Deputatman, deyishga iymanaman...

Bu bitikni yozishga olti oydan kam tayyorlanmadim. Ammo odatdagidek, material to‘plash uchun emas. Qandaydir jarayonni ham kutganim yo‘q. Rosti, yozishga qo‘rqdim (hozir ham qo‘rqib turibman). Tan olish, iqror bo‘lish juda og‘ir.

Tuman kengashi deputatiman.

Keling, qisqacha shu haqda.

Tuman kengashida bo‘shab qolgan o‘ringa nomzodimni taklif etishdi. Aniqrog‘i, saylovning bir hafta nari-berisida. Ruhiy tayyor emasdim, deputatning vakolati, majburiyatini bilishga, his etishgayam ulgurmadim. Shunchalik tez deputatga aylandimki, anglamay qoldim. Meni kim sayladi, nega sayladi, hozirgacha tushunmayman.

O‘ylaymanki, tumandagi bir tashkilot rahbari ekanim, gazetada muharrirligim deputat bo‘lishga loyiqligimni bildirmaydi. Bunday bo‘lmasligi kerak. Odamning lavozimi saylovlarda rol o‘ynashi tarafdori emasman.

Masalan, mansabdorga deputatlik nega kerak? U o‘z ishini qilsin, risoladagidek odamlar bilan muomalada bo‘lsin. Tizim va ostonasiga kelganlarga xiyonat qilmasin, tamom. Shuning o‘zi rahmatga munosib. Qaysidir tashkilot boshlig‘imi yoki dong‘i ketgan tadbirkormi, bo‘ldi, u albatta deputat etib saylanishiga o‘rganib qolganmiz.

Qizig‘i, o‘sha mashhurlardan saylanganlar orasida sessiyaning “s” harfini tushunmaydiganlari bor. Chunki, aksariyati bunday yig‘ilishlarda qatnashmaydi, qatnashsayam ensasi qotib o‘tiradi. Quruqqa qo‘l ko‘taradi, “tasdiqlaydi”.

Savol tug‘iladi, u xalqning dardini biladimi? Qiziqmi unga boshqalarning muammosi? Yo‘q!

Rosti, dastlabki sessiyalarda qatnashganimda kun tartibiga qo‘yilgan masalalarni o‘qib, bu qarorlarni deputatlar tasdiqlashini anglaganimda, suyunganman. Bunday olib qaraganda, tumanga, viloyatga oid qarorlarni kengash deputatlari hal qilyaptimi (buni hamma ham anglashi, anglamasligi bu boshqa masala), qog‘ozda u rostdan ham xalq vakili-da!

Ammo tushundimki, ba’zan “ovozga qo‘yaman” degan kalomga “qarshiman”, “e’tirozim bor” deyolmay qolarkansiz. Chunki yoningizda ko‘tarilgan “30 ta qo‘l” bunga yo‘l qo‘ymaydi. Ularga qo‘shilib oqqaningizni bilmay qolasiz. Savol bersangiz, ensaqotishlar, zardali nigohlar ta’qibida qolasiz. Chunki boshqalarning vaqtini olayotgan bo‘lasiz (!). Sessiyaning tezroq tugashini kutayotgan ayrim safdoshlaringizga yoqmaysiz. Buning oshkora va yashirin belgilari sizga o‘sha zahoti ma’lum bo‘ladi.

Qanchalik dahshat-a! Deputat sessiyaning tugashini, anglanmagan masalaning tezroq yopilishini kutsa! Shundan keyin ham deputat bo‘lishga havas qoladi, deysizmi?

Ochig‘i, biror o‘zim tushunmagan, ishonmagan masalani tasdiqlash so‘ralganda, ichimdan qirindi o‘tadi. Ba’zan qo‘l ko‘tarmay qo‘yaman. Buyam aslida vijdonni ovutib qo‘yish uchun. Harqalay, olqishlamadimku, deb o‘zimni yupatish uchun.

Sessiyalarda o‘nlab masalalarning ikki-uch soatda ko‘rilishi bu alohida mavzu.

