Dunyodagi kreativ avtobus bekatlari

Jamoat transportidan foydalanasizmi? Zamonaviy odam bu savolga ehtimol, ha, albatta, hech bo‘lmaganda vaqti-vaqti bilan bekatlarga chiqaman, deydi. Bekat deganda so‘zsiz har kuni ko‘rib yurgan, ko‘nikib qolgan, oddiy, ko‘rimsiz kichik me’moriy shakllar ko‘z oldingizga keladi. Biroq, bu to‘xtash joylari dizayn san’atining haqiqiy asarlari bo‘lishi mumkin.

Bugungi tanlovimizda siz tabassum yoki chinakam hayrat sababi bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir qator noodatiy bekatlarni topasiz.

Avtobusdan qilingan bekat

Bu bekatni Atlantalik haykaltarosh Kristofer Fennell uchta eski maktab avtobusi elementlaridan yaratdi. Aytgancha, o‘rindiqlar ham avtobus ichidan olingan.

LEGOdan “qurilgan” bekat

U  Londonning Rejent ko‘chasida joylashgan. Bu yerda barcha narsa, shu jumladan yozuvlar, o‘rindiq va hatto shaffof devor ham LEGO bo‘laklaridan yaratilgan. Bekat qurilishi uchun mashhur konstruksiyaning 100 000 ta detalidan foydalanilgan.

Mevalar ko‘rinishidagi bekatlar

 Agar siz Yaponiyaning Konagay shahrida bo‘lsangiz, ulkan meva va sabzavotlar ko‘rinishidagi ushbu ijodiy transport to‘xtash joylarini izlab ko‘ring.

Dubaydagi yopiq bekatlar

Harorat deyarli doimiy ravishda 37 darajadan past bo‘lmagan mamlakatda yo‘lovchilarni chang bo‘ronlaridan himoya qiluvchi konditsionerli bekatlar hashamat emas, balki zaruratdir.

Parij va Nyu-Yorkdagi IKEA bekatlari

Uzoq vaqtdan beri o‘zining original reklamalari bilan mashhur Skandinaviya mebel ishlab chiqaruvchisi endilikda jamoat to‘xtash joylarini ham yashash xonalari sifatida turli xil mebellar bilan jihozlab qo‘yishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.

Kaliforniyadagi “Uy” bekati

Haykaltarosh Denis Oppenxaym tomonidan yaratilgan ushbu hayratlanarli Ventura bekatida avtobus... uyga aylanadi! Ko‘rinishidan, ijodkor o‘zining bu asari orqali yo‘lovchilarga ular tez orada uyga qaytishlarini eslatib qo‘yayapti.

Apelsin rangli kit

Gollandiyadagi ushbu kit shaklidagi “Hoofddorp” to‘xtash joyi to‘liq polistirol ko‘pik va poliesterdan tayyorlangan bo‘lib, bekatni sintetik materiallardan yasalgan dunyodagi eng katta san’at asariga aylantirdi.

Skeytbordchilar bekati

Daniyaning Kopengagen shahridagi oddiy bekat avtobus kutayotgan yoshlar uchun haqiqiy sarguzasht joyi.

Tarozi bekat

Amsterdamdagi bu juda munozarali bekat o‘rindig‘iga o‘tirib qolgan odam monitorda o‘zining tana vaznini ko‘radi.

Eski eshiklardan yasalgan bekat

Qashshoq shaharda devor va tomlari bo‘lgan bekatlar kam. Shuning uchun shahar aholisi to‘xtash joylarini yaratish uchun yig‘ilishdi: bunday bekatlardagi o‘rindiqlar eski uylardan chiqqan materiallardan tayyorlandi, mahalliy rassomlar esa ularni imkon qadar bezab chiqdi.

Vertikal bog‘ bekati

U Gollandiyaning “WVTTK Architects» arxitektura firmasi tomonidan yaratilgan. Eyndxoven shahri markazida joylashgan “tirik devor” biroz  bo‘lsa-da, shahar ko‘chalarini ko‘kalamzorlashtirmoqda.

Qayta ishlangan shishalar bekati

AQShdagi Kentukki universiteti talabasi Aaron Skeyls tomonidan yaratilgan ushbu to‘xtash joyi yuqori quvvatli LED yoritgichlar bilan jihozlangan shishalardan iborat. Kun davomida shishalar orqali kirib borgan quyosh energiyasi to‘plagan yorug‘lik tuni bilan bekatni yoritib chiqadi.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.