Dunyoning ekologik jihatdan o‘ta ifloslangan shaharlari
Ekologik nuqtai nazardan qaraganda, 2019 yilda dunyoning eng ifloslangan shaharlari orasida Ukrainaning Chernobil shahri yetakchi o‘rinni band etdi. 1986 yilda Chernobilda sodir bo‘lgan texnogen xalokat hozirgi kunga qadar uning reytingda yetakchi o‘rinni band etib kelishiga sabab bo‘lmoqda. Biroq ushbu reyting aholi istiqomat qilayotgan shaharlar o‘rtasida tuzilgan. Chernobil esa “aholisiz” shaharlar ro‘yxatiga kiritilgan.
10. Akkra (Gana)
Bu yerda elektron uskunalarning dunyodagi eng o‘lkan chiqindixonasi joylashgan. Har kuni Akkraga AQSh va Yevropadan o‘z xizmatini o‘tab bo‘lgan tonnalab elektron texnikalar olib kelinadi. Mahalliy aholi chiqindilar ichidan biron bir foydali buyum qidirishadi. Ular elektron chiqindilarni yoqib, ichidagi rangli metallarni ajratib oladi. Uzluksiz plastik buyumlarning yonishi turli zaharli unsurlarning atrof-muhitga tarqalishiga sabab bo‘ladi. Elektron buyumlar “qabristoni” atrofidagi havo tarkibida me’yordan bir necha yuz barobar ortiq bo‘lgan: simob, qo‘rg‘oshin, kadmiy kabi kimyoviy unsurlar mavjud.
9. Ranipet (Hindiston)
Terini qayta ishlash zavodi ushbu kichik shaharchani eng ifloslangan shaharlar reytingidan joy egallashiga sabab bo‘ldi. Mazkur zavod terini qayta ishlash va bo‘yash uchun bir qator kanserogen (zararli) moddalardan foydalanadi. Oqibatda zavod chiqindixonasidagi zararli chiqindilar qisman yer osti suvlarigacha yetib boradi. Bunday holatda ichimlik suvining sifati yo‘qoladi, qishloq xo‘jaligi sohasi jabr ko‘radi.
Bir necha yil ilgari Hindiston hukumati zavodning qayta ishlash bo‘limlaridan birini yopgan edi. Biroq vaziyat o‘zgarmasdan qolmoqda. Tashkilot rahbariyatiga tez orada zararli chiqindilar hajmini 50 foizga qisqartirishga mo‘ljallangan loyiha taqdim etish majburiyati yuklatilgan.
8. Karabash (Rossiya)
Karabash shahri Chelyabinsk viloyatida joylashgan. Ushbu shahar 2014 yilda “Rossiya Federatsiyasining, murakkab ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatda bo‘lgan ko‘p tarmoqli shahar tizimlari” ro‘yxatiga kiritilgan.
Misni qayta ishlashga ixtisoslashgan bu tashkilot deyarli bir asrlik tarixga ega texnologiyalarini haligacha yangilamagan. Uzoq yillar davomida barcha zararli unsurlar atrof-muhitga tarqagan, tozalash tizimi deyarli qo‘llanilmagan. Zavod tashkil etilayotganda tozalash tizimi hisobga olinmagan.
Tozalash inshootlari faqatgina 2005 yilga kelib ishga tushirildi. Bu 2006 yilda “ekologik falokatli hududlar” ro‘yxatiga kiritilgan shaharning 2009 yilga kelib ro‘yxatdan chiqishiga imkon berdi.
2010 yilda bu yerda kuz faslining erta kelishi va iqlim o‘zgarishi rasman qayd etildi. Iyun oyining ikkinchi yarmiga kelib, hududdagi barcha o‘simlik olamining barglari sarg‘ayib, daraxtlar barg tashladi.
Oqibatda qishloq xo‘jaligi va mahalliy aholi misli ko‘rilmagan ziyon ko‘rgan.
7. Kabve (Zambiya)
Kabve shahri mamlakat poytaxti Lusaka shahridan 140 kilometr uzoqlikda joylashgan. XX asr boshlarida bu yerda qo‘rg‘oshin, vanadiy va rux (sink) yer osti konlari topilgan. Topilmani o‘zlashtirish infratuzilmasini barpo etish aholi istiqomat qilish punktining tashkil etilishiga sabab bo‘ldi.
