Dasturlar ijrosida jamoatchilik nazorati muhim

Xalq deputatlari viloyat Kengashining yetmish to‘rtinchi sessiyasi o‘tkazildi.

Sessiyani Kengash kotibiyati mudiri Z.Karimov boshqardi.

Dastlab Xitoy Xalq Respublikasi fuqarosi Li Xiangrunga “Faxriy fuqaro” maqomini berish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Li Xiangrun xonim Samarqand shahridagi “AZIA METALL PROF” qo‘shma korxonasining xorijiy hamkori hisoblanadi. U umumiy qiymati 359 million AQSh dollari bo‘lgan temir mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish va mazkur korxonaning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun fidoyilik bilan mehnat qilmoqda.

Kengash Li Xiangrunga “Faxriy fuqaro” maqomini berish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Shundan so‘ng viloyat sudi raisi o‘rinbosari T.Boyzoqovning viloyat sudining 2022 yil to‘qqiz oyida fuqarolar huquqlari va erkinliklarini, shuningdek, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud yo‘li bilan himoya qilishni amalga oshirishga doir faoliyati yuzasidan axboroti eshitildi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida viloyat, tuman va shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan 4361 nafar shaxsga nisbatan 3454 ta jinoyat ishi ko‘rib tamomlangan.

Tamomlangan ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 712 ta (20,6 foiz)ga hamda shaxslar soni 894 nafar (20,5 foiz)ga ko‘paygan. To‘qqiz oyda viloyat sudlarining barcha instansiyalarida 13 ta jinoyat ishi bo‘yicha 14 nafar shaxs oqlandi.

Hisobot davrida sudlarga 39 ming nafar shaxsga nisbatan 31826 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar birinchi instansiyaga kelib tushgan. Ko‘rib tamomlangan fuqarolik ishlari esa 37300 tani tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10 mingtaga ko‘p demakdir. Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati hamda shahar, tumanlararo iqtisodiy sudlari tomonidan  birinchi instansiya sudida 14021 ta iqtisodiy ishlar mazmunan ko‘rilib, 12421 ta da’vo qanoatlantirilgan, 1262 tasi esa rad qilingan.

Axborot yuzasidan deputatlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga sud raisi o‘rinbosaridan javoblar oldi.

Kun tartibiga muvofiq, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining 2022 yil 13 sentyabrdagi “Navoiy va Samarqand viloyatlarida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan hisobot berdi.

– Senat tomonidan parlament nazorati doirasida joriy yilning birinchi yarim yilligida yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ijrosi o‘rganilib, yo‘l qo‘yilgan xatolar ko‘rsatib berilgan edi, – dedi J.O‘roqov. – Biz bundan xulosa qildik va barcha yo‘nalishlar bo‘yicha kamchiliklarni bartaraf etish uchun chora-tadbirlar belgiladik. Bu yil oldimizga juda katta marra qo‘yganmiz. 2021 yilda 40465 ta ish o‘rni tashkil qilingan bo‘lsa, joriy yilda 635 ming aholini doimiy va mavsumiy ish o‘rinlariga joylashtirishni rejalashtirganmiz. Bunda yangi ish o‘rinlari yaratish bilan birga, aholini o‘zini o‘zi band qilish tizimidan foydalanyapmiz, faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlik sub’yektlariga ko‘maklashyapmiz, kichik biznes sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlayapmiz, uy mehnati bilan shug‘ullanuvchilar safini kengaytirish va aholini kasb-hunarga o‘qitishga e’tibor qaratyapmiz. Ana shu chora-tadbirlar natijasida to‘qqiz oy davomida 543 ming kishining bandligi ta’minlandi. Lekin hali oldimizda ko‘plab vazifalar bor va ularni keng jamoatchilik bilan birga hal etish choralarini ko‘ramiz. Birinchi navbatda, aholi bandligiga mutasaddi tashkilotlarning mas’uliyatini oshirishimiz, mahalla xodimlari bilan birga ishsiz aholi qatlami o‘rtasida bandlik masalasi yuzasidan tushuntirish ishlarini kuchaytirishimiz lozim.

Hisobot bo‘yicha deputatlar savollar bilan birga taklif va tavsiyalarini ham bildirdi.

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 28 apreldagi “2022-2026 yillarda Samarqand viloyati hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan viloyat hokimining o‘rinbosari A.Shukurovning hisoboti ham qizg‘in muhokama etildi.

Ushbu qaror bilan aholiga munosib uy-joy va yashash sharoitlarini yaratish, ichimlik suv va oqova ta’minotini rivojlantirish, transport va yo‘l infratuzilmasini hamda ekologik vaziyatni yaxshilash masalalariga oid chora-tadbirlar belgilangani ta’kidlandi.

Jumladan, renovatsiya dasturlari asosida kelgusi besh yilda shaharlarda eskirgan uylar o‘rnida zamonaviy uy-joylar barpo etilib, 200 ming nafardan ziyod aholining yangi massivlarga ko‘chib o‘tishi uchun sharoit yaratiladi. Xususan, Samarqand shahrining Shirin mahallasi hududida 372 gektar yer maydonida 40 ming 104 ta xonadonli 390 ta ko‘p qavatli uy, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari, ko‘ngilochar maskanlar, shifoxona, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari, avtoturargoh, sport majmualari hamda mahalla markazlari quriladi. Samarqandda ilk bor shu yerda 12 ta 40 qavatli, 48 tadan 30 va 25 qavatli uylar barpo etiladi.

Bu kabi ishlar Samarqand shahrining temiryo‘lorti hududidagi mahallalarda ham amalga oshiriladi. Ushbu massivdagi arxitektura va shaharsozlik normalariga javob bermaydigan binolar buzilib, ularning o‘rnida 297 gektar maydonda 474 ta 12-20 qavatli uylar va boshqa ob’yektlar quriladi.

Ushbu tadbirlarni amalga oshirish Samarqand shahri hududini kengaytirish va uni “Millionlik yashil shahar”ga aylantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan tegishli qarorda nazarda tutilgan. Shuningdek, Samarqand shahrini 5 tumanga bo‘lish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Shaharni 2026-2040 yillarda rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi tayyorlandi.

A.Shukurov viloyatda infratuzilmani yaxshilash, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini davom ettirish, chiqindini qayta ishlash, jamoat transporti xizmati ko‘rsatishni takomillashtirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha rejalashtirilgan tadbirlar haqida ham ma’lumot berdi.

Deputatlar qurilish va kommunal soha bilan bog‘liq ko‘plab muammo va kamchiliklarni qayd etib, ijro hokimiyati organlaridan belgilangan tartib-qoidalarga amal qilinishini ta’minlash, shahardagi noqonuniy qurilishlarning oldini olish yuzasidan keskin choralar ko‘rish bo‘yicha fikrlarini bildirdi.

Sessiyada viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i A.Inog‘omov davlatimiz rahbarining  2021 yil 10 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi yuzasidan hisobot berdi. Shuningdek, viloyat mahalliy byudjetining 2022 yil  ikkinchi va uchinchi choraklar daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risidagi va Kengash vakolatiga doir boshqa masalalar ko‘rib chiqilib, qarorlar qabul qilindi.