Dehqonchilikni bilganga yer beriladi

Prezidentimizning 2020 yil 1 mayda “Koronavirus pandemiyasi davrida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi.

Ushbu qaror asosida viloyatda qishloq xo‘jaligi resurslari va imkoniyatlardan to‘liq foydalanish, oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishni ikki barobarga ko‘paytirish, yuqori hosil olish, sohada yangi ish o‘rinlarini yaratish va manfaatdorlikni oshirish borasida zamonaviy yondashuvni joriy etish maqsadida viloyat hokimining qarori e’lon qilindi.

Endilikda viloyatda foydalanishdan chiqarilgan va yer osti suvlari zaxirasi mavjud bo‘lgan 32 ming gektardan ortiq yer maydoni qayta o‘zlashtiriladi. Tumanlar hokimliklari quduq qazish, sug‘orish tarmoqlarini tiklash orqali maydonlarni suv bilan ta’minlash, elektr energiyasini tortish, suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatuvchi pudratchi tashkilotlarni tanlov asosida aniqlaydi. Foydalanishga kiritilgan yer maydonlari dehqonchilikni biladigan, kam ta’minlangan oilalarga 1 gektargacha dehqon xo‘jaligini yuritishi uchun, 5 gektargacha yer maydonini ijaraga berish yoki tajriba-sinov tariqasida tadbirkorlarga barcha xarajatlarni oldindan to‘lash sharti bilan 10 yilgacha ijara huquqini elektron auksion orqali sotiladi. Ijaraga olingan yer maydonlarida yengil konstruksiyali dala shiyponlari qurish mumkin bo‘ladi. Foydalanishga kiritilgan yerlarning yaxlitligi, bir mahsulotga ixtisoslashishi, meva-sabzavotchilik klasterlari va kooperatsiyalar orqali urug‘lik, ko‘chatlar yetkazish, mahsulotni realizatsiya qilishda ko‘maklashiladi.

Shuningdek, ishlab chiqilgan “yo‘l xaritasi”ga asosan lalmi yerlarni o‘zlashtirib, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etgan holda yil yakunigacha har bir viloyatda 6 ming bosh naslli qoramol tayyorlash choralari ko‘riladi. Intensiv usulni joriy qilgan holda baliq ishlab chiqarish hajmini 15 ming tonnagacha yetkaziladi, har bir hududda bitta tuman baliqchilikka ixtisoslashadi. Har bir mahallada nooziq-ovqat mahsulotlarining ko‘chma savdosi, meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 5 ta tumanda maxsus o‘g‘it sotish do‘konlari tashkil etiladi.