Dunyodagi eng qimmat valyuta
Valyuta qonuniy to‘lov vositasi bo‘lib, muomalada ishlatiladigan barcha banknot va tangalarni o‘z ichiga oladi.
Yer yuzida 65 dan ortiq mamlakat o‘z valyutasini dunyodagi eng ommabop AQSh dollariga bog‘laydi yoki undan ichki to‘lov vositasi sifatida foydalanadi, biroq, u eng qimmat bo‘lmagan pul birligi hisoblanadi. Shuningdek, AQSh dollari eng ko‘p sotiladigan valyuta hamdir, xalqaro hisob-kitoblar banki ma’lumotlariga ko‘ra, dollar ishtirokidagi operatsiyalarning o‘rtacha kunlik aylanmasi 2,2 trillionga teng.
Bu yerda 2022 yil natijalariga asoslangan dunyodagi eng qimmat milliy valyutalarning AQSh dollariga nisbatan reytingi keltirilgan.
Ummon riali – 2,6 dollar
Ummon Sultonligining milliy valyutasi - rial 1974 yilda mamlakat Buyuk Britaniyadan mustaqillikka erishgandan so‘ng muomalaga kiritilgan.
Arabiston yarim orolining janubi-sharqidagi Ummon qirolligi aholisi 5,6 million kishi. Davlat daromadlari neft sanoatiga bog‘liq. Hozirda rasmiylar mamlakatda turizmni rivojlantirmoqda. Yana bir yo‘nalish - moliya sektori - Ummon klassik ofshor zonalar sirasiga kiradi, chunki mahalliy hokimiyat organlari boshqa mamlakatlar huquqni muhofaza qilish va soliq organlari bilan ma’lumot almashinishni istamaydi.
Bahrayn dinori - 2,65 dollar
1965 yilda muomalaga kiritilgan eng yosh valyutalardan biri hisoblanadigan Bahrayn dinori 1966-1973-yillarda Abu-Dabi amirligida ham milliy valyuta hisoblangan.
Bahrayn - Fors ko‘rfazidagi kichik orol-davlat. Umumiy aholi soni bir yarim million kishini tashkil etadi, ularning yarmi esa chet elliklar. Mamlakat iqtisodiyoti neft daromadlariga bog‘liq. Davlatda birlamchi alyuminiy ishlab chiqarish, shuningdek, moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish ham muhim rol o‘ynaydi. Dunyodagi ko‘plab yirik moliya institutlari ushbu mamlakat poytaxtida joylashgan. Bahrayn Yuqori Inson taraqqiyoti indeksiga ega davlat va Jahon banki tomonidan yuqori daromadli mamlakat sifatida tan olingan.
Quvayt dinori: 3,29 dollar
Bu nafaqat 2022 yildagi dunyodagi eng qimmat valyuta, balki eng yosh valyutalardan biridir. U 1961 yilda muomalaga chiqarilgan va shu davr mobaynida banknotlar dizayni bir necha marta o‘zgardi. Shunisi e’tiborga loyiqki, bir Quvayt dinori 1000 filsga (sent va tiyinlarga o‘xshash) teng. Hozirda muomalada Quvayt dinorining 2014 yilda chiqarilgan oltinchi seriyasi yuritilmoqda. Eng yirik banknotning nominal qiymati 20 dinor.
Quvayt valyutasining qurbi butunlay neft daromadlariga bog‘liq bo‘lgan iqtisodiyotga asoslangan. Kichkina davlat hududida dunyoda tasdiqlangan neft zaxiralarining 10 foizi bor. Uglevodorodlar sotuvidan tushgan mablag‘ning bir qismi 1953 yilda tashkil etilgan dunyodagi eng qadimgi “Kuwait Investment Authority” Quvayt Suveren boylik jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Bugungi kunda uning boshqaruvidagi aktivlar qiymati 738 milliard dollarni tashkil etadi. Dunyodagi eng yuqori daromadli davlatlardan biri hisoblanadigan Quvaytning to‘rt yarim million aholisining aksariyati ekspatlar (ishlagani kelgan chet elliklar). Quvayt fuqarolari yuqori maosh va davlat tomonidan sezilarli moddiy yordam olish imkoniyatiga ega.
...Dunyoda yana 197 ta davlatda muomalada bo‘lgan 180 ta pul birligi mavjud.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.