Deputatlar katta ishlarga qodir...mi?
Odatda, xalq noiblari sanaluvchi kishilar, ya’ni deputatlar haqida gap ketganda ko‘pchilikning ensasi qotishi bor gap. Ko‘pchilik ular jamiyat hayotida hech qanday o‘ringa ega emas, deb hisoblaydi.
Xo‘sh, bunga ularning o‘zi nima deb javob beradi? Asosan ijro hokimiyatini nazorat qiluvchi deputatlar zimmasidagi vazifalarni qay darajada uddalamoqda? Ular kattaroq ishlarga qodirmi?
Shu kabi savollarga javob olish maqsadida xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati mudiri Sherali Yo‘ldoshev bilan suhbatlashdik.
- Avvalo, aytib o‘tish lozim, xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlar kotibiyati bu yangi tizim, - deydi Sh.Yo‘ldoshev. - Ya’ni, joriy yil avvalida Kengashlar ishini muvofiqlashtirish, deputatlarga har tomonlama ko‘mak berish uchun barcha shahar va tumanlarda kotibiyatlar tashkil qilindi.
Tabiiyki, kotibiyat mudirlari va ularning mutaxassislarining ko‘nikma va bilim olishlariga zarurat tug‘ildi. Shu bois, viloyatimizda joriy yilning 28-29 aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining videokonferensaloqa shaklida o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Shu bilan birga viloyat, shahar va tumanlar xalq deputatlari uchun Kengash ishini tashkil etish, deputatlik so‘rovi yuborish, deputat daxlsizligi va boshqalar bo‘yicha nashr qilingan kitob barcha deputatlarga xizmatda foydalanish uchun bepul tarqatildi.
Qolaversa, 2021 yil 7-9 iyun kunlari Senat raisi T.Norboyeva raisligida mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligini oshirish, ular tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning qonuniyligini ta’minlash, doimiy komissiyalarning o‘rni va rolini kuchaytirish bo‘yicha onlayn uchrashuvlar tashkil etildi.
Masala shu bilan to‘xtab qolgani yo‘q. Mana yaqinda - 12 oktyabr kuni qonunchilikdagi yangiliklar va o‘zgarishlar bo‘yicha Oliy Majlis Senatining mudofa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalar raislari va kotibiyat mudirlari uchun o‘quv-seminar uyushtirildi.
- O‘zi umuman, mahalliy Kengashlarda kotibiyat tashkil etilgani qanday o‘zgarishlarga xizmat qildi?
- 2020 yil 23 iyul kuni xalq deputatlari viloyat Kengashining qarori bilan Kengash kotibiyati faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Kotibiyatga xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari orasidan 1 nafar kotibiyat mudiri hamda deputat bo‘lmagan 2 nafar bosh mutaxassis shtat birligi ajratildi.
Kotibiyat tashkil etilgach, viloyat Kengashining sessiyalari onlayn tarzda, ochiq o‘tkazila boshlandi. Natijada barcha hokim o‘rinbosarlari, prokuratura, adliya, ichki ishlar, ijtimoiy-iqtisodiy tizimdagi boshqa idoralar rahbarlarining Kengash oldida hisoboti jonli muloqotga aylandi. Ya’ni, oldingidek, “qo‘l ko‘tarib” tasdiqlash amaliyotiga barham berildi.
Deputatlik so‘rovlari, sessiyalarda qabul qilingan qarorlar ijrosi har hafta tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan choralar ko‘rilmoqda. Natijada ijro organi rahbarlari ham Kengash oldida hisobdor ekanliklarini his qila boshladi.
Umuman, mahalliy Kengashlardagi kotibiyatlar deputatlar faoliyati bilan shug‘ullanuvchi, ularga tashkiliy va texnikaviy, uslubiy jihatdan ko‘maklashadigan tizim bo‘ldi.
- Joriy yilga mo‘ljallangan davlat dasturida mahalla raisiga ko‘rilishi majburiy bo‘lgan masalalarni Kengashga kiritish huquqini berish ham belgilangandi. Bizningcha, bu ish nima uchundir ortga surib kelinyapti. Vaholanki, masala deputatlar e’tiboridan chetda qolishi mumkin emas. Shundaymasmi?
