Dunyo mamlakatlaridagi g‘alati o‘yinlar

Sport haqida gap ketganda xayolimizga avvalo futbol, voleybol, basketbol, yengil atletika, kurash kabi turlar keladi. Ammo dunyoda bir qarashda kulgili, bekorchilikdan ermakday tuyulgan g‘alati o‘yinlar talaygina ekan.

Ulardan biri xivich, “otda” poyga. Ko‘pchilik buni yaxshi biladi, chunki bolaligida xivichni ot qilib minib o‘ynagan. Buni qarangki, aslida bu qadimiy o‘yin ekan. Qatnashchilar yog‘och kaltak uchiga yasalgan ot kallasini kiygizib, minishadi. Yugurib marraga birinchi kelgan “chavandoz" g‘olib chiqadi. XX asr yarimiga kelib velosiped ommalashib ketgach bu o‘yin o‘z mavqeini yuqotdi. Ammo unutilgani yo‘q, “Xobbi-Xorsing” nomi bilan musobaqalar o‘tkazilmoqda. 2000 yillarda bu o‘yin Finlandiyada sog‘lomlashtirish ommaviy sport turi sifatida rasmiylashtirildi va u muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

Yana bir kulgili va zavqli o‘yin oshqovoq regatasi deb ataladi. Bilasiz, regata u yaxtalar poygasi hisoblanadi. Oshqovoq poygasida o‘yinda qatnashchilar suvda oldidagi ulkan oshqovoqlarni qo‘llaridagi tayoq bilan olg‘a itarib musobaqalashadi. Marraga birinchi bo‘lib suzib kelgan o‘yinchi g‘olib deb topiladi.

Oshqovoq poygasini har yili avgust oyida uchinchi shanba kuni o‘tkazish Avstraliyada an’anaga aylangan. Shunday musobaqa Yangi Shotlandiyada Pesakvid ko‘lida ham har yili o‘tkaziladi. Tasavvur qiling, suvda suzib, oldidagi oshqovoqlarni olg‘a surib borayotganlarni tomosha qilish qanday zavqli.

Gloster shahri yaqinidagi Kuper tepaligida inglizlarning pishloq poygasi ham minglab muxlislarga zavq bag‘ishlashda oshqovoq poygasidan qolishmaydi.

Musobaqada tepalikdan og‘irligi uch yarim kilo keladigan yumaloq pishloq pastga yumalatib yuboriladi va start berilishi bilan qatnashchilar pishloq ortidan yugurishadi. Tepalikdan pastga qarab yugurish xatarli bo‘lishiga qaramay, pishloqni tutib marraga birinchi kelgan qatnashchi g‘olib bo‘ladi. Mahalliy hokimiyat bu qaltis o‘yinni bir necha marotaba taqiqlashga urindi, biroq buning iloji bo‘lmadi, axir yuz minglab odamlarni bo‘sh vaqtlarini pishloq poygasini tomosha qilib zavq olishlaridan to‘xtatib bo‘larmidi? Endilikada musobaqa o‘tkaziladigan joyda “tez yordam” mashinalari shay turadi. Shifokorlar yuz-ko‘zi tirnalgan, oyoq-qo‘li, qovurg‘asi lat yegan pishloq quvuvchilarga yordam ko‘rsatishadi.

Ha, hammasidan ham mana shunisi qiziq. Tomashabinlar tepalikdan yumalab ketayotgan pishloqni tutaman deb o‘zlari yumalab ketadigan qatnashchilarni maza qilib olqishlashadi: kulgu, hayqiriq, shovqin-suron… bundan ortiq maroq bo‘lishi mumkinmi?

T.Shomurodov tayyorladi.