Deputat tashabbusi bilan Navro‘ztepa aholisi ichimlik suvi bilan ta’minlandi
Xalq deputatlari Jomboy tumani Kengashi deputati Ilyos Safarovning aholi bilan uchrashuvida Navro‘ztepa qishlog‘ida o‘tgan asrning 60-yillarida qurilgan suv inshooti aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun quvvati yetmasligi bildirilgan. Oqibatda 40 xonadonda ichimlik suvi yo‘qligi ma’lum bo‘lgan.
Murojaat asosida deputat tuman suv ta’minoti korxonasiga deputatlik so‘rovi kiritdi.
- Qishlog‘imizda ichimlik suvi bir necha yillardan buyon muammo bo‘lganligi uchun qancha tashkilotlarga murojaat qildik, - deydi G‘azira mahalla fuqarolar yig‘ini raisi G‘ulom Hamroyev. - Hammasida bir xil javob: “dasturga kiritamiz, kuting”. Saylov jarayonida saylovoldi targ‘iboti bilan kelgan nomzodlarga suvni hal qilib bera olasizmi, degan savol qo‘ydik. Ilyos Safarov bu muammoni hal qilishga kirishishini aytdi. Shu bois biz “Adolat” partiyasiga, partiyadan ko‘rsatilgan nomzod Ilyos Safarovga ishonib ovoz bergandik, bugun bildikki, adashmabmiz.
Bugun deputatdan 174 xonadondan iborat Navro‘ztepa qishlog‘i ahli minnatdor.
- Deputat katta xayrli ishni amalga oshirdi, - deydi mahallada yashovchi Nurgul Nematova. - Eshik oldiga chiqsak suv, xotin-qizlarning quvonchi cheksiz. Biz bu kunlarni ozmuncha kutdikmi?
“Adolat” SDP Samarqand viloyat kengashi matbuot xizmati.