kasalligiga qarshi epidemiologik chora-tadbirlarni yetarli darajada tashkillashtirmaganligi sababli Nishon tumani SEO markazi bosh vrachi Alisher Normo‘minovga intizomiy chora ko‘rildi. Vazifasini yaxshi o‘zlashtirmagan SKP xodimi Akrom Sayitovning mehnat shartnomasi bekor qilindi.

4 fevral kuni viloyat SEO markazi bosh vrachi S.Murodov, epidemiolog R.Muzaffarov, Nishon tumani SEO markazi bosh vrachi va viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan Tallimarjon hududidagi (Turkmaniston bilan chegaradosh) SKPga borib o‘rganish ishlari olib borilgan.

Aniqlanishicha, hozirgi paytda Turkmaniston tomonidan hududga o‘tish va chiqish taqiqlangan. 2020 yilning yanvar oyida 1000 ta fuqaro (shundan 935 nafari xorijlik) tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan bo‘lib, SKPni o‘rganish kuni, ya’ni 4 fevral kuni 5 nafar fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, isitmalagan bemorlar aniqlanmagan. 

1 fevraldan 4 fevralga qadar SKP orqali 58 nafar o‘tgan fuqarolarning barchasi Turkmaniston fuqarolaridir. SKPda bugungi kunda 4 ta pirometr – masofaviy (distansion) termometr, 65 ta tibbiyot (simobli) termometr, 50 ta ko‘p marotabalik niqob, 4 ta bir marotabalik himoya kiyimi, 5 ta o‘latga qarshi himoya kiyimi bilan ta’minlangan. Teplovizor – masofaviy turg‘un harorat o‘lchovchi uskuna yo‘q.