Rizq butun, xirmonlar baland, omborlar to‘la
Bug‘doydan uch xil navli undan tashqari chorva uchun omuxta yem, kombikorma, kepak, spirt hamda baliq ozuqasi uchun don chiqindisi olinadi.
Samarqandda bug‘doy unidan 20 xil non, 40 dan ortiq non mahsulotlari va 50 xildan ko‘proq turli pishiriqlar tayyorlanadi.
Viloyat g‘allakorlari bu yil 94 ming 130 gektar suvli maydonda don yetishtirib, ulkan xirmon yaratdi. Suv tanqisligi va turli kasalliklarga qaramay, g‘allakorlarimiz tajriba va mehnatlari evaziga omborlarimiz donga to‘ldi. Qishloq xo‘jaligi xodimlari, fermerlar, suvchi-yu mexanizatorlarni elimiz rizq-ro‘zini yetishtirish, hosilni qisqa fursatda nest-nobud qilmasdan o‘rib-yig‘ib olishdagi jonbozligi va fidokorona mehnati evaziga 684 ming tonnadan ortiq xirmon bunyod etildi. Dunyoda oziq-ovqat, xususan, g‘alla taqchilligi kuzatilayotgan shu kunlarda bu yaxshi natija hisoblanadi.
Inson bir kunda o‘rtacha 300 grammdan 400 gramgacha non iste’mol qilishini hisobga olsak, 1 kilogramm g‘alla – 750 gramm un bir kunda ikki kishining nonga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi.
- Ko‘p yillardan buyon mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini isloh qilish, sohaga zamonaviy yondashuvga davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda, - deydi viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi boshlig‘i Sodiqjon Hakimov. - Buning natijasida butun respublika bo‘ylab avvaliga fermerlik harakati, keyinchalik klaster tizimi yuzaga keldi. Odamlarda qilayotgan mehnatidan manfaat topish, o‘z yeriga egalik qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish tuyg‘ulari paydo bo‘ldi. Yillar davomida bozor talabidan kelib chiqib, ekin ekish, yangi navlarni joylashtirish, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyati yaratildi. Asosiysi, dehqon mehnatidan manfaatdorligi ortdi. G‘allachilikda amalga oshirilgan sa’y-harakatlar evaziga viloyatimizda ham aholining donga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq o‘z imkoniyatlarimiz hisobidan qondirishga erishildi.
1 gektar sug‘oriladigan maydonga 250 kilogramm g‘alla urug‘i ekiladi. Barcha agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli bajarilsa, bu urug‘lik 6 tonnadan ortiq donga aylanadi.
30 yilda hosildorlik qariyb 4,5 barobarga o‘sdi
Solishtiradigan bo‘lsak, 1990 yilda viloyat bo‘yicha sug‘oriladigan maydonlardan 155,5 ming tonna don olinib, hosildorlik 23,5 sentnerni, 2000 yilda 380,6 ming tonna va hosildorlik 38,8 sentnerni, 2013 yilda 701,4 ming tonna va hosildorlik 45 sentnerni, 2018 yilda esa 570 ming tonna va hosildorlik 52,3 sentnerni tashkil qilgan. Yoki g‘allachilikdagi o‘sish 1990 yilga nisbatan 4,4 barobarga, 2000 yilga nisbatan 1,8 barobarga oshdi. Joriy yilda suvli maydonlardagi o‘rtacha hosildorlik 71,8 sentnerni tashkil etib, 1990 yilga nisbatan 47,9 sentner, 2000 yilga nisbatan 32,6 sentner o‘sishga erishildi. E’tiborli tomoni, g‘alla yetishtirgan 4650 fermer xo‘jaligida lalmi maydonlarni hisobga olmasak, 50 sentnerdan past hosildorlik kuzatilmadi. Jumladan, 1766 xo‘jalik 50-60 sentner, 1713 xo‘jalik 60-70 sentner, 1002 xo‘jalik 70-80 sentner va qariyb 5 ming gektar maydonda g‘alla parvarishlagan 106 xo‘jalikda hosildorlik gektariga 80-90 sentnerdan ortdi.
1 ta non tarkibida organizm ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan 800-1000 k/kal. energetik quvvat, 25-35 gramm oqsil va 150-200 gramm uglevodlar bor.
- Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 noyabrdagi “Boshoqli don yetishtirishni yanada rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan 2019 yil hosilidan boshlab g‘allakor fermerlar yetishtirgan boshoqli don hosildorligiga qarab, davlat xaridi uchun yetkazib berilgan g‘alla xarid narxiga 25 foizgacha ustama yoki chegirma qo‘llanildi, - deydi viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Tohir Duvlanov. - Mazkur qaror ham fermerlar manfaatdorligini oshirishdagi navbatdagi qadam bo‘ldi. Sohadagi islohotlardan yana biri boshoqli don yetishtirish va o‘rib-yig‘ib olish bilan bog‘liq agrotexnika yumushlarining o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi, moliyaviy va moddiy-texnika resurslarining to‘liq yetkazib berilishi, yakuniy hisob-kitoblar sentyabrgacha to‘liq amalga oshirilishidir.
Bir boshoq don bir burda non
16-18 sotix sug‘oriladigan yerda 1 tonna bug‘doy yetishtiriladi. 1 tonna bug‘doydan 750 kilogramm un olinadi. 750 kilogramm un 1662 ta qolipli non, 1500 ta obinon bo‘ladi.
Qishloq xo‘jalik korxonalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun lizing asosida sotib olinayotgan texnikalar boshlang‘ich narxining 15 foizini to‘lab, qolgan 85 foizini 10 yil davomida qaytarish bo‘yicha imtiyozlar berildi. Natijada o‘tgan yillarda 70 dan ortiq yuqori unumli kombayn olindi. Buning hisobiga g‘alla o‘rimini qisqa fursatda o‘tkazish ta’minlanmoqda.
G‘alla yetishtirishda moliyaviy sohaning tizimli yo‘lga qo‘yilishi, ya’ni qishloq xo‘jaligining mavsumiyligi hisobga olingan holda 6 mingdan ortiq fermer xo‘jaligiga kam foizli imtiyozli kreditlar ajratilishi o‘z samarasini berdi. Birgina joriy yilda g‘allachilik uchun 364,5 milliard so‘m imtiyozli bank krediti ajratildi. Ajratilgan 264,5 milliard so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘lari to‘liq so‘ndirildi. Shuningdek, shartnomadan ortiqcha yetishtirilgan 3,9 ming tonna don fermer xo‘jaliklarining o‘z ixtiyorida qolishi xo‘jaliklar moddiy texnik bazasini mustahkamlash uchun keng imkoniyat yaratdi. Natijada joriy yilda jami 1 trillion 905 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, 2 trillion 375 milliard so‘m daromad olinmoqda, rentabellik 24,7 foizni va sof foyda 470 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Viloyat bo‘yicha davlatga tovar don sotish shartnomaviy rejasi kutilganidan ortig‘i bilan bajarildi. Yana fermer xo‘jaliklari ixtiyorida 400,7 ming tonnadan ortiq g‘alla qoldi.
O‘ktam Xudoyberdiyev.