Doston ham notaga tushadi yoxud Samarqand baxshiligi muammolari xususida

Qo‘liga do‘mbirasini olib, shu xalqning madaniyatini, ota-bobolarimiz tarixini dostonlarida, termalarida, aytimlarida kuylayotgan baxshilarning o‘ziga xos shirali ovozi hech birimizni e’tiborsiz qoldirmaydi. Tog‘u dashtlarda erkin aytilgan bu kuylarning o‘z ohanrabosi bor. Ey-yorey, degan so‘zni qalbdan chiqarish ham barchaning qo‘lidan kelavermaydi. Bunga iste’dod, Alloh tomonidan berilgan ichki bir ovoz kerak.

Bulung‘ur baxshilik maktabining izdoshlaridan biri Sherqo‘zi Norbekov bilan suhbatimiz bugungi kunda baxshichilik san’atini rivojlantirish uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar, Samarqand maktabining o‘ziga xosligi, yoshlarimiz orasida bu san’atni keng targ‘ib qilish haqida bo‘ldi.

- Bu ko‘hna zamin o‘zining buyuk baxshilari bilan mashhur, - deya so‘z boshladi Sherqo‘zi baxshi. - Po‘lkan shoir, Ergash Jumanbulbul, Fozil Yo‘ldosh hamda Islom shoirlar o‘z baxshichilik maktabini yaratib ketishgan. Bugun Surxondaryoda ham, Qashqadaryoda ham Samarqand maktabining asoslari namoyon. Faqatgina bu hududlarda hozir baxshilarga talab ko‘pligi bois, san’atning bu turi bizdan ko‘ra kuchliroq rivojlangan, sayqal topgan. Ularning to‘ylari baxshilarsiz o‘tmaydi. Talab, e’tibor bor joyda o‘z ustida ishlash, san’atini rivojlantirish, izlanish, yangilik yaratish bo‘ladi. Bizda-chi? Biz bu borada biroz ortda qolgandekmiz. Yaqinda Surxondaryoda bo‘lib o‘tgan xalqaro baxshilik san’ati festivalida ishtirok etib, o‘zimizning kamchiliklarimizni bilib oldik. Qozog‘iston, Turkmaniston, Gruziya kabi ko‘plab davlatlarda ham jirovlar, baxshilar bor. Ularning har bir aytadigan termalari, aytishuvlari notaga solinib, tartibga keltirilgan. Bizda esa bunga ahamiyat berilmagan. Har bir baxshi o‘zining ovozidan, mahoratidan kelib chiqib kuylayvergan.

Prezidentimiz tomonidan baxshichilik san’atini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgani, biz kabi baxshilardan bu sohada izlanish olib borishda, muammolarini bartaraf etishda, yoshlar qalbida bu san’atga mehr uyg‘otishda faol bo‘lishimizni talab etadi.

Shu  yilning 14 may kuni qabul qilingan «Baxshichilik san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorda ham baxshichilik rivojlangan tumanlarda viloyat ansambllarini tashkil etish, musiqiy cholg‘ular yasaydigan ustalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, baxshi shoirlar tomonidan yaratilgan va ijro etilayotgan doston, terma, aytimlarni sifatli yozib olish, madaniyat va san’at muassasalari qoshida to‘garaklar, «Doston» kechalari va taniqli baxshi shoirlar bilan ijodiy uchrashuvlar tashkil etish belgilandi.

Ammo bugun shaxsan mening «Fozil Yo‘ldosh avlodiman», deyishim oson emas. Chunki bugungi kunda Fozil Yo‘ldoshning ijodidan biror bir namuna saqlanib qolmagan. U qaysi uslubda, yo‘nalishda ijod qilgan, ovoz tempi qanaqa, bizga noma’lum. Bizga faqatgina mohir so‘z ustasi bo‘lganligi ma’lum, xolos. Vaholanki, folklorshunos olim Malik Murodov Fozil Yo‘ldoshga «O‘zbek Gomeri», deya ta’rif bergan. Shuning uchun, bu yo‘nalishda mukammal ijod qilib, barcha aytishuvlarni notaga solish, Bulung‘ur baxshilik maktabini qayta tiklash ustida ish olib boryapman. Tumanimizdagi 9-son bolalar musiqa va san’at maktabi qoshida faoliyat yuritayotgan baxshichilik sinfida yoshlarga baxshichilik ilmidan saboq beraman. Ammo baxshichilik shunchaki o‘rgatiladigan kasb emas. U har bir insonning qalbida tug‘ilishi kerak. E’tibor bersangiz, baxshilarimiz ichki bir ovozda kuylashadi. Kimdir bo‘g‘iq, kimdir ochiq. Shu bilan birga kuchli so‘z ustasi ham bo‘lishi, misol uchun, sizga qarab, do‘mbirasini olib, ta’rif berishi lozim. Haqiqiy baxshilar chekka hududlarda qolib ketayotgandek. Madaniyat markazlarida ham baxshichilik to‘garaklarini tashkil etish yangi-yangi iste’dodlarni kashf etishda zamin yaratadi.

Rivoyat qilishlaricha, otning dumi uzilib daraxtga osilib qolgan. Quyoshda taranglashib, shamol bo‘lganda tebranib, o‘zidan ovoz chiqarayotganiga shu yerda qo‘y boqib yurgan cho‘pon ahamiyat bergan. Cho‘pon yolni yog‘ochga tortib, undan chiqqan kuyga o‘z kechinmalarini, qalbidagi dardini tog‘u toshlarga aytib, vaqtini o‘tkazgan.

Baxshichilikning erkinligi, ma’lum musiqiy me’yorlarga ega emasligi ham shundan bo‘lsa kerak. Shungami har bir baxshining ovoz tempiga mos do‘mbirasi doimiy hamrohi hisoblanadi. Hatto, ustalar ham do‘mbiraning ovozidan qaysi baxshiniki ekanligini darhol aytishadi. Bugungi kunda ushbu san’atni maqom singari tartibga keltirish, bastakorlar tomonidan notalarga solish, ularga musiqiy bezak berish vaqti keldi.

Ma’lumot o‘rnida: Bugungi kunda baxshichilikni rivojlantirish maqsadida viloyatdagi bolalar musiqa va san’at maktablarida baxshichilik sinflari ochilib, Nurobod, Past Darg‘om, Bulung‘ur, Narpay va Qo‘shrabot tumanlarida 37 nafar bolalarga baxshichilik san’ati sirlaridan saboq berilmoqda.

Nasiba JONTO‘RAYEVA.