Dehqonchilik - kasblarning eng afzali, tomorqangizda mahsulot yetishtiring, daromad va savob oling

Ziroatchilik bilan shug‘ullanish dinimizda ulug‘ amallardan hisoblanadi. Chunki, dehqonlardan hamma manfaat oladi. Alloh taolo ularni hamma jonzotning rizqiga sababchi qilib qo‘ygan. Shuning uchun ham Islom ulamolari nuqtai nazarida dehqonchilik kasblarning ichidagi eng afzal kasb hisoblanadi.

Qiyomat qoyim bo‘lib, jannatilar jannat eshiklari oldida to‘planib, «Kim birinchi kiradi?», deyilganda «Dehqonlar», deb aytilar ekan.

Hadisi shariflarda dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullangan odamlarga ko‘plab savob va ajrlar borligi aytilgan. Jumladan, Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

«Qaysi bir musulmon biror ekin eksa-yu undan yeyilgani, albatta, uning uchun sadaqa bo‘ladi. O‘g‘irlangani ham uning uchun sadaqa bo‘ladi. Yirtqichlari yegani ham uning uchun sadaqa bo‘ladi. Qushlar yegani ham uning uchun sadaqadir. O‘sha ekindan birortasi manfaat olsa, albatta, uning uchun sadaqadir».

Boshqa bir rivoyatda:

«Musulmon kishi bir ekin eksa-yu o‘shandan insonmi, jonivormi, qushmi, yesa, albatta, qiyomat kunigacha uning uchun sadaqa bo‘ladi», deyilgan.

Dehqonchilik sahobalar orasida ham mashhur bo‘lgan. Ularning bir qanchalari dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Masalan, islom tarixida eng ko‘p hadis rivoyat qilgan sahoba Abu Hurayra, mohir mergan Sa’d ibn Abu Vaqqos va boshqa sahobalar dehqonchilika ham usta bo‘lganlar, mo‘l hosil olish yo‘lini yaxshi bilganlar.

Har bir kishi o‘z mehnati bilan kasb qilib, rizq-ro‘z talab qilishi katta fazilat hisoblanadi. «Hech kim, hech qachon o‘z qo‘li (mehnati) bilan topgan taomidan yaxshiroq taom yegan emas» (Miqdom roziyallohu anhudan Imom Buxoriy rivoyati) deya Payg‘ambar alayhissalom peshona teri bilan topilgan mol-mulk eng afzal rizqlardan ekanligiga ishora qilganlar. Shuning uchun ham ayni bahor fasli kirib kelishi bilan yerdan unumli foydalangan holda unga turli ekinlar ekish, ulardan hosil olib, o‘zimiz va boshqalarning rizqli bo‘lishiga harakat qilishimiz bandalik burchimizdir. Zero, Alloh taolo yerni insoniyat uchun buysundirib, unda tirikchilik, dehqonchilik, bog‘dorchilik va boshqa kasbu kor uchun vosita qilib bergan.

Afsuski, mana shunday imkoniyatlardan istifoda qilmayotgan kishilarimiz ham  bor. Axir, o‘z tomorqalarida dehqonchilik qilsalar, ham halol rizq, ham o‘zlariga sadaqa savobiga ega bo‘lishadi-ku. Bizning zaminimiz, serunum, hosildor. Unga nima qadalsa, albatta unib, o‘z hosilini beradi.

Qadimda bir maddoh bo‘lgan ekan. O‘zining maza-bemaza qofiyalari bilan barchaning joniga tegibdi. Atrofidagilarning betakallufligidan norozi bo‘lgan maddoh bir hafta mobaynida podshohga atab qirq bayt madh bitibdi. Alqissa, podshoh huzuriga kirgan maddoh o‘z madhini o‘qiy boshlabdi. U o‘qigan sayin podshohning yuzi tundlashib boraveribdi. «Ash’or»i yarimlamay turib podshoh mulozimlariga «Shoirning har bir misrasi uchun bir darradan urilsin. Tumanidan to‘rt tanob yer ajratilib, bundan buyoniga dehqonchilik bilan shug‘ullansin. Yonidagi dehqonlardan kam hosil olsa, zindonband qilinsin», deya amr etibdi.

Jazodan qo‘rqqan maddoh bor mehrini berib, mehnat qilibdi. Natijada mo‘l hosilga ega bo‘lib, dastlabki hosilidan saroyga olib kelibdi. Uning mehnati samarasini ko‘rgan podshoh qirq tillo bilan siylab, «Rahmat sizga, bobodehqon!» deya tasannolar aytgan ekan.

Qissadan xulosa chiqarish o‘zimizga bog‘liq.

Zero, mehnat insonni ulug‘laydi, rizqning keng bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Agar ana shu mehnat yerga singdirilsa nafi bir necha karra bo‘lishi shubhasizdir, inshaalloh.

Zayniddin Eshonqulov, Samarqand viloyati bosh imom-xatibi.