“Dinamo” tarkibi kuchaytirilmoqda. Jamoaga 5 nafar legioner o‘yinchi olib kelingan
Pro liganing 2023 yilgi mavsumiga qur’a tashlandi. Unga ko‘ra, joriy mavsumda 11 ta klub g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
Liga rejasiga ko‘ra, yangi mavsum 15 mart kuni start oladi. Klublar 28 fevralga qadar futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyatiga ega.
Xo‘sh, “Dinamo”ning dastlabki raqibi kim, jamoa tarkibida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi, futbolchilar mavsumga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda?
- O‘tgan mavsum jamoamiz asosiy tarkibida to‘p surgan 10 nafardan ziyod futbolchi bilan xayrlashdik, - deydi “Dinamo” professional futbol klubi direktori Uchqun Qobilov. - Faqat asosiy tarkibda o‘ynagan Elguja Grigalashvili (legioner), Erkin Boydullayev, yosh hujumchi Akmal Kozimov, darvozabon Farhod Rahmatov va yana bir nechta futbolchilar jamoada olib qolindi.
Shuningdek, legioner futbolchilar - ganalik hujumchi Kojo Joyel, yana ikki nafar ganalik hujumkor yarimhimoyachilar - Fransis Narx va Mensah Derrik, rossiyalik markaziy himoyachi Yevgeniy Nazarov, yaponiyalik futbolchi Koike Yudai hamda klublardan Ravshan Yagudin, Salim Mustafoyev, Bahodir Nasimov, Komil Sharofiddinov, Xurshid Ubaydullayev singari futbolchilar bilan ham bir yillik shartnoma tuzildi.
Jamoamiz klub bosh murabbiyi Vadim Abramov qo‘l ostida o‘tgan yilning 20 dekabridan joriy yilning yanvarigacha va 5 yanvardan hozirga qadar Toshkentda 2023 yilgi yangi mavsumga tayyorgarlik jarayonini o‘tkazmoqda. Futbolchilarimiz yig‘in doirasida shu kunga qadar o‘tkazilgan 11 ta nazorat va o‘rtoqlik uchrashuvlarining beshtasida g‘alaba qozondi, to‘rttasida durang qayd etib, ikkitasida mag‘lub bo‘ldi.
Pro liganing dastlabki tur o‘yinlari taqvimi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, “Dinamo” 16 mart kuni Muborakda “Mash’al”ga qarshi o‘yin o‘tkazadi. Ungacha jamoa Toshkentdagi yig‘in doirasida tayyorgarlikni davom ettirib, nazorat uchrashuvlarini o‘tkazadi hamda futbolchilar jamoaning asosiy va zaxira tarkibiga saralab olinadi.
Darvoqe, Samarqand shahri sharafini himoya qiluvchi "Yunired" klubi ham yanvar oyidan buyon Pro liga bahslariga tayyorgarlik ko‘rmoqda. To‘liq nomlanishi “United Red Bridge” bo‘lgan ushbu jamoa xususiy klub sanaladi. Laziz Rahmatov va slovakiyalik investorlar rahbarligidagi jamoaning asosiy maqsadi mahalliy yoshlardan iborat kurashuvchan va raqobatbardosh klub yaratish.
Alisher Latipov murabbiyligi qo‘l ostidagi klub yangi mavsumni "Dinamo" stadionida o‘tkazadi. Jamoa safiga turli klublardan o‘yinchilar sinovdan o‘tkazilishi davom etmoqda. “Yunired” tayyorgarlik jarayonini Samarqandda o‘tkazmoqda.
Ma’lumot uchun, “Dinamo” 2-tur uchrashuvini 23 mart kuni Samarqandda “Yunired”ga qarshi o‘tkazadi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.