Dunyo muzeylari to‘g‘risida qiziqarli faktlar
Xalqaro muzeylar kuni bahona dunyoning bir necha muzeylariga "sayr" qildik. Quyida ularning ayrimlari bilan tanishamiz.
🔹 Aholi jon boshiga dunyoda eng ko‘p muzeyga ega davlat Vatikan hisoblanadi. Bu davlatda 800 dan ortiq odam doimiy yashaydi, muzey zallarining umumiy soni esa 1400 tadan oshadi.
Tashrif buyuruvchilarning aksariyati asosan Mikelanjelo tomonidan yaratilgan Uyg‘onish davrining eng ajoyib me’moriy yodgorliklaridan biri hisoblanadigan Sikstin kapellasiga qiziqish bildiradi.
🔹 Fransiyadagi Luvr muzeyi maydon bo‘yicha dunyodagi eng yirik va eng ko‘p kishi tashrif buyuradigan muzeydir – har yili uning zallarida 10 milliondan ortiq kishi sayr qiladi. Albatta, ko‘pchilik Luvrga bir paytlar daho Leonardo da Vinchi chizgan dunyodagi eng mashhur va eng qimmat “Mona Liza”ni ko‘rish uchun keladi. U uchun Luvrda alohida xona ajratilgan.
🔹Dunyodagi ko‘pgina muzeylardagi barcha mavjud eksponatlarning hammasi ommaga ko‘rsatilmaydi, chunki ularning hammasini qo‘yish uchun joy yetarli emas. Kolleksiyalar vaqti-vaqti bilan almashtiriladi. Masalan, Sankt-Peterburg Ermitajining kolleksiyasi 3 milliondan ortiq eksponatdan iborat va ularning hammasini birdaniga qo‘yishning iloji yo‘q. Hatto Luvrda ularning soni taxminan o‘n baravar kam.
🔹Dunyodagi g‘ayrioddiy muzeylarning soni juda ko‘p. Ular ichidagi eng g‘alatisi Germaniyada joylashgan Yolg‘on muzeyida Gitlerning sun’iy mo‘ylovi, “Titanik”dagi radio rubka, o‘rta asr jodugar supurgisi, uchar gilam, Iosif Stalinning shvabrasi va boshqa soxta eksponatlar namoyish etilgan.
🔹 Amsterdamdagi Inson tanasi muzeyini o‘ziga xos ko‘rgazmali muzey deb atasa bo‘ladi. Muzey 35 metrlik inson tanasi shaklida yaratilgan bo‘lib, tashrif buyuruvchilar inson “tana”si bo‘ylab harakat qilishadi. O‘zini ajablanarli darajada kichkina his qilib, tana a’zolari joylashishini ichkaridan tomosha qilish juda qiziq bo‘lsa kerak.
🔹 Dunyodagi eng qadimgi muzey 1471 yilda tashkil etilgan Kapitolin muzeyidir. Uni Rim aholisiga antiqa bronzalar to‘plamini sovg‘a qilgan Papa Sixtus-IV yaratgan.
🔹 Dunyodagi barcha baland tog‘lardagi muzeylar Boliviyaning Potosi shahrida joylashgan. Ularning barchasi shaharning o‘zi kabi dengiz sathidan 4000 kilometr balandlikda turadi. Eng qiziqarlilari esa mustamlakachilik davridagi zarbxona va ochiq osmon ostidagi poyezdlar qabristoni.
🔹 Yaponiyaning Nagasaki shahridagi muzeyni dunyodagi eng qayg‘uli muzey deb atash mumkin. Bu 1945 yilda Amerika samolyoti tomonidan shaharni yadroviy bombardimon qilinganligiga bag‘ishlangan atom bombasi muzeyidir. Muzey yaqinida aynan shu portlash qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan Yodgorlik zali ham joylashgan.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.