Davlat xizmatlarini 200 taga yetkazish imkoniyati bor
2018 yil boshida davlat xizmatlari markazlarida jami 37 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, hozirga kelib ular soni 120 dan ortdi va keyingi yilda xizmatlar soni 160 taga yetishi rejalashtirilmoqda. Solishtiradigan bo‘lsak, ikki yil avval respublikamiz tuman-shaharlaridagi markazlar orqali fuqarolarga 120 mingga yaqin xizmat ko‘rsatilgan. Joriy yilda esa xizmatlar sonining ortganligi hisobiga bu ko‘rsatkich 7 millionga yetdi.
Shunday bo‘lsa-da, sohani yanada takomillashtirish, talab yuqori bo‘lgan xizmatlarni joriy etish mumkin. Shu maqsadda AQSh, Yaponiya, Janubiy Koreya, Kanada, Avstraliya, Finlyandiya, Shotlandiya, Estoniya, Ozarbayjon va Qozog‘iston davlatlarining bu boradagi tajribalarini o‘rgandik. Masalan, AQShda 1998 yil qabul qilingan "Axborotni himoya qilishni ta’minlash to‘g‘risida"gi va "Davlat tuzilmalarida qog‘oz ishlarini kamaytirish to‘g‘risida"gi qonunlar davlat xizmatlarini takomillashtirishda keskin burilish yasagan.
Yaponiyada davlat xizmatlari davlat siyosati bo‘yicha zarur ma’lumotlarni o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash, keng va ko‘p bosqichli jamoatchilik maslahat markazlari tizimini yo‘lga qo‘yish funksiyalariga e’tibor qaratiladi. Shuningdek, qarorlar qabul qilishda dastlabki aloqa sifatida ma’lum doira vakillari bilan hamkorlik qilish, davlat siyosati bilan bog‘liq qonun loyihalarini tayyorlash, ma’muriy islohotlarda Yaponiya davlat apparatining faol ishtirokiga urg‘u berilgan.
Janubiy Koreyada elektron hukumatni yaratish strategiyasi va siyosati bo‘yicha bir qator vazifalar amalga oshirilgan. "e-Government"ni yaratish g‘oyasi Janubiy Koreya hukumatiga tegishli. Soha islohoti o‘tgan asrning 80-90-yillarida boshlangan. Ushbu davlat qudratli hukumat tuzish uchun strategik reja asosida 31 ta loyiha va tashabbusni o‘z ichiga olgan elektron hukumatni takomillashtirish dasturini ishlab chiqqan. Shu bilan birga integratsiyalashgan va tegishli xizmatlar qatorini kengaytirish, xususan, kundalik amaliyotga turli xil mobil ilovalarni joriy etishga katta e’tibor berilgan. Mamlakat 2020 yilgacha yangi avloddagi aloqa tarmoqlarini ishga tushirish uchun 1,6 trillion von (taxminan 1,5 milliard dollar) mablag‘ sarflamoqda.
Qozog‘istonda jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari 12 ta yo‘nalishda jami 204 tani tashkil etadi. Qozog‘iston tajribasidan kelib chiqib, bizda ham davlat xizmatlari markazlarida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sonini ko‘paytirish mumkin.
Birinchidan, oila yo‘nalishida "Voyaga yetmagan bolalar mulkini tasarruf etish va voyaga yetmagan bolalar uchun merosni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun guvohnomalar berish", "Yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolani boqish uchun vasiy yoki homiylarga nafaqa to‘lashni tayinlash", "Yetim va (yoki) ota-ona qaramog‘isiz qolgan farzand asrab olinishi munosabati bilan bir martalik pul to‘lovini tayinlash", "Nogiron bolani tarbiyalayotgan onaga yoki otaga, farzand asrab oluvchi(lar), vasiy (homiy)ga nafaqa tayinlash", "Ikkinchi farzandlikka olish to‘g‘risidagi guvohnoma olish uchun ariza yuborish" kabilar. Sog‘liqni saqlash sohasida "Tibbiy ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassislar uchun malaka sertifikati berish", cil kasalligi, nevropsixiatrik, giyohvand moddalar bilan davolash klinikalaridan ma’lumotnoma berish xizmatlari.
Ta’lim sohasida esa "Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarning dublikatlarini olish", "Akademik mobillik doirasida chet elda o‘qish tanlovlarida qatnashish uchun hujjatlarni qabul qilish", "Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasiga hujjatlarni qabul qilish" yo‘nalishlarini joriy etish mumkin.
