Dori-darmonlar olib kirish va olib chiqish tartibi haqida xabardormisiz?
Gap bojxona chegarasi orqali dori-darmon mahsulotlarini olib o‘tish tartibi, bunda nimalarga e’tibor qaratish zarurligi haqida bormoqda.
Amaldagi qonunchilikka asosan, jismoniy shaxslar olib kirayotgan dori vositalarini deklaratsiyalash og‘zaki tartibda bo‘ladi.
Dori vositalarini olib kirish va olib chiqish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 8 iyundagi “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish hamda olib chiqish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Jismoniy shaxslar biror hujjat taqdim etmagan holda shaxsiy foydalanish uchun quyidagi miqdordagi dorilarni olib kirishi yoki olib chiqishi mumkin:
- turli nomdagi 10 tagacha dori preparatlaridan iborat dori vositalari va ularning har biri uchun 5 o‘ramdan ortiq bo‘lmagan dori vositalari;
- 5 birlikdan ortiq bo‘lmagan tibbiy buyumlar.
Bunda bir o‘ramda:
- qattiq (tabletkalar, drajelar, granulalar, kukunlar, kapsulalar) dori shakllari uchun – 100 birlikdan ortiq bo‘lmagan;
- eritma tayyorlash uchun qo‘llaniladigan kukunlar uchun – 500 grammdan ortiq bo‘lmagan;
- granula shakldagi gomeopatik dori vositalari uchun – 50 grammdan ortiq emas;
- infuzion eritmalar va oral (og‘iz orqali) qo‘llaniladigan eritmalar uchun – 500 millilitrdan ortiq bo‘lmagan;
- in’yeksiyalar uchun eritmalar – 10 ampuladan yoki 10 flakondan ortiq emas;
- tashqi dorilar, ya’ni surtma gellar, mazlar – 200 millilitrdan yoki 200 grammdan ortiq bo‘lmagan me’yor belgilangan.
Masalan, paratsetamol uchun 5 o‘ram, aspirin uchun 5 o‘ram va hokazo. Ketonal mazini oladigan bo‘lsak, undan 5 ta tubik va har bir tubiki 200 grammdan oshmasligi talab etiladi.
Dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchining o‘ramida bo‘lishi kerak. Ya’ni, ular bankada yoki paket o‘ramlarda olib o‘tish holatlari bo‘lmasligi lozim. Bunday holatda fuqaro bojxona organi xodimi tomonidan to‘xtatilib, ekspertiza tayinlanishiga sabab bo‘ladi. Natijada ortiqcha vaqt yo‘qotadi.
Alohida ta’kidlash o‘rinli, belgilangan me’yordan oshmagan dori-darmonlari bor fuqaro bemalol og‘zaki deklaratsiyalash tartibida "Yashil yo‘lak"dan o‘tishi mumkin.
Viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati.