Dunyodagi g‘alati soliqlar
Soqol, deraza yoki qo‘rqoqlik uchun soliq - qadimgi davrlarda dunyoning turli mamlakatlarida bunday to‘lovlar mavjud edi. Hozir ham ba’zi davlatlar turli bahonalar bilan fuqarolarni ko‘proq soliq to‘lashga majbur qilmoqda. Bugun bir qarashda soliq to‘lovchini juda oddiy - bolaga ism tanlashdan tortib, Facebookda biror narsa joylashtirish kabi xatti-harakatlardan voz kechishga majbur qiladigan mamlakatlarga to‘xtalamiz.
Nosog‘lom ovqatlanish solig‘i
Buyuk Britaniya, Fransiya, Irlandiya, Norvegiya, Chili va o‘ttizdan ortiq mamlakatlarda yuqori kaloriyali oziq-ovqat va shakari ko‘p bo‘lgan mahsulotlarga soliq solinadi. Masalan, Buyuk Britaniyada import qiluvchi va ishlab chiqaruvchilar bir litr ichimlikning 100 millilitrida 5 yoki undan ortiq gramm shakar bo‘lsa, 18 pens (taxminan 0,2$) miqdorida soliq to‘laydi.
Choralar mantiqiy: Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, semizlik bilan bog‘liq kasalliklar bevaqt o‘limning asosiy uch sabablaridan biridir. Shunday qilib, semizlik darajasini pasaytirish va umr ko‘rish davomiyligini oshirish maqsadida 2008 yilda Yaponiyada kompaniyalar va mintaqaviy hokimiyatlar uchun yangi soliq joriy etildi. 40 yoshdan 75 yoshgacha bo‘lgan xodimlarning bel hajmi o‘lchanib, agar bel qulochi belgilangan me’yoridan ziyod chiqsa (ayollar uchun 85 sm., erkaklar uchun 90 sm.) munitsipalitet va korxonalar byudjetga qo‘shimcha to‘lov qilishi lozim edi.
Dastur 2015 yilgacha davom etdi va semirish darajasini sezilari darajada pasayishiga yordam berdi. Hozirda bu ko‘rsatkich Yaponiyada dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biridir.
Bolaga ism qo‘yish solig‘i
Bolaga ism tanlash oson emas, ayniqsa jarayonda uchinchi shaxs - soliq xizmati ishtirok etsa. Shvetsiyada ism soliq organlari tomonidan tasdiqlanishi kerak. Farzandiga g‘alati yoki talaffuzi qiyin ism qo‘ygan ota-onalar 6000 krona atrofida soliq to‘lashlari kerak bo‘ladi. Qizig‘i, farzandga bepul “Gugl” yoki “Lego” ismlarini qo‘yishga ruxsat berilgan. Soliq dastlab 1982 yilda qirollikdagi ismlariga bo‘lgan huquqni ta’minlash uchun paydo bo‘lgan.
Shvetsiyada soliqlar bilan bog‘liq yana juda ko‘p holatlar ro‘y berib turadi. Masalan, 1991 yilda er-xotin farzandiga “Brfxxccxxmnpcccclllmmnprxvclmnckssqlbb11116” deb ism qo‘ydi va soliq to‘lashdan bosh tortdi, 2007 yilda oilalardan biri o‘z qiziga “Metallika” ismini tekin qo‘yish huquqi uchun soliq idorasi bilan bahslashdi, o‘shanda apellyasiya birinchi tasdiqlangan taqiqni bekor qildi. 2018 yilda sudga familiyaga juda o‘xshash “Ford” ismini taqiqlash bo‘yicha ish kelib tushdi.
Aytgancha, Shvetsiyada turmush qurmoqchi bo‘lganlar ham ruxsat olish uchun soliq idorasiga borishadi.
Ijtimoiy tarmoqlar solig‘i
Bu soliq Uganda hukumati tomonidan kiritilgan. 2018 yilning 1 iyunidan boshlab ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni xohlovchilar har bir foydalanish kuni uchun 0,05 dollar atrofida soliq to‘lashlari shart. Rasmiylar bu qarorni ijtimoiy tarmoqlarda mahalliy hokimiyat organlariga oid mish-mishlar haddan tashqari ko‘pligi, noto‘g‘ri ma’lumotlarning oqibatlariga qarshi kurashish uchun juda ko‘p mablag‘ sarflanishi bilan izohladi. O‘z blogini ochmoqchi bo‘lganlar bundan ham ko‘proq, yiliga 440 dollar atrofida soliq to‘lashi lozim - aholining asosiy qismi kuniga 1 dollarga yashaydigan mamlakatda bu juda ko‘p. Soliq to‘lamaganlik uchun qattiq jazo nazarda tutilib, 2500 dollar atrofida jarima yoki 12 oylik qamoq jazosi belgilangan.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.