Ish bilan ta’minlash va bandlik sohasida "Sinov sertifikati dublikatini berish", "Ma’muriy davlat xizmatining kadrlar zaxirasiga qabul qilish", "Bo‘sh ish o‘rinlarini qidirish va tanlovda qatnashish uchun ariza berish", "Ish qidiruvchilarni ro‘yxatga olish". Ijtimoiy ta’minot masalasida "O‘shga doir davlat ijtimoiy nafaqalar", "Nogironlik bo‘yicha ijtimoiy nafaqa", "Boquvchisini yo‘qotgan taqdirda davlat ijtimoiy nafaqalarini tayinlash to‘g‘risida ma’lumot olish" xizmatlarini kiritish mumkin.
Fuqarolik migratsiya va immigratsiya sohasida fuqarolarni doimiy va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish, milliy va markaziy davlat arxivlaridan ma’lumotlar olish, mehnat muhojirlari uchun ruxsatnomalar berish va uzaytirish, pasport, shaxsiy guvohnoma olish, uy-joy to‘g‘risida ma’lumotnoma berish, yashash maydoni, manzili va ma’lumotnomalarni taqdim etish. Chet elga chiqish bo‘yicha ta’qiq bor yo‘qligini tekshirish, respublikada vaqtincha bo‘lgan chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish xizmatlari ko‘rsatishni ham yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi.
Shuningdek, respublikadagi ko‘chmas mulk manzilini aniqlash uchun ma’lumotnoma berish, I va III guruh fuqarolaridan 2020 yilgacha mintaqalarni rivojlantirish dasturi doirasida uy-joy olish uchun ariza va hujjatlarni qabul qilish, uy-joy fondidan uy-joy navbati raqamlarini ko‘rishni joriy etish lozim. Huquqiy yordam sifatida arxiv guvohnomalari, arxiv hujjatlarining nusxalari yoki respublika davlat arxivlaridan kelib chiqadigan va chet elga yuborilgan arxiv ma’lumotnomalariga apostil qo‘yish, notarial faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beradigan litsenziya berish, yuridik shaxslar davlat ma’lumotlar bazasidan ma’lumot olish, notarial harakatlar bilan shug‘ullanish huquqini tasdiqlash xizmatlarini kiritsa bo‘ladi. Transport va harbiy hisob sohalarida davlat raqamlarini berish, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va chiqarish, guvohnomalar berish, tashqi va xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarida reklama joylashtirishga ruxsat olish, fuqarolarni harbiy hisobga qo‘yish sohasida ham xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish zarurati bor.
Ushbu xizmatlarni joriy etish orqali davlat xizmatlari markazlarida qo‘shimcha 56 ta xizmat turi joriy etiladi va markazlarda ko‘rsatiladigan xizmatlar sonini 2020 yil yakuniga qadar 200 taga yetkazish mumkin.
Tegishli qarorlar bilan davlat xizmatlari yagona reyestri tasdiqlangan. Unga ko‘ra, mamlakatimizda 79 ta vakolatli organ (bundan tashqari 200 ga yaqin hokimlik) tomonidan 693 ta xizmat ko‘rsatilmoqda. Bugungi kunda mazkur sohada yetarli tajriba shakllanmaganligi natijasida yagona reyestrini ko‘rib chiqish jarayonida bir-birini takrorlayotgan yoki bir xil vakolatdagi vazifalar bo‘yicha ikki yoki undan ortiq davlat idoralari tomonidan xizmatlar ko‘rsatilayotganligi oydinlashdi.
Davlat xizmatlari agentligi shu vakolatiga ega bo‘lgan tashkilotlar bilan hamkorlikda davlat xizmatlari yagona reyestrni qayta tasdiqlash va yangi xizmatlarni kiritish maqsadida ish olib bormoqda.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida davlat xizmatlari mutaxassisliklari bo‘yicha yangi yo‘nalish ochish, talabalarga fan sifatida o‘qitishni yo‘lga qo‘yish ham maqsadga muvofiq. Mahallalarda esa "Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi" tamoyili asosida komissiyalar tuzish, idoralarda markazlar filiali va maxsus burchaklar tashkil etish lozim.
Ushbu filiallarda fuqarolar markazlardagi xizmatlar to‘g‘risida, xizmat turlarining to‘lov miqdori va boshqa ma’lumotlarga ega bo‘ladi.
Isroil JABBOROV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
davlat boshqaruvi akademiyasi tinglovchisi.