El e’zozidagi oqsoqol
Saydulla Boyzoqovni yaxshi taniyman. Ish yuzasidan ko‘p suhbatlashganmiz. Vazifasi xoh kichik, xoh katta bo‘lmasin, har qanday ishga mas’uliyat bilan yondashib, el mehrini qozonib kelmoqda.
Birgina misol, “Mahalla” jamg‘armasi Payariq tuman bo‘limi raisi vazifasida ishlagan chog‘larida tumandagi mahallalar o‘zining ijobiy jihatlari bilan viloyatda birinchi o‘ringa chiqdi. Saydulla akaning bevosita tashabbusi bilan 65 ta mahalla mebel hamda kompyuter jamlanmalari bilan ta’minlanib, boshqa tumanlarga o‘rnak bo‘ldi.
S.Boyzoqov uzoq yillar tumanda mas’ul lavozimlarda samarali mehnat qildi. Hozir esa “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limini boshqaryapti.
Saydulla Boyzoqov maktabda o‘qib yurgan chog‘laridayoq tengdoshlaridan ajralib turardi. Dastlab Samarqand gidromelioratsiya texnikumida o‘qidi, keyinchalik Samarqand qishloq xo‘jaligi institutida tahsil oldi. Ish faoliyatini Payariq tumanidagi suv xo‘jaligi idorasiga qarashli Beklar suv nazorati bo‘limida nazoratchilikdan boshladi. O‘sha paytlarda suv juda tanqis, ishni tartibli yo‘lga qo‘yish murakkab edi. Shuning uchun tunu kun ishlashga to‘g‘ri keldi. Uning mehnatsevarligi, har bir ishga vijdonan yondashayotganligini ko‘rgan rahbariyat 1960 yilda tumandagi xo‘jaliklarning biriga gidrotexnik qilib ishga jo‘natdi. Ko‘p o‘tmay, tumandagi xo‘jaliklararo qurilish korxonasiga bo‘lim boshlig‘i etib tayinlashdi. Oradan ikki yil o‘tib, shu korxona rahbari bo‘ldi.
S.Boyzoqov mehnat faoliyati davomida tumandagi bir qator xo‘jaliklarga, tuman, viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmalariga rahbarlik qilgan yillarida ham, avvalo, bildirilgan ishonchni oqlashga, zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga intildi.
1989 yildan boshlab olti yil davomida Payariq tumanini boshqargan paytlarida esa boy tajribasi, rahbarlik salohiyatini ishga solib, tuman iqtisodiyotini mustahkamlash, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratishga harakat qildi. 1990-1997 yillarda Oliy Majlis deputati bo‘lgan chog‘larida ham hududda ko‘plab ijtimoiy soha ob’yektlari bunyod etildi. Yangi qishloqlar tashkil bo‘ldi, yo‘l va boshqa kommunikatsiya tizimlari qurildi.
Saydulla akaning mehnati besamar ketgani yo‘q. U davlatimizning yuksak mukofotlari, “Fidokorona xizmatlari uchun”, “Xalqlar do‘stligi” kabi orden va medallar bilan taqdirlangan.
Oilasi ham ibrat olsa arzigulik. Turmush o‘rtog‘i Saodat ona bilan yetti o‘g‘il, bir qizni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazdilar. Ular bugun respublikamizning turli jabhalarida samarali mehnat qilmoqdalar.
Saydulla akaning hayoti haqida ko‘p yozish mumkin. U kishi bosib o‘tgan yo‘l har birimiz uchun ibrat namunasi bo‘la oladi.
Husniddin Xoldorov.