1994 yilga qadar kon sanoatining tozalash tizimisiz faoliyat olib borishi quyidagi salbiy oqibatlarni yuzaga keltirdi:
- Atrof-muhit ifloslanish darajasi belgilangan me’yordan to‘rt barobar oshib ketdi;
- Mahalliy aholining deyarli barchasida ko‘ngil aynishi, ichki a’zolarning surunkali kasalliklari, ich ketish, o‘tkir qon zaharlanishi alomatlari qayd etilgan;
- Eng dahshatlisi, zaharli konsentrat moddalar yosh bolalar ichki a’zolarida ham aniqlangan.
Tozalash tizimining joriy etilishi kerakli natijani bermayapti. Sababi mahalliy aholi zaharlanib bo‘lgan va zararli konsentratlar ularning tanasiga singib ketgan.
6. Norilsk (Rossiya)
Rossiyaning Norilsk shahri dunyoning eng ifloslangan shaharlari orasida har yili yetakchi o‘rinlarni band etib keladi.
Shaharda 200 000 ming aholi istiqomat qiladi. Ularning yarmi “Norilskiy Nikel” metallurgiya kombinatida mehnat qilishadi. Bu yerda 10 dan ortiq metall turlari qazib olinadi va qayta ishlanadi.
Atmosferaga ajralib chiqqan metall zarralari nafas olish yo‘llariga kirib boradi va ko‘ngil aynishi, oshqozon kasalliklari, tana a’zolarining surunkali xastaliklari kabi salbiy oqibatlarga olib keladi. Bu yerda tozalash tizimlari tez-tez yangilanadi va atmosferaga ajralib chiqayotgan zararli moddalar hajmi kamayishiga olib keladi. Biroq shaharni zararli unsurlardan xalos qilish uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yetarli bo‘lmayapti.
5. Dakka (Bangladesh)
Bangladesh o‘zining ko‘p sonli aholisi bilan mashhur. Poytaxt va unga qo‘shni hududlar aholisi buni yaxshi his qiladi. Bu shaharda jami bo‘lib, 20 million aholi istiqomat qiladi.
Bu yerda asosiy transport vositasi “riksh” (aravaga o‘xshash odam tashish vositasi) hisoblanadi. Har kuni 400 000 ortiq odam tashuvchilar ko‘chaga chiqadi. Aynan ular shahardagi ko‘p kilometrlik tirbandliklarni hosil qiladi.
Burigangi daryosi qirg‘og‘ida joylashgan bandargohga har kuni minglab tonna chiqindilar yig‘iladi. Chiqindilar oqimini hech kim nazorat qilmaydi. Daryoning suvi shu qadar ifloslanganki, undan taralayotgan qo‘lansa hid bir nech yuz metr naridan seziladi.
Shaharning turli hududlarida tonnalab maishiy chiqindilar va o‘lik jonivorlarning tanalari yoyilib yotadi. Chiqindi va o‘lik jonivorlar tanalari o‘zlaridan qo‘lansa hid va turli yuqumli kasalliklar tarqatadi.
4. Dzerjinsk (Rossiya)
Nijegorodsk viloyatida joylashgan ushbu shahar og‘ir ekologik ahvolga tushib qolgan. Dzerjinsk 2008–2013 yillar davomida “Rossiyaning ekologik nuqtai nazardan eng sharoiti og‘ir shaharlari reytingi”ga kiritilgan. 2014 yilda atmosferadagi zararli konsentrat moddalarning kamayishi munosabati bilan shahar yuqoridagi ro‘yxatdan chiqarilgan.
Biroq shunga qaramasdan, atmosferadagi zararli unsurlar hajmi yuqori hisoblanadi. Ekologik sharoitning og‘irligiga quyidagi omillar sabab bo‘lmoqda:
- Shahar yaqinida joylashgan yirik “Chernaya dira” maishiy chiqindilar poligoni;
- Bir nechta kimyoviy chiqindilar ko‘milgan maskanlar. Ulardan eng mashhuri “Simazin” nomi bilan tanilgan chiqindixona;
- “Beloye more” kimyoviy yer usti chiqindixonasi.
