Dzyudo: hamyurtlarimiz «Katta dubulg‘a» turnirida 2 ta medalni qo‘lga kiritdi
Vengriya poytaxti Budapeshtda dzyudo bo‘yicha «Katta dubulg‘a» turkumiga kiruvchi yana bir musobaqa o‘z poyoniga yetdi.
Unda yetti nafar sportchi bilan qatnashgan jamoamiz turnirni kumush va bronza medallari bilan yakunladi.
-66 kg vazn toifasi finalida ishtirok etgan Rahimjon Subxonov hal qiluvchi bellashuvda yaponiyalik Olimpiada chempioniga qarshi munosib kurashdi.
Garchi bellashuv kunchiqar yurt vakilining g‘alabasi bilan xotima topgan bo‘lsa ham, yosh polvonimiz Xifumi Abega munosib qarshilik ko‘rsata oldi. Yakunda Abe 2 vazari bahosi bilan o‘zining 3 yildan beri uzilmayotgan mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettiradigan bo‘ldi. Subxonov esa kumush medal bilan taqdirlandi.
Subxonov faoliyatida ilk bor «Katta dubulg‘a» turnirlarida shohsupaga ko‘tarildi. Bundan tashqari, u jahon reytingi uchun 700, Parij-2024 Olimpiadasi yo‘lida 350 ochkoni qo‘lga kiritdi.
+100 kg vazn toifasidagi vakilimiz Shohrux Baxtiyorov esa bronza medali uchun bellashdi.
Shuningdek, finlyandiyalik Marti Pumalaynenga qarshi tatamiga chiqqan Baxtiyorov ajoyib harakatlari bilan g‘alabani o‘z tomoniga og‘dira oldi va bronza medaliga ega chiqdi. Ushbu natija bilan polvonimiz o‘z hisobiga jahon reytingi uchun 500, Parij-2024 yo‘lida 250 reyting ochkosini yozib qo‘ydi.
Shu tariqa, ikkinchi tarkib bilan tashrif buyurgan terma jamoamiz ushbu musobaqani bittadan kumush va bronza medallari bilan yakunladi.