Dunyodagi po‘lat konstruksiyadan yasalgan mashhur binolar

Bu binolar o‘ziga xos va zo‘r taassurot qoldiradigan inshootlarni yaratish maqsadida faqat metall konstruksiyalardan foydalanish mumkinligining ajoyib misolidir. Qurilishning texnologik rivojlanish namunasi sifatida xizmat qiladigan bu inshootlar dizayni, mustahkamligi va keng qo‘llanilishi bilan hayratda qoldiradi.

Parijdagi Eyfel minorasi

1889 yilda qurilgan Parij va butun Fransiyaning ramzi - Eyfel minorasining balandligi 324 metr. To‘rtta oyoqdan iborat uning asosiy tuzilishi tepada bir nuqtada birlashib, piramidani tashkil etadi. Minora qurilishida og‘irligi 10 ming tonnadan ortiq 18 mingdan ziyod metall elementlar ishlatilgan. Inshootning ulug‘vorligi va ulkan o‘lchamlariga qaramay, minora yengil va shaffof ko‘rinadi.

Pekindagi "Qush uyasi" stadioni

Ushbu ajoyib inshoot 2008 yilda Yozgi Olimpiya o‘yinlari o‘tkazilishi uchun qurilgan. Stadion qush uyasini eslatuvchi noyob dizaynga ega. Inshoot qurilishi uchun besh yil va 42 ming tonna po‘lat kerak bo‘ldi. Shundan so‘ng u dunyodagi eng katta po‘lat konstruksiyaga aylandi.

Bino ikki - tashqi va ichki qatlamdan iborat. Tashqi qismi bir-biriga o‘zaro bog‘langan po‘lat to‘sinlardan, ichki qismi beton devorlar va terassalardan iborat. Ushbu konstruksiya 200 km/soat tezlikdagi shamollar va Rixter shkalasi bo‘yicha 8 ballgacha bo‘lgan zilzilalarga bardosh bera oladi.

Dubaydagi Burj Xalifa

Metall konstruksiyadan yasalgan balandligi 828 metr, 163 qavatli dunyodagi eng baland osmono‘par po‘lat bino ochilishi 2010 yilda bo‘lgan edi.

Inshoot poydevori uzunligi 45, diametri 1,5 metr bo‘lgan 200 ga yaqin osilgan qoziqlar yordamida qurilgan. Bino qovurg‘alarini qurish uchun 60 ming tonna po‘lat armaturadan foydalanilgan.

Moskvadagi Ostankino teleminorasi

Yevropadagi eng baland va dunyodagi eng baland televizion inshootlardan biri 1967 yilda qurilgan. Minoraning balandligi 540 metr, metall karkasining og‘irligi 55 ming tonnadan oshadi.

Los-Anjelesdagi Uolt Disney konsert zali

Futuristik shaklli konsert zalining qurilishi 2003 yilda qurib bitkazildi. Fasaddagi metall konstruksiyalar quyoshda porlab, suzib yuruvchi kemani eslatadi. Yelkanlar zanglamaydigan po‘latdan yasalgan. Ularning tepasi va ichida derazalar va yorug‘lik lyuklari joylashtirilgan. Dastlab tosh qoplama bilan bezalishi rejalashtirilgan fasad keyinchalik yanada yengilroq va arzonroq qoplama - zanglamaydigan po‘latga almashtirildi.

***

Me’morlar metall konstruksiyalar asosida yaratilgan, ko‘p vaqt davomida o‘zining go‘zalligi va nafisligi bilan hayratga soladigan mana shunday binolarni yaratishga muvaffaq bo‘lishdi.

Bu temir binolar kedajakda ham bir necha avlodni hayratda qoldirib kelishi shubhasizdir. Biroq, mukammallikning chegarasi yo‘q. Endilikda qurilishda yangi, baquvvat, ekologik toza, korroziyaga chidamli va bardoshli materiallardan foydalanish yo‘llarini izlash faol davom etmoqda.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.