3. Sukinda (Hindiston)
Zanglamas po‘lat eritib olish uchun zarur bo‘lgan Hindiston metall qazilma konlarining deyarli barchasi Sukinda vodiysida joylashgan. Vodiyga yondosh bo‘lgan shahar atrofida ochiq usul bilan kon qazish ishlari olib boriladigan 12 shaxta faoliyat yuritadi.
Oqibatda barcha ishlab chiqarish chiqindilari yer sathida qolib ketadi. Ayni vaqtda yig‘ilgan chiqindilar hajmi 35 million tonnani tashkil etmoqda. Yig‘ilgan kanserogenlar orasida eng zaharlisi olti valentli xlor hisoblanadi. Ayni vaqtda uning atmosferadagi hajmi ko‘rsatilgan me’yordan 3-4 barobar oshib ketgan.
Zaharli moddalrning ko‘p qismi yer osti suvlariga borib qo‘shiladi yoki Braxmani daryosiga oqizib yuboriladi. O‘z navbatida, Braxman daryosi 3 million inson uchun yagona suv manbai hisoblanadi.
2. Tyanin (Xitoy)
Tyanin shahri aholisi 800 000 nafarni tashkil qiladi. Ularning uchdan bir qismi shifokorlarning “jiddiy kasalliklar” ro‘yxatida turadi. Shahar o‘zining qo‘rg‘oshinni qayta ishlash zavodlari bilan mashhur. Tyanin Xitoy bo‘ylab qayta ishlanadigan qo‘rg‘oshin hajmining teng yarmini yetkazib beradi.
Shaharni qurshab olgan ko‘k rangli tutun asosiy muammo emas. Asosiy muammo yer sathi tarkibidagi qo‘rg‘oshin zarralaridir. Zarralar yerdan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va ichimlik suvi tarkibiga ham o‘tadi. Oqibatda qo‘rg‘oshin moddasi inson tanasiga kirib boradi va ularning hayotiga jiddiy xavf soladi.
Ushbu hudud dalalarida yetishtirilgan don mahsulotlari ichki va tashqi savdo uchun taqiqlangan. Ularning tarkibidagi qo‘rg‘oshin moddasi belgilangan me’yordan 26 barobar ko‘p.
Linfen (Xitoy)
Ushbu hudud dunyodagi eng ifloslangan shaharlar reytingi yetakchisi. Bir vaqtlar bu maskan Xitoy imperatorining poytaxti bo‘lgan. Hozirgi kunda bu yer yuzidagi ekologik eng ifloslangan maskan.
Linfenda tabiiy gaz yo‘qligi sababli energiya manbai ko‘mir hisoblanadi. Linfen mamlakat bo‘ylab qazib olinadigan ko‘mirning uchdan ikki qismini yetishtiradi. Ushbu shaharda atmosfera shunchaki ifloslangan emas, bu yerda kislorod deyarli yo‘q.
Atmosfera quyidagi moddalar bilan zaharlangan:
- kul;
- ko‘mir zarralari;
- azod oksidi;
- oltingugurt dioksidi;
- margumush;
- qo‘rg‘oshin.
Linfenda joylashgan zavod va fabrikalar har kuni atmosferaga hayot uchun xavfli bo‘lgan tutunlar chiqaradi. Shu bilan birga, fabrika va zavodlarda qayta ishlash oqibatida zaharlangan suvlar yer sathiga oqiziladi. Bu yerda quyoshli kunda ham ko‘rish masofasi 300 metrni tashkil etadi.
Xitoy sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy bayonotiga ko‘ra, mazkur hududda istiqomat qiladigan 3 milliondan ortiq aholining sog‘ligida jiddiy muammolar bor. Yaqin yillarda mamlakat rahbarlari zaharli chiqindilar hajmini kamaytirish maqsadida bir nechta ko‘mir shaxtalarini yopishni rejalashtirgan. Biroq buning boshqa tomoni ham bor. Shaxtalar yopilsa, mahalliy aholi ishsiz qoladi.
Bekzod MUSURMONOV tarjimasi.