Dizayner o‘limi yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi

Kecha taniqli dizayner Nariman Grigoryan o‘ldirib ketilganligi haqida xabar bergan edik.

Nariman Grigoryan jasadi ijarada turgan uyidan qotillik alomatlari bilan topilgan, deb xabar berdi Bosh prokuratura jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinov.

Ma’lum bo‘lishicha, 2020 yil 14 yanvar kuni soat 11:50 larda Yashnobod tumani IIO FMB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, Yashnobod tumanida joylashgan xonadonning mehmonxonasidan, ushbu xonadonda ijarada istiqomat qilib kelgan 1985 yilda tug‘ilgan A.N. (Nariman Grigoryan)ning murdasi qotillik alomatlari bilan topilgan.

Mazkur holat yuzasidan shu kuni Yashnobod tumani prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyat ishi Toshkent shahar prokuraturasi ish yurituviga olinib, malakali tergovchilaridan iborat tezkor-tergov guruhi tuzilib, jinoyatni fosh etish choralari ko‘rilmoqda.

Natijasi haqida qo‘shimcha axborot beriladi.