Deputat o‘z okrugiga tashrif buyurishi… to‘g‘rimi?

Yo‘q, albatta! Nega, deyishga shoshilmang! Xulosalarni kuting!

Gapning indallosini aytganda, okrug deputatning uyi hisoblanadi. U shu uyda yashovchilarning ko‘pchilik ovozi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yoxud mahalliy kengashlarga besh yil muddatga vakil qilib yuborilgan. Okrug hududida doimiy istiqomat qiluvchilar deputatni chaqirib olish huquqiga egaligini ham unutmaslik darkor.

«Ishdan keyin uyimga tashrif buyurib, oila a’zolarimning faoliyati bilan atroflicha tanishdim», deyish qanchalik erish tuyulsa, deputatlarning o‘z okrugiga «tashrif buyurishi» shunchalik o‘rinsizdir. Ayni yondashuvni vazirlar va respublika idoralari rahbarlariga nisbatan ham tatbiq etish foydadan xoli bo‘lmaydi. Boisi, ular ham o‘zi javobgar tizim tashkilotlariga «tashrif buyurishi» ommaviy axborot vositalari orqali tez-tez kuzatilmoqda.

Buni avvaliga xabar tayyorlayotgan muxbirlar yoki matbuot kotiblarining so‘zlarni qo‘llashdagi saviyasizligiga yo‘ygandim. Lekin deputat va vazirlar teleekranlarda bemalol shunday gapirayotganini eshitganimdan keyin dastlabki manba mutasaddilarning o‘zlari ekaniga amin bo‘ldim.

Xo‘sh, kimlar tashrif buyurishi mumkin? Davlat va hukumat rahbarlari, parlament spikerlari, parlament va hukumat delegatsiyalari… Deputat va vazirlar rasmiy delegatsiyalar tarkibida biror joyga borsa, tashrif desa yarashadi. Tashrif buyuruvchilarga alohida mehmonxonalar, sara oziq-ovqatlar, transport vositalari hozirlanadi. Xavfsizlikni ta’minlovchi muassasalar mutaxassislari jalb etiladi. Kutib olish va kuzatib qo‘yish tartiblari bo‘ladi.

Deputat kutib oluvchilar tomonidan to‘lanadigan besh yulduzli mehmonxonalarda turish, tansiq taomlar tanovul qilish, qimmatbaho avtomobillarda yurish uchun bormaydi-ku, axir. Deputat – okrugdagi muammolarni chuqur o‘rganuvchi, shu yerda yashovchilarning xohish-istaklariga, quvonch-tashvishlariga quloq soluvchi va ularning yechimi yuzasidan ijroiya organlariga aniq taklif kirituvchi vakolatli vakildir. Vaholanki, shunday mas’uliyatli vazifalar yuklangan inson «Oyda bir marta okrugga tashrif buyurib kelyapmiz» desa, uni «nigoh generali»ga o‘xshatishdan o‘zga chora qolmaydi. Ba’zi blogerlarning fikricha, ko‘pchilik deputatlar azaldan shu ta’rifga munosib bo‘lib kelgan.

Xullas, «poyezdka» bilan «vizit»ning farqiga bormaslik ushbu atamalarni bilib-bilmay chalkashtirish – deputatni saylangan elektoratda, vazirga umid ko‘zini tikkan odamlarda «Ha-a, bular byudjet hisobidan tashrif buyurib yuraverarkan-da», degan noto‘g‘ri tushunchalar shakllanishiga sabab bo‘lyapti.

Ozodjon RAJABOV,

«XXI asr» muxbiri.