«Dollar» qanday paydo bo‘lgan?

Zamonaviy dunyoda mashhur Amerika pul birligidan tortib, unchalik mashhur bo‘lmagan Avstraliya, Kanada yoki Singapur dollarlari uchraydi. Lekin nega bu nom shu qadar mashhur bo‘ldi?

Talerning tug‘ilishi

XVI asrda Chex Qirolligidagi kichik Ioaximstal (hozirgi Yaximov) shahrida boy kumush koni topilgan. O‘shanda hukmdor Stefan Shlik imkoniyatni boy bermasdan o‘zining «ioaxim staler» deb nomlangan tangalarini zarb qila boshladi.

Keyinchalik kumushning soflik darajasi yuqoriligi tufayli tezda mashhurlikka erishgan, talaffuz qilinishi qiyin nomlanish zamonaviy «dollar»ning asoschisi bo‘lgan oddiygina «taler»gacha qisqartirildi.

Tillar va mamlakatlar osha

Turli mamlakatlarda tarqalish bilan birga «taler» mahalliy tillar va an’analarga moslashib, o‘zgarib bordi. Shu tarzda «daler», «tolar», «talar» va nihoyat «dollar» paydo bo‘ldi.

Qizig‘i, «dollar» so‘zini birinchilardan bo‘lib XVI-XVII asrlarda dengiz va savdo bo‘yicha yetakchi davlat hisoblangan Britaniya imperiyasi ishlatib, oldindan uning kelajakdagi taqdirini belgilab qo‘ygan.

Amerika dollarining tug‘ilishi

Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘zining pul tizimini yaratgan davrda, milliy valyutani «dollar» deb nomlashga kelishib olindi. Kontinental Kongress bu haqda 1785 yilda e’lon qildi. Dastlab faqat kumush dollar tangalari zarb qilinib, 1861 yilda esa birinchi banknotalar chop etila boshlandi.

Sirli ramz

Qanday qilib ustida ikkita vertikal chizib qo‘yilgan «S» harfi dollarning ramziga aylandi - tarixchilar orasida bu munozaralar hali ham davom etmoqda. Ba’zilar ramzning kelib chiqishi ispan pesosining (Ps) o‘zgartirilgan qadimiy belgisi deb aytsa, boshqalari bu US (ya’ni, Amerika Qo‘shma Shtatlari)ning uslubga solingan harflariga ishora qilishadi.

Butun dunyo bo‘ylab tarqalgan dollar

Bugungi kunda «dollar» dunyoning o‘nlab mamlakatlari valyutalari nomlanishida qo‘llaniladi. Taniqli Amerika, Kanada va Avstraliya dollarlaridan tashqari, Gonkong, Tayvan, Yangi Zelandiya, Liberiya, Fiji yoki Bruney kabi davlatlarining ekzotik pullari ham dollar deb atalgan.

Ularning har biri o‘ziga xos tarix va xususiyatlarga ega bo‘lsa-da, barchasi o‘rta asrda dunyoga kelgan “taler”ning umumiy merosi bilan bog‘liq.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.