Davlat mukofoti hadya emas, u o‘z iqtidorini mahorat bilan muntazam namoyish etganlarga berilishi kerak
Ijtimoiy tarmoqlarda respublika Xotin-qizlar qo‘mitasidagi davra suhbatida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti tanlovini yanada takomillashtirish zarurligi aytilgach, shu jarayondagi 20 yillik tajribaga tayanib, o‘z mulohazalarimni bildirishni lozim topdim.
Avvalo, shuni aytish kerakki, davlat mukofoti bir martalik hadya emas, balki u muayyan vaqt davomida o‘z iqtidori va mahorati bilan biror yo‘nalishda jamiyat rivojiga ta’sir qiladigan, tajriba yaratgan, fidokorona mehnati bilan boshqalarga ibrat ko‘rsata olgan shaxslarga beriladi. Aniqrog‘i, unda iqtidor emas, mahorat, mehnat, mashaqqat va uning natijasi hisobga olinadi.
Umuman men pasport olgan shaxsgina davlat mukofotini olishi kerak, deb hisoblayman.
Endi bevosita takliflarimni aytib o‘tsam.
Birinchidan, ko‘pchilikda aniq tasavvur bo‘lishi uchun yigirma yil ichida ushbu mukofotni olganlar haqida to‘liq monitoring o‘tkazish zarur. O‘shanda ishtirokchilar sifat tarkibi, yoshlari o‘rtasidagi farqlar, g‘oliblarning qaysi sohada ko‘pligi, o‘z g‘oliblik yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishi va faoliyatini davom ettirgani ma’lum bo‘ladi. Negaki, bu tanlov xususida sub’yektiv mulohaza asosida xulosa chiqarib bo‘lmaydi. Iloji boricha monitoring natijasi jamoatchilikka havola etilsa.
Ikkinchidan, bu mukofotga o‘z davrining iqtidorini rag‘batlantiruvchi vosita sifatida qarash kerak. Bu vosita yaxshi natija berdi, ko‘plab iqtidorlarga qanot bag‘ishladi. Uni takomillashtirish ham davr talabi. Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan yosh iste’dodlarga keng imkoniyat berilayotgan bir paytda bu ishlarni uyg‘unlashtirish, muvofiqlashtirish juda zarur.
Ishtirokchilarning yoshi masalasida bir to‘xtamga kelish lozim. Men viloyat ishchi guruhida adabiyot yo‘nalishida hay’atga raislik qildim. 8, 9-sinf o‘quvchisi qatorida kollej va oliy o‘quv yurti talabalari ham qatnashdilar. Tabiiyki, talaba saviyasi o‘quvchinikidan yuqoriroq bo‘ladi. Bu vaziyat noqulaylikni keltirib chiqaradi.
Ikkinchi noqulay holat ishtirokchilarning o‘qish, yashash joyini aniqlashda ko‘zga tashlanadi. Bu masalada Nizomga aniqlik kiritish zarurga o‘xshaydi. Misol uchun, Toshkentdagi nufuzli litsey va kollejlarda o‘quvchi qizlar ota-onasi Samarqandda propiskada bo‘lgani uchun viloyatda tanlovga qatnashadi.
Uchinchidan, tanlov shartlari ijrosi haqida. Keyingi yillarda maktab va kollej o‘quvchilari har yili 2-3 tadan kitob chiqaradigan bo‘lib qolishdi. Tag‘in taniqli adiblar so‘zboshi yozib berishadi. Adadi 100 donadan oshmaydi, chunki tanlov hay’atiga taqdim etsa bo‘ldi. Bu holat boladagi iqtidor namoyishi o‘rniga uni xudbinlikka, manmanlikka moyil qilib qo‘yadi. Bu ish noshirlik tizimiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. Ehtimol, har bir viloyatda har ikki yilda Yoshlar ittifoqi viloyat kengashlari tashabbusi bilan «Yoshlar ovozi» doimiy almanax chiqarilib, undagi eng yaxshi mualliflar tanlab olinar… Negaki, kengash qoshida yosh yozuvchilar uyushmasi ishlab turibdi.
Adabiyot yo‘nalishida tanlovning yozilmagan shartlari ham bor, ya’ni ishtirokchi Do‘rmon yoki Zomin adabiy seminarida qatnashgan bo‘lishi kerak. Tabiiyki, bunday nufuzli maktablarga ko‘pincha oliygoh talabalari tanlab olinadi. Shu tariqa, sun’iy ravishda boshqalarning ko‘nglini qoldiramiz.
