“Chiqindiga to‘lgan” shaharcha yoxud Ishtixondagi noqonuniy savdo sotiqning avj olgani xususida
Kim nima desa desin-u, ammo Ishtixon shahrining qiyofasi qisqa vaqtda juda o‘zgardi. Ko‘rkam binolar, shinam bozor va do‘konlar-u, namunali xizmat ko‘rsatishga intilayotgan tadbirkorlarga qarab bundan o‘n-o‘n besh yil avvalgi holatni unutasiz. Ammo, faqat bir holat yillardan yillarga “meros” bo‘lib qolayotir – u ham bo‘lsa shahar ko‘chalaridagi ifloslik, suv ariqchalari to‘la chiqindi va ulardan anqib turgan badbo‘y hid!
Biz bu haqda birinchi marta yozayotganimiz yo‘q, deydi “Ishtixon ovozi”. Ammo, yaqinda DSENM sanitariya bo‘limi rahbari A.Toirov, tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati boshlig‘i Z.Egamov, Jo‘ra Mahmudov va G‘afur G‘ulom MFY faollari hamrohligida shahar bo‘ylab o‘tkazilgan kuzatuvlar mavzuga yana qaytishimiz joizligini taqozo etdi.
Avvalo, shahrimizning markaziy yo‘li chetida avj olgan noqonuniy savdo haqida to‘xtalish lozim. Transport vositalari o‘ta serqatnov bo‘lgan yo‘l bo‘ylab shaxsiy avtomashinalarda qovun-tarvuz sotuvchilarga bu tijorat qonunga xilof ekanligini aytganimizda ajablanishdi. Qizig‘i shundaki, ularning qo‘lida bu tijorat uchun birorta ruxsatnoma yo‘q, mahsulotlar tuman veterinariya sanitariya ekspertiza laboratoriyasi nazoratidan ham o‘tkazilmagan. To‘g‘ri, ayni paytda mamlakatimizda tadbirkorlikka keng yo‘l ochilmoqda, ular uchun barcha imkoniyatlar eshigi keng ochilgan. Lekin bu hech kimga qoidalarni mensimaslik, qonun talablariga rioya etmaslik huquqini bermaydi. Qolaversa, tijoratchilar orasida bugun yozgi ta’til zavqini surishi lozim bo‘lgan o‘quvchi yoshlar ham borligi kishini ranjitadi.
Yo‘l bo‘yidagi yaxna suv, “mors” sotuvchilar bizni ko‘rib o‘zlarini panaga olishdi. Chunki, avvalo, bu “mahsulot”ni sotish mutlaqo ta’qiqlangan. Qolaversa, mijozlar suv ichgan stakanni chelakdagi suvga shunchaki chayqab ikkinchi mijoz uchun ishlatish qanday oqibatga olib kelishini aslida ularning o‘zlari yaxshi bilishadi-da! Ishtixon tuman markaziy yo‘lining Kattaqo‘rg‘on tuman ko‘chasiga qayrilishida stol ustiga “suxari”, rangli shirinliklar, pista, tamaki mahsulotlaridan iborat aralash mollarni qo‘yib savdo qilayotgan tadbirkorlar sotilayotgan narsalarning issiq quyosh tig‘ida asl sifatini yo‘qotganini bilsalar-da, bizdan ranjishdi. Ularning yonginasidagi ariqchalardan ham oqova suv aralash chiqindining badbo‘y hidi anqiydi.
- Biz haydovchilar pul yig‘ib, chiqindi mashinasini chaqirib bu yerni tozalatgan edik, oradan bir hafta o‘tmay yana shu holga kelib qoldi, - deydi Komil Qurdoshev ismli kishi.
Ma’lum bo‘lishicha, aslida bu yerdan chiqindini olib chiqib ketish bo‘yicha “Sevinch” supermarketi bilan “Toza hudud” DUK o‘rtasida shartnoma tuzilgan. Yo‘l bo‘yida joylashgan barcha savdo do‘konlari bilan ham ana shunday shartnomalar imzolangan bo‘lishi kerak. Lekin shartnoma shartlari bajarilmayapti. Suhbatlar davomida buni shu yerda muzqaymoq, salqin ichimlik sotayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar ham alohida ta’kidlashdi.
Bu holatlar bo‘yicha aybdorni qidirib topish, hududni qisqa vaqt ichida tozalashning imkoni bor. Ammo, muammo bu bilan hal bo‘lib qolmaydi. Hamma gap ozodalikka doimiy ravishda rioya qilishda. Balki buning uchun shu hududdagi mahalla fuqarolar yig‘inlarining mas’ullari, tegishli tashkilotlar, profilaktika inspektorlari bilan birgalikda qat’iy choralar belgilanishi lozimdir. Chiqindini belgilanmagan joyga tashlagan fuqarolarni ogohlantirish, jarimaga tortish kabi qoidalarni joriy etish vaqti yetgandir, ehtimol?
Negaki, shu hududda o‘zimiz yashaymiz, nafas olamiz, farzandlarimiz buni ko‘rib ulg‘ayishadi. Demak, loqaydlik, mas’uliyatsizlik va madaniyatsizlik kabi illatlarni keyingi avlodlarimizga yuqtirmaligimiz uchun ham qat’iy qarorga kelishimiz shart, deyiladi xabarda.