Dam olish kunlari Taxtiqoracha dovonining bahavo maskanlari “kabobxona”ga aylandi

Ishonavering, xuddi shunday bo‘ldi. To‘g‘risi, Ramazon hayiti munosabati bilan berilgan dam olish kunlari yaqinlar, qavmu qarindoshlar ziyoratidan ortgach, imkoniyatdan foydalanib, oila davrasida, tog‘ning havosidan bahramand bo‘lish uchun Urgutning Qashqadaryo bilan chegaradosh hududi bo‘lgan dovon sari yo‘l oldik.

Yo‘l-yo‘lakay tabiatning chiroyiga mahliyo bo‘lib bordik. Rostdan ham tabiat in’om etgan ajoyib manzaralar, yam-yashillik, qushlarning sayrog‘i-yu, archalar bahri dilingni ochadi. Ammo chiroyli, manzarali tog‘lar sari yaqinlasharkanmiz, toza havo bilan kabobu, o‘tin, turli yoqilg‘ilarning hidi atrofni tobora o‘rab borardi.

Har bir chiroyli tabiatli maskanlarda tadbirkorlar tomonidan maxsus joylar ajratilgan bo‘lib, u yerda joylashtirilgan so‘ri, chorpoyalarda dam olish, shu yerning o‘zida ovqat tayyorlab, taom buyurtma berish ham mumkin. Bunday imkoniyat dam oluvchilar uchun ehtimol qulaydir, ammo tabiat uchunchi? Bu haqda kim o‘ylab ko‘radi? Sababi, kichikroq bir maskanning o‘zida o‘nlab chorpoyalar qo‘yilganki, ularning har biridagi oila o‘tin yoqaversa, quyuq daraxt, necha yillik archalar barq urib turgan maskan tez kunlarda ne ahvolga tushadi?

Tabiatga yetkazilayotgan bunday munosabatni ko‘rib, to‘g‘risi, dam olishga ishtiyoq ham qolmadi. Ayniqsa, dam oluvchilarning go‘yo kunlab och yurganday taomdan boshqasi bilan ishi bo‘lmasligi, yeb-ichardan qolayotgan chiqitlar, hammasi dilni xira qiladi. Bu ham mayli, spirtli ichimlik ichib, baqir-chaqir qilayotgan, tog‘ning osudaligini buzib, ichkilik ta’sirida baralla xirgoyi qilayotganlar, tog‘ning yuqorisiga chiqib olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, videodagi yigitday almoyi-jalmoyi gaplarni baralla aytayotgan yosh-yalanglar... Suv ichib, idishini hech ikkilanmay tog‘ qa’riga uloqtirayotganlar, ularning orasida katta yoshlilar ham borligi yanayam tashvishli.

Xullas, bunday manzara tog‘ning go‘zal tabiatiga nomutanosibligidan ko‘nglingiz ranjiydi. Qachon dam olishni o‘rganamiz, deging keladi! Umuman, tabiat qo‘ynida dam olish qachongacha spirtli ichimliklarni bo‘kib ichish degan tushuncha bilan birga keladi? Bundan qutulishning imkoni bormikan?

Xullas, dovonning manzarali hududidan ko‘p savollar bilan qaytdim. Dam olish madaniyatimizdan bir uyalgan bo‘lsam, Samarqandda bir necha oydan beri ishlayotgan, hamrohlarimiz, xorijlik mehmonlar oldida ikki karra uyaldim...

Gulruh MO‘MINOVA.