- Ochig‘ini aytish lozim, ayrim mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari mahalliy ijro hokimiyati izmidan chiqib, mustaqil tashabbus ko‘rsatmayotganligining guvohi bo‘lib turibmiz. To‘g‘ri, bunga ularning huquqiy savodxonligi hamda o‘z faoliyati doirasida yetarlicha ko‘nikma, tushunchaga ega emasligi ham sabab bo‘lyapti. Shundan kelib chiqib, mahalla faollarining malakasini oshirishda huquqiy bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratish yuzasidan tegishli idoralarga tavsiyalar berilgan. Va bu masala ijrosi nazoratga olinadi.
Davlat dasturidagi masala ijrosiga kelsak bu borada alohida normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishi kerak. Hujjat bo‘yicha biz faqat taklif kiritish vakolatiga egamiz.
Shu o‘rinda aytib o‘tish lozim, davlat dasturining viloyatda amalga oshiriladigan har bir bandi ijrosi bo‘yicha viloyat Kengashi sessiyalarida har oyda bir marta tegishli boshqarma va tashkilotlarining hisobotlari eshitib borilmoqda.
- Dasturda transchegaraviy hamkorlikda mahalliy vakillik organlarining rolini kengaytirish borasida ham alohida band mavjud. Bugungi deputatlar korpusi bunday katta ishonchni oqlay oladimi?
- Bu borada Oliy Majlis Senati Kengashining 2021 yil 28 apreldagi “Transchegaraviy hamkorlikda mahalliy vakillik organlarining rolini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari Toshkent shahar, viloyat Kengashlariga transchegaraviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida bir qator tavsiyalar berilgan.
Oddiy aytganda, bu borada qaysi vaziyatda qanday yo‘l tutishgacha ko‘rsatib o‘tilgan. Demakki, amalda bu tavsiyalardan to‘g‘ri foydalanish, qayd qilingan huquqiy asoslarni amalda qo‘llash qolyapti.
Yuqorida aytganimday, deputatlarimiz kechagi deputatlar emas. Bugun ular har qanday uchrashuv va muzokorlarga yoki katta jamiyat hayotidagi muhim masalalarda “labbay” deb javob bera oladi. Shu ma’noda, siz aytgan masalada ham deputatlarimizning bilimi, salohiyati yetadi, deb o‘ylayman. To‘g‘ri hali bu borada qiladigan ishlarimiz, belgilab olinadigan chora-tadbirlar ko‘p. Zotan, bu soha nafaqat deputatlar korpusi, aksariyat boshqaruv idoralari rahbarlari uchun ham yangi tushuncha, mutlaqo qo‘llanilmagan amaliyot.
- Dasturda belgilangan hududlarda tashqi qarz hamda davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha jamoatchilik nazoratini takomillashtirish borasidagi vazifa ham deyarli ijro etilmayapti. Bu haqda nima deya olasiz?
- Dasturdagi qaysidir band mutlaqo ijro etilmayapti va bu holga deputatlar ko‘z yummoqda, degan fikrga qo‘shilmayman. Bu firkni tashqi qarz borasidagi vazifalar haqida ham aytish mumkin.
Negaki, 46-sessiyada davlatimiz rahbarining 2020 yil 6 oktyabrdagi “Davlat qarzi hisobiga amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining natijadorligini ta’minlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarning viloyatdagi ijrosi ko‘rib chiqildi. Masala yuzasidan viloyat hokimining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Oybek Xodjayevning hisoboti tinglandi.
Ma’lumot uchun aytishim mumkin, viloyatda xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokida energetika (5 ta), kommunal xo‘jaligi (4 ta), qishloq xo‘jaligi (1 ta), sog‘liqni saqlash (1 ta) hamda turizm (1 ta) sohalarida umumiy qiymati 470 million dollarga teng bo‘lgan loyihalar amalga oshirilishi belgilangan. Sessiya ishida har bir loyihaning bugungi kundagi holati batafsil muhokama qilindi.
Bir so‘z bilan aytganda, deputatlar vakolati doirasida nazorat qilinishi kerak bo‘lgan har bir masala yuzasidan mutasaddilarning hisobotini eshitib kelmoqda. Zaruratga qarab, joyiga chiqib o‘rganilyapti. Biror muammo yoki kamchilik aniqlangan hollarda tegishli taklif va tavsiyalar berilib, o‘z navbatida ularning ham ijrosi nazoratga olinmoqda.
Yoqubjon Marqayev suhbatlashdi.