Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishning eng ko‘p holatlari Samarqand viloyatida aniqlandi
Joriy yilning fevral oyi davomida Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 1 159 ta holatda 51,6 mln. kVt⋅soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan.
Buning natijasida tizimga 23,2 mlrd. so‘m zarar keltirilganligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu hajmdagi elektr energiyasi o‘rtacha 258 mingta xonadonning bir oylik elektr energiyasi iste’molini tashkil qiladi.
Noqonuniy foydalanishning eng ko‘p holatlari Samarqand, Namangan, Buxoro va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Misol uchun, Samarqanddagi “D. S. A.” MChJda 7,6 mlrd. so‘m, Namangan viloyatidagi “I. J.” MChJda 646 mln. so‘m, Buxoro viloyatidagi “M. Z. S.” fermer xo‘jaligida 428 mln. so‘m miqdorida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanib, qayta hisoblash ishlari amalga oshirildi.
Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.