Chexiyada 7,5 ming yil avval qurilgan quduq topildi
Chexiyaning sharqiy viloyatlaridan birida avtomobil yo‘li qurilishi vaqtida 7,5 ming yil ilgari qurilgan quduq topildi, deyiladi «Journal of Archaeological Science» jurnalida.
Chex arxeologlari mazkur quduqni inson qo‘li bilan yaratilgan inshootlar ichida eng qadimgisi deb hisoblashmoqda. Qadimgi bu yog‘och inshoot neolit davrida bunyod etilgan bo‘lib, zax suvlar qatlamidan pastda joylashganligi sababli yaxshi saqlangan.
Quduq to‘rt burchak shaklga ega bo‘lib, yonlari 80x80 santimetr, chuqurligi 140 santimetrni tashkil etadi. Har bir burchakka dub daraxtidan ustunlar ko‘milgan. Inshoot devorlari tosh parchalarida ishlov berilgan taxtalar bilan qoplangan. Taxtalar yong‘oq va dub yog‘ochlaridan ishlanganiga qaraganda, bu hududda bir vaqtlar o‘rmonlar bo‘lganligini ko‘rsatib turibdi.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, quduq yasovchilar qadimda shunga o‘xshash noyob inshootlarni qurishda usta bo‘lishgan ko‘rinadi. Topilmalarning yaxshi saqlanganligi olimlarga quduqning aniq yoshini aniqlashga yordam berdi.
Dendroxronologik ko‘rsatkichlar burchaklarga o‘rnatilgan ustunlar eramizdan avvalgi 5481 yilda qirqilganligini ko‘rsatib turibdi. Yon devorlardagi taxtalari esa biroz keyin, eramizdan avvalgi 5256-5255 yillarda, ulardan biri esa 5241-5224 yillar oralig‘ida o‘rnatilgan. Olimlar quduqning bir necha bor ta’mirlanganligini ta’kidlashmoqda.
- Inshootda bronza va temir asrlarida bir necha bor ta’mirlangan, - deydi Chexiyadagi Olomouts arxeologiya markazi olimi Yaroslav Peshki. - Hatto qadimgi Rim davriga oid qurilish asboblari bilan ham ishlov berilgan. Dastlabki neolit davri quruvchilari tosh, suyak va shoxlardan yasalgan uskunalarni o‘ta aniqlik bilan ishlatishgan.
Neolit davrida qurilgan mazkur yog‘och quduq so‘nggi to‘rt yilda Chexiyada topilgan uchinchi topilma hisoblanadi. Hozirgacha Yevropada shu davrga oid 40 dan ziyod quduq topilgan. Olimlar tomonidan o‘tkazilgan radiouglerod usulida, dendroxronologik tekshiruvlardan so‘ng shunday xulosaga kelishdi. Shu sabab Ostrov shaharchasi yaqinidan topilgan quduqni jahondagi inson qo‘li bilan yog‘ochdan yaratilgan eng qadimgi inshoot deb hisoblash mumkin.
Arxeologlar quduq ichidan neolit davriga tegishli bo‘lgan keramika idishlari siniqlarini ham topishgan. Bu esa quduq yaqinida aholi yashovchi manzillar joylashganligini ko‘rsatadi. Shuningdek, inshoot yaqinida hayvon va qushlarning suyaklari topildi.
- Fikrimcha, ushbu quduqdan ovchilikdan dehqonchilik madaniyatiga o‘tayotgan, ko‘chmanchilikdan esa doimiy yashash manzillari qurishni o‘rgana boshlagan neolit davri odamlari foydalanishgan, - deydi Peshka. – Aynan shu davrdan boshlab, bu ular oddiygina boshpana qurib, yovvoyi hayvonlarni qo‘lga o‘rgata boshlaganlar.
Dilmurod TO‘XTAYeV tarjimasi.