To‘rtinchidan, nazarimda sport sohasini tanlovdan chiqarish kerak. Chunki jahon chempioni davlat mukofoti olmasa ham OTMga kirish imkoniyatiga ega. G‘olibligi uchun esa mukofotidan tashqari ham ularga ko‘p hadyalar beriladi. Tanlov jarayonida shu narsaning guvohi bo‘ldimki, sport bilan shug‘ullanuvchi qizlar badiiy kitobni kam o‘qishadi. Zulfiyaxonim ijodi bo‘yicha ham tushunchalari sayoz. Fanlarni o‘zlashtirishlari ham o‘rtamiyona. Ular uchun jurnalist Nilufar Jabborova («Oila davrasida», 2019 yil 30 may) taklif etganidek, «To‘maris» nomi bilan mukofot ta’sis qilish mumkin.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti faqat ta’lim olayotgan qizlarga beriladi. Buni o‘ylab ko‘rish kerak. Negaki, institut yoki kollejni bitirib, qishloqda e’tibordan qolayotgan iqtidorli qizlar ham bor.
Beshinchidan, OTMlardagi nomli stipendiyalar, xalqaro va mahalliy fan olimpiadalari, yosh kitobxon va boshqa ko‘plab tanlovlar ta’lim sohasidagi iqtidorlarni rag‘batlantirish uchun yetarli. San’atda ham ijodiy tanlovlar istagancha topiladi. Hammasining imtiyozi bor. Shunday ekan, Zulfiya nomidagi mukofot statusini qayta ko‘rmoq zarur. Rostda, yosh qizning pul mukofoti, davlat mukofoti olishi, OTMga test sinovsiz kirishi birato‘la uchta imtiyoz hisoblanadi. Boshqa fuqarolar esa davlat mukofoti olish uchun kamida 15-20 yil ishlashi, juda ko‘p sinovlardan o‘tishi va davlat komissiyasiga 2-3 martalab hujjat topshirishiga to‘g‘ri keladi.
Oltinchidan, tanlovning tuman va shahar bosqichlari nihoyatda bo‘sh yoki nomigagina o‘tkaziladi. Bu jarayonni 3-4 tumanda mintaqaviy tarzda uyushtirgan ma’qul emasmikan? Xotin-qizlar qo‘mitalari ba’zan o‘rin bo‘sh qolmasligi uchun duch kelgan da’vogarning nomzodini taqdim etishadi. Yoki fan yo‘nalishida Samarqand shahridagi oliy o‘quv yurtlaridan boshqa kim yana nomzod berishi mumkin?
Qolaversa, ba’zida tanlovda boshidan qatnashmagan, ammo shu orada yuqori biror tanlov yoki musobaqa tufayli natijani qo‘lga kiritib qolgan qizlar ham uning navbatdagi bosqichlarga o‘tib ketgan holatlar kuzatilmoqda. Buni tushunish mumkin, har bir viloyat ishtirokchi qizlarning eng yuqori natijalarga erishgani chiqishini istaydi.
Yana bir muammoli holat aynan ijodkor qizlarni tanlash bilan bog‘liq, deyish mumkin. Bu o‘rinda gap tanlovning adabiyot yo‘nalishi haqida ketmoqda. Ko‘pchilik yaxshi biladi, tanlovning nufuzi oshgani sari ishtirokchilar soni ko‘paygan, qolaversa, qizlarning xalqaro tanlovlardagi ishtiroki ham oshgan. Endilikda mukofotga nomzodlar orasidan jahon miqyosidagi tanlovlarda ishtirokchilarning yutuqqa erishishga imkoniyati ko‘proq bo‘lib qolmoqda. Bunday holatda adabiyot yo‘nalishidagi ishtirokchilarning imkoniyati pasayib ketadi-ku. Ijodkor qizlarimizning qanchasi xalqaro tanlovlarda ishtirok eta olishi mumkin? Asosan o‘zbek tilida ijod qiladigan qizlarimiz uchun bu shart og‘irlik qilmaydimi?
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti o‘tgan davr ichida ijtimoiy hayotdan o‘z o‘rnini topa oldi. Tanlov talablarini zamonaga moslash esa uning kelajakdagi nufuziga xizmat qiladi, shu paytgacha dardini aytolmay kelayotgan xotin-qizlar qo‘mitalari tashvishini yengillashtiradi, deb o‘ylayman.
Farmon TOShEV.