Elektrning 90 foizi gaz va ko‘mir yoqishdan olinadi
Samarqand shahridagi yoshlar markazida “Joylarda eneriya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish” mavzusida videokonferensaloqa shaklida o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Respublikamizda muqobil energiya manbalaridan foydalanish juda dolzarb masala hisoblanadi. Chunki uglevodorodli yoqilg‘ilar - ko‘mir, gaz, neft zaxiralari kamayib bormoqda. Energiyaga bo‘lgan talab esa o‘smoqda. Tabiiyki, bu muqobil energiyaga ehtiyojni kuchaytirmoqda. Yuzaga keladigan energiya yetishmovchiligi o‘rnini qoplash uchun muqobil energiya turlarini keng joriy etish zarur.
Xususan, quyosh energiyasi yo‘nalishida viloyatimizda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Nurobod tumanida 100 million kVtli quyosh stansiyalari qurilib, ishga tushirildi. Bu yerda yana 100 million, Kattaqo‘rg‘on tumanida 200 million kVtli hamda Cho‘ponota massivida 100 million kVtli quyosh stansiyalari qurilishi olib borilmoqda. Yaqin kelajakda Samarqandda 500 million kVtli stansiyalar quriladi.
Prezidentimizning 2022 yil 10 sentyabrdagi “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan muqobil energiya turlarini joriy etgan sub’yektlarga bir qator yengilliklar ham berildi.
- 2022 yil 1 oktyabrdan jismoniy shaxslar mamlakatda ishlab chiqarilgan quyosh va shamol elektr stansiyalari va quyosh suv isitkichlarini uch yil mobaynida foizsiz bo‘lib to‘lagan holda sotib olishlari mumkin, - deydi Energetika vazirligi departamenti direktori Muzaffar Hakimov. - Shuningdek, aholi va tadbirkorlarning qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilishini moliyaviy rag‘batlantirish, ma’muriy-maishiy bino va inshootlarda, shu jumladan, aholi massivlari va xonadonlarida muqobil energiya manbalarini qo‘llash choralari ko‘riladi. Hozir mamlakatimizda elektr energiyasining 90 foizi gaz va ko‘mir yoqish hisobiga olinadi. Bu sanoqli davlatlardagina mavjud yomon ko‘rsatkich hisoblanadi. Tabiiy resurslar ham cheklangan. Shu bois, muqobil energiyani rivojlantirish bugungi kunning dolzarb masalasiga aylandi.
Taqqoslash uchun, O‘zbekiston energiya sig‘imi ko‘rsatkichi bo‘yicha 147 davlat orasida 74 o‘rinda. Ishlab chiqarilayotgan barcha energiya resurslarining 40 foizi bino va inshootlarni isitish va sovutish uchun ishlatilmoqda. 1 kvadrat metr joyni isitish uchun 395 kVt. soat elektr energiyasi sarflanmoqda. Niderlandiyada esa bu ko‘rsatkich 95 kVt. soatni tashkil qiladi.
Yil yakuniga qadar viloyatdagi 432 ta hokimlik, tashkilot va muassasalar ma’muriy va yordamchi binolariga, 1951 ta sektor rahbarlari, tashkilot va muassasalar boshqaruv tizimidagi rahbar xodimlarning yashash manzillariga qayta tiklanuvchi texnologiyalar o‘rnatiladi. Daftarlarga kiritilgan 600 nafar aholi xonadoniga 360 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va 246 ta quyosh suv isitish uskunalarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Hozirgacha quvvati 14547 kVt soat bo‘lgan jami 804 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va 190 ta suv isitish uskunasi o‘rnatildi. Jumladan, 150 ta quyosh fotoelektr stansiyasi tashkilot va muassasalarning ma’muriy va yordamchi binolariga (34,9 foiz), 97 tasi sektor rahbarlari, tashkilot va muassasalar boshqaruv tizimidagi rahbar xodimlarning yashash manzillariga o‘rnatildi. 550 dan ortiq aholi xonadoniga ham quyosh fotoelektr stansiyasi va 200 ga yaqin suv isitish uskunalari o‘rnatildi.
Seminarda viloyat hokimi o‘rinbosari A.Shukurov hozirda viloyatimizdagi kichik gidrostansiyalardan 50 million kVt elektr energiyasi olinayotganini bildirdi. Mas’ulning ta’kidlashicha, 2021-2022 yillarda 6 ta kichik gidrostansiya qurilib, 250 million kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
O‘.Xudoyberdiyev.