Huquq tartibot organlari rahbarlarining hisob bermaydigan quruq hisoboti, axboroti ham “yopiq mavzu” bo‘lmasligi kerak, albatta.

Ijtimoiy tarmoqlarda eng quruq, tekinxo‘r, ikkiyuzlamachi toifa haqida gap ketsa, deputatlarni ham tilga oladigan bo‘lishdi.

Yaqinda o‘zim saylangan hududdan bir amaki yuzimga qarab, “Siz deputatimiz ekanligingizni endi bildim. Tez-tez kelib tursangiz bo‘lmaydimi?”, dedi. Qaniydi, shunday paytda yer yorilsa, kirib ketsangiz. Yaxshiyam, shu atrofdagi tanishimiz “Bu kishi gazeta muharriri. Bularning ishi ham deputatning vakolatlariga yaqin turadi. Bitta bizning hudud emas, tumanning muammolarini ko‘tarib chiqishyapti-ku”, dedi. Meni tanimagan “saylovchim” bu javobga qoniqdimi, yo‘qmi, bu menga qorong‘i. Ammo o‘zimdan o‘zim qoniqmadim, qoniqmayapman.

Savollar uyulib keladi. Xo‘sh, deputat bo‘lib nima qildim? Qarg‘a “qag‘” etganda chiqaradigan deputatlik so‘rovim kimga kerak? Bu bilan nima o‘zgaryapti? Jurnalist sifatida biz ko‘targan muammolarga kelgani kabi quruq javob xatlar odamlarga non-osh beradimi? Yashashini yaxshilaydimi? Saylangan hududimda yilda to‘rt marta qandaydir yig‘ilishda qatnashib, o‘zimcha odamlarni eshitgan bo‘lib, ayrim holatda ijtimoiy o‘rganishlarda ishtirok etishim meni deputat qilib qo‘yadimi? Mahallada qancha odamni taniyman? Qancha odam meni taniydi? Afsuski, o‘zimga beradigan savollarim tobora og‘irlashib boraveradi...

Nima qilmoq kerak? Bu tizim o‘zgarishi lozim. Avvalo, bo‘lajak deputatdan “Sen shuni xohlaysanmi? Bu ishni eplashga ko‘zing yetadimi? Sohaga oid qonunlardan qanchalik xabardorsan?” deb so‘rash kerak. Deputat xalqning o‘zidan chiqsin. Tom ma’noda odamlarning vakili bo‘lsin. Lavozim, amal talab qilish shart emas. (Yozilmagan, ammo qattiq ishlaydigan qoidalarni nazarda tutyapman). U qonun bilan ishlasin. Uning so‘roviga javob bermaydigan, bepisand, masalaga yuzaki qaraydigan, “gapni aylantiradigan” tashkilot rahbarining javobgarligi kuchaytirilsin. Yaxshi ma’noda deputatdan hayiqishni o‘rganaylik. U xalqning ko‘zgusiga aylansin. (Deputat oylik olsin, rag‘batlantirilsin). Nega “rag‘bat” deyapman? Ayrimlar deputat bu rutba ortidan boylik orttiryapti yoki moliyaviy ta’minoti zo‘r bo‘lsa kerak, deb o‘ylaydi. Amalda ularning aksarida eshak aravayam yo‘q.

O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov “E’tiqodimni nega o‘zgartirdim?” deb yozganida, unga oson bo‘lmaganini tushunyapman. Lev Tolstoy “Iqrornoma”sini bitayotganda, o‘zi bilan ayovsiz olishganini anglaganday bo‘lyapman. Iqror bo‘lishdan og‘iri yo‘q. Bu jarayonga osonlikcha kelib bo‘lmas ekan. Og‘ir uyatni his etarkan, kishi.

Ammo o‘zingdan uyalishni bas qilish uchun ham odamga iqror kerak.

Xullas, deputatman deyishga iymanaman!

Isomiddin PO‘LATOV,

“Jomboy tongi” gazetasi muharriri.