Deputatlar tashabbusi munozaraga sabab bo‘ldi

Energiya — iqtisodiyot rivoji, sanoat va ishlab chiqarishning yuksalishi, umuman, taraqqiyot g‘ildiragi to‘xtovsiz aylanib turishida eng muhim omillardan biri hisoblanadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida energetika sohasida tizimli islohotlar yuritilayotgani, xususan, Energetika vazirligi tashkil etilgani ushbu tizimni bugungi davr talablari asosida rivojlantirish imkonini bermoqda.

Yaqinda “Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgani shu nuqtai nazardan e’tiborga molik ish bo‘ldi. 

Xo‘sh, mazkur qonun loyihasining ahamiyati, maqsad-muddaosi nima? U qanday yangiliklarni nazarda tutadi?

Ushbu qonun loyihasi yuzasidan 2019 yil 10 aprel kuni parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari a’zolari ishtirokida o‘tkazilgan muhokamada shu savollarga javob izlandi. 

Shuhrat Bafoyev, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi:

— Rivojlangan davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, ishlab chiqarishda ham, aholining maishiy hayotida ham energiya tejovchi texnologiyalarni qo‘llash tizimiga o‘tish eng samarali yo‘l hisoblanadi. Bu o‘rinda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda Energetika vazirligi tashkil etilgani sohadagi mavjud muammolarning o‘z yechimini topishida muhim qadam bo‘ldi. Chunonchi, energiya resurslarini tejash va energiya samaradorligini oshirish masalalari vazirlikning asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilangan.

Qonun loyihasi bilan energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tovarlar(ishlar, xizmatlar)ni sertifikatlash masalasi bo‘yicha alohida norma kiritilmoqda. Bu, fikrimcha, davlat tomonidan energiya resurslari iste’moli samaradorligini monitoring qilishning ta’sirchan tizimini yaratishga xizmat qiladi. Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni tartibga solishda va davlat-xususiy sherikchiligi asosida raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishda qo‘l keladi.

Joldasbay Abdujamilov, “Milliy tiklanish” DP fraksiyasi a’zosi:

— Loyiha orqali amaldagi qonunda mavjud bo‘lgan “qonun hujjatlariga muvofiq, boshqa vakolatlarni amalga oshiradi” degan havolaki norma Hukumatning vakolatlaridan chiqarib tashlanayotgani to‘g‘ri bo‘lgan. Shu bilan birga, loyiha bilan faqat Vazirlar Mahkamasining energiyadan oqilona foydalanish sohasida davlat siyosatini o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiruvchi organ sifatida kiritilishi masalasini qayta ko‘rib chiqish kerak, deb o‘ylayman. Chunki, bu sohada davlat siyosatini yuritishda boshqa davlat organlari ham o‘z vakolati doirasida faol qatnashishi maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.

Shuningdek, qonun loyihasida aks ettirilganidek, mamlakatimizda energiya samaradorligi past bo‘lgan mahsulotlarning ishlab chiqarilishi yoki ularning importi cheklanishi iqtisodiyotimizning yanada yuksalishiga yordam beradi. Umuman, ushbu jarayonlarning qonun bilan tartibga solinishi energiya tejovchi ilg‘or texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirib, muqobil energiya manbalarini rivojlantirishga ham ko‘maklashadi.

Shuhrat Tursunboyev, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

— Rostini aytganda, hududlarda aholi bilan bevosita muloqotlarimiz chog‘ida energiya masalasida odamlarni qiynayotgan muammolar oz emasligiga ko‘p bor guvoh bo‘lganmiz. Holbuki, 1997 yilda qabul qilingan amaldagi qonunda mahalliy davlat hokimiyati organlariga yetarlicha vakolatlar berilmagan, o‘tgan davr mobaynida unga o‘zgartirishlar ham kiritilmagan. Balki mazkur qonunni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazib, uni qonunosti hujjatlarisiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan qilib, yangi tahrirda qabul qilish vaqti kelgandir.

Loyiha bilan mahalliy davlat hokimiyati organlarining energiya sohasidagi vakolatlari kengaytirilayotgani sohada yagona davlat siyosatini yuritishda muammolarning tizimli yechilishiga huquqiy asos vazifasini o‘taydi. Bu O‘zXDP saylovoldi dasturiga ham hamohang bo‘lib, saylovchilarimiz ko‘tarayotgan, ayrim hududlarda nazoratsiz elektr energiyasidan foydalanish, o‘chirib qo‘yish holatlarini huquqiy tartibga solishda hamda shunga o‘xshash qator muammolarni hal etishga yordam beradi deb hisoblayman.

Umid Sulaymonov, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi:

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 28 dekabrdagi parlamentga Murojaatnomasida ijro hokimiyati tizimini optimallashtirish, ma’muriy islohotlarni davom ettirish va davlat boshqaruvida zamonaviy menejment usullarini keng qo‘llash bo‘yicha bir qator ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi. Shu bois, amaldagi qonunga 101-moddasi kiritilib, energiyadan oqilona foydalanish sohasida davlat siyosatini o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiruvchi organlar aniq belgilab qo‘yilmoqda. Soha rivoji uchun mas’ul va javobgar organlarning aniqlanishi ular ustidan nafaqat deputat yoki parlament nazoratini, balki jamoatchilik nazoratini ham to‘laqonli amalga oshirishga sharoit yaratadi, deb o‘ylayman.

Lekin mazkur normalarning qonunda o‘z aksini topishi bilan uning amaliyotda ishlash mexanizmlari o‘rtasida nomutanosiblik masalalarini ham o‘ylab ko‘rishimiz, qonunning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish mexanizmlarini kengaytirishimiz lozim. Shunda bu qonun loyihasi mamlakatimiz iqtisodiyoti, qolaversa, xalqimiz turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladigan hujjat bo‘ladi.

Farhod Quvvatov, Ekoharakat deputatlar guruhi a’zosi:

— Nazarimda, qonun loyihasida davlat nazorati organlarining vakolatlarini yanada kengroq ochish kerak edi. Boisi, energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish vazifasi bu organlar zimmasiga yuklanmoqda. Hududlardagi o‘rganishlarimiz jarayonimizda biz bu borada talaygina muammolar mavjudligiga duch kelyapmiz. Bundan tashqari, bu modda davlat nazorati organi mas’uliyatini oshirib, ekologiya va atrof-muhitga salbiy ta’sir etuvchi omillarga va vositalarga chek qo‘yilishida muhim norma bo‘lishini ta’minlashimiz kerak.

Munozaralar chog‘ida deputatlar ushbu qonun loyihasini yanada maromiga yetkazish yuzasidan o‘z fikr-mulohaza hamda takliflarini bildirdilar. Umuman olganda, Qonunchilik palatasi deputatlari tashabbus bilan ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi mamlakatimizda kuchli energetika siyosatini yuritish, iqtisodiyotning o‘sish sur’atlarini ta’minlash, xalqimizning real daromadlarini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.