Daraxtlarni noqonuniy kesgan kimsalar kimlar edi?
22 fevral kuni @zarafshonbot telegram kanalida Urgut tumanining Bahrin mahalla fuqarolar yig‘ini hududida daraxtlarning kesilishi oqibatida tabiatga jiddiy ziyon yetkazilayotgani aks ettirilgan videolavha va “Urgutda daraxtlar noma’lum kimsalar tomonidan kesib ketildi” sarlavhali xabar e’lon qilingandi.
Mazkur holat Urgut tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi davlat inspektorlari tomonidan o‘rganildi.
Aniqlanishicha, haqiqatda ushbu holat Samarqand o‘rmon xo‘jaligining "Bahrin" o‘rmon bo‘limi hududida sodir bo‘lgan. Bu yerda 4 tup manzarali va yong‘oq daraxtlari hamda nihollari noma’lum shaxslar tomonidan kesib, payhon qilingan.
Sodir etilgan huquqbuzarlik viloyat o‘rmon xo‘jaligi hududiga tegishli bo‘lganligi bois, holatga doir tezkor chora ko‘rilishi yuzasidan o‘rmon xo‘jaligi rahbariyatiga hamda qonunbuzarning shaxsiga aniqlik kiritish maqsadida Urgut tuman IIB bo‘limiga xat bilan murojaat qilindi.
Hozirda holat yuzasidan surishtiruv va o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Samarqand viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati.