Ekologiyaga oid qonunchilik bugungi kun talabiga javob beradimi?

Mamlakatimizning barqaror rivojlanishi, aholi hayot farovonligi hamda salomatligi, shuningdek, milliy xavfsizlik, tabiiy ekotizimlar va atrof-muhitning munosib sifatini saqlab turish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va uni qayta tiklash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bozor iqtisodiyoti munosabatlari sharoitida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning chuqurlashuvi natijasida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish mexanizmlarini ishlab chiqishga qulay imkoniyatlar yaratildi.

Shu bilan birga milliy ekologik qonunchilikni rivojlantirish bilan bir qatorda atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi xalqaro va davlatlararo shartnomalar, bitimlarga qo‘shilish, ularni imzolash borasida tizimli hamda izchil ishlar amalga oshirildi.

Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bilan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, bu yo‘nalishda bir necha muhim konvensiya va xalqaro huquqiy hujjatlarga qo‘shildi va ularni ratifikatsiya qilingani fikrimiz tasdig‘idir.

Shuningdek, ekologik taraqqiyotning xalqaro, mintaqaviy muammolarini hal etish uchun barqaror rivojlanish Konsepsiyasi va Milliy Strategiyasi, “XXI asr kun tartibi”, atrof-muhitni, aholi salomatligini muhofaza qilish, biologik xilma-xillikni saqlash, cho‘llanishga qarshi kurash, ozon qatlamini yemiruvchi moddalardan foydalanishni to‘xtatish, chiqindilarni boshqarish Milliy harakat rejalari, parnik gazlari emissiyasini kamaytirish Milliy Strategiyasi qabul qilindi.

Demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilingani atrof-muhit va aholi salomatligi muhofazasini yanada mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.

Xalqaro huquqiy tajriba, zamonaviy fan, texnika va texnologiyalar yutuqlari asosida ekologik qonunchilikni takomillashtirish O‘zbekiston ekologik xavfsizligini ta’minlashning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda ekologik muammolar yechimini topish jarayonida jamoatchilikning keng ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Ekologik partiyasi mamlakatimizda hozirgi va kelajak avlodning musaffo tabiiy muhitga bo‘lgan huquqini amalga oshirish va unga so‘zsiz rioya etish, aholi salomatligi, tabiat muhofazasini yanada yaxshilash, uning resurslaridan oqilona foydalanishga yo‘naltirilgan islohotlarni chuqurlashtirishga jamiyatning barcha sa’y-harakatlarini safarbar etishga intilmoqda.

Atrof-muhitga munosabatning yangi tizimi va hayot tarzini izchil shakllantirib borish ekologik barqaror atrof-muhit holati va ekologik xavfsizlikni ta’minlash kafolati bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Bu esa O‘zbekiston Ekologik partiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Ekologik partiya fraksiyasi deputatlarining dasturiy vazifalari bilan hamohangdir. Albatta, Ekologik partiyadan saylangan 15 nafar deputat faoliyati ham ana shu maqsadlarga erishishga qaratilgan. O‘zbekiston Ekologik partiyasi deputatlari quyi palatadagi barcha qo‘mitalar tarkibidan o‘rin olib, qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyatini amalga oshirmoqda.

Qayd etish joizki, har qanday davlatning taraqqiyoti, aholisining hayoti va salomatlik darajasi, shuningdek, milliy ekologik xavfsizligi ko‘p jihatdan tabiiy tizimlarni barqarorlashtirish va atrof-muhit muhofazasini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bog‘liq. Sohada atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan yagona davlat siyosatini izchil amalga oshirish, bu jarayonda keng jamoatchilikning ham ishtirok etishi g‘oyat muhim ahamiyatga ega.

Mamlakatimizda iqtisodiyotni tarkibiy qayta o‘zgartirish va diversifikatsiya qilish, ishlab chiqarishni texnik yangilash va modernizatsiya qilish, ekologik vaziyatni sog‘lomlashtirish, maqbul atrof-muhitni saqlash va yaxshilash uchun ichki va tashqi investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha izchil amalga oshirilayotgan siyosatning davom ettirilishi barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning milliy ustuvorligidir.

Shu ma’noda, Ekologik partiya tomonidan bugungi kunda qonunchilik tashabbuskorligi asosida O‘zbekiston Respublikasining “Ekologik kodeksi”ni ishlab chiqish, shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “Ekologik audit to‘g‘risida”gi qonunlarini qabul qilish ustida ishlar olib borilmoqda.

Zero, fuqarolarimizning hozirgi va kelgusi avlodi qulay tabiiy muhit sharoitida yashash huquqlarini, aholi salomatligini yaxshilash, tabiiy resurslarning barcha majmuini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni so‘zsiz ta’minlashga qaratilgan huquqiy asoslarni yaratishda bor kuch va salohiyatimizni ishga solishning fursati yetdi.

Bularning hammasi O‘zbekiston nafaqat o‘z xalqining, balki kelajak avlodlarning ham sog‘lom atrof-muhitda, aslidek asralgan tabiat bilan uyg‘unlikda yashash huquqini kafolatlash bilan birga, insoniyatning ham tabiat oldida muqaddas burchi borligi anglab yetilgan oqilona, uzoqni ko‘zlovchi siyosat yo‘liga qadam qo‘yganligini anglatadi.

Shuhrat ABDUXALIMOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.