«Chorbog‘»dagi hangoma kimning ko‘zini ochishi kerak?
Bulung‘ur o‘zi shunaqa, Xudo bergan joy: qaysi tomondan kelishi yoki qay tarafga ketishidan qat’iy nazar, yo‘lovchilar biror narsa xarid qilish yoki servis va xizmat ko‘rsatishning biror turidan foydalanish uchun albatta to‘xtab o‘tishadi. Keluvchining ham, ketuvchining ham vazifasi bitta – ularga xizmat qiluvchilar saviyasiga baho berish.
Shu xayollar bilan katta yo‘l yoqasidagi «Chorbog‘» umumiy ovqatlanish shoxobchasiga kirmoqchi bo‘ldik. Shu yerdagilar ta’rifini keltirishdi.
- Taomlariga gap yo‘q, xizmatchilari ham chaqqon…
Biz avval hojatxonani so‘radik. Xizmatchi yigitlardan biri hovli etagida – chamasi 30 metrlar naridagi kichik binoni ko‘rsatdi. Shinam ko‘ringan binoga yaqinlashishim bilan dimoqni teshib yuborgudek qo‘lansa hid keldi. Ha, kirish u yoqda tursin, yoniga yaqin kelib bo‘lmaydi. Iflosligi ko‘zni aynitadi.
- Ha, adashibsizmi, aka, - dedi «Kamaz» haydovchisi mashinasidan tushayotib. - Doimiy yo‘lovchilar o‘rganib qolgan. Buning yo‘li oson, ana, yana ozroq yursangiz bepoyon to‘qay. Boshqa ne iloj…
Hafsalamiz pir bo‘lib boshqa oshxonaga o‘tdik. Ming afsuski, u yerda ham shu ahvol. Xullas, katta yo‘l kesishmasida beshta oshxona joylashgan va … faqat bittasining hojatxonasi umumiy talablarga javob beradi, xolos. Qo‘l yuvishga suv, sovun, sochiq haqida gapirib o‘tirmasa ham bo‘ladi.
Xalqaro va ichki turizmni rivojlantirishga oid bir necha qarorlar qabul qilindi. Ayniqsa, katta yo‘l yoqasida xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish yuzasidan aniq vazifalar belgilangan. Nima, bu vazifalardan xizmat ko‘rsatish shoxobchalari rahbarlari, tuman hokimining tegishli o‘rinbosarlari, DSENM rahbarining xabari yo‘qmi?
Biz ulardan muammo yechimi bo‘yicha javob kutamiz.
Yo.GADOYeV.
Tahririyatdan: Boshqa shahar va tuman mutasaddilari ham buni o‘qib, xulosa qilishsa, o‘z hududlaridagi xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyatini bir ko‘zdan kechirishsa yomon bo‘lmasdi. Qolaversa, Bulung‘urdan boshlagan muxbirlarimiz katta yo‘l yoqasida joylashgan servis va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyatini yoritishda davom etadi.