Chimboyda mahalla fuqarolar yig‘inining zamonaviy yangi binosi qurilmoqda

Bugungi kunda Past Darg‘om tumanidagi 47 ta mahalla fuqarolar yig‘ini o‘z binosiga ega emas. Joriy yilda boshqa tashkilot-korxona yoki tadbirkorlar binosida ijarada faoliyat olib borayotgan bu mahallalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida mahalla ma’muriy binolari qurilishi belgilangan.

 Shunga ko‘ra, ayni kunlarda tumanning olis Chimboy mahallasi uchun davlat-xususiy sheriklik asosida ma’muriy bino qurilishi ishlari boshlandi. Ushbu qurilish ishlarini tumandagi “Plaster lime Stone” mas’uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari amalga oshirmoqda.

- Ushbu mahalla fuqarolar yig‘ini binosi va markazining loyiha qiymati 850 million so‘mni tashkil etadi, - deydi qurilish korxonasi rahbari Jo‘rabek Mardiyev. – Uni mahallaning eski binosi o‘rnidan quryapmiz. Inshoot ikki qavatdan iborat bo‘ladi va uning birinchi qavati mahallaning ma’muriy binosi, ikkinchi qavati davlat sherikligi asosida o‘quv markazi sifatida foydalaniladi.

Past Darg‘om tuman hokimligi axborot xizmati.