Davlat-xususiy sheriklikdagi bog‘chalar ochishda kredit stavkasi o‘zgardi

Davlat-xususiy sherikchilik asosidagi bog‘chalar ochishda 1 foizli imtiyozli kredit ajratilishi tartibi o‘zgargan, deb eshitdim. Shu rostmi?

Nazira PO‘LATOVA,

Payariq tumani.

- Ha. 2020 yil 30 yanvardagi Prezidentimizning “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2019 yil 1 dekabrga qadar maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish ishlari 25 foizdan kam bo‘lmagan hajmda bajarilgan bitimlar bo‘yicha kreditlarni moliyalashtirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar Moliya vazirligi tomonidan 2020 yil uchun Davlat byudjetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga muvofiq, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha xarajatlar uchun nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida 2020 yil 1 martga qadar ajratiladi. Bunda, kreditlar 15 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 1 foizli stavka bo‘yicha beriladi.

2018-2019 yillarda belgilangan tartibda tuzilgan bitimlar bo‘yicha kreditlar:

- Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlarning ma’muriy markazlari hamda  viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlarda — 15 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 12 foiz stavka bo‘yicha;

- tumanlarning ma’muriy markazlarida — 15 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 8 foiz stavka bo‘yicha;

- tumanlarning boshqa hududlarida — 15 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 5 foiz stavkada ajratiladi.

2021 yil va kelgusi yillarda tuziladigan bitimlar bo‘yicha kreditlar tijorat banklari tomonidan mustaqil belgilanadigan foiz stavkalarida beriladi.

Shuningdek, qarorga ko‘ra, 2020 yil va kelgusi yillarda bitimlarning faqatgina xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan kreditlar (qarzlar) hamda davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish uchun avval ajratilgan kreditlar bo‘yicha xususiy sherik tomonidan qaytariladigan asosiy qarzlar hisobidan maxsus ochilgan shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida jamlangan mablag‘lar doirasida tuzilishini ta’minlash belgilandi.

Bugungi kunda viloyatimizda 139 nafar tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotlari ochish uchun bitim tuzilgan. Ularning 96 nafariga kredit mablag‘lari ajratilgan bo‘lib, hozirda shundan 53 ta davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari foydalanishga topshirilgan. Qolgan ob’yektlarda qurilish-jihozlash ishlari olib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan bitim tuzilgan 43 loyihalarga imtiyozli kredit mablag‘lari yuqorida keltirilgan qaror bo‘yicha ajratiladi.

Sh.ShARIPOV,

viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i.