Endi 70 sentnerdan kam g‘alla yetishtirgan fermer bilan shartnoma bekor qilinadi
Viloyat injiniring kompaniyasida tuman hokimlarining qishloq xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, qishloq xo‘jalik bo‘limi boshliqlari va tadbirkorlar ishtirokida g‘allachilik tarmog‘ida agroklaster tashkil etish va paxta qabul qilish punktlarini mavsumga tayyorlash borasida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda qayd etilishicha, har bir tumanda o‘rtacha 5 ming gektar yer maydoniga ega 3-4 tadan davlat tasarrufida bo‘lmagan agroklasterlar tashkil etiladi. Bu albatta mahsulot yetishtiruvchilarga qulaylik yaratib, qayta ishlovchi korxonalar o‘rtasida halol raqobat muhitini shakllantiradi.
- Agroklasterda fermerning yer maydoni olib qo‘yilmasdan u bilan shartnoma tuziladi, hatto fermerning o‘zi agroklaster tashkil etishi ham mumkin, - dedi viloyat hokimi E.Turdimov. – Shu bilan birga davlatga har gektar maydondan kamida 40 sentnerdan g‘alla sotadi va 70 sentnerdan kam hosil olgan fermer xo‘jaligi bilan yer ijara shartnomasi bekor qilinadi. Bu bir qarashda mushkul vazifaday tuyulishi mumkin, ammo Samarqand zamini g‘alla yetishtirish uchun eng qulay maskan hisoblanadi va bu yerda suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llagan holda har gektar maydondan 100 sentnerdan hosil olish mumkin. Bu islohotlar, avvalo, yerdan unumli foydalanish, xom ashyoni qayta ishlashni ko‘paytirish, sohada davlat ulushini kamaytirish, yangi texnologiyalar olib kelish hamda pirovardida soliq va byudjet yukini yengillashtirishga qaratilgan.
Terim mavsumi oldidan paxta qabul qilish shoxobchalarining tayyorgarligi bo‘yicha tumanlardagi o‘rganilgan holatlar tahlil qilindi. Paxta qabul qilish punktlarida torozilar sozligi va tom qismlarining yopilganligi, yong‘in xavfsizligiga rioya etilishi,texnikalar harakatlanishi uchun sharoit yaratish, shuningdek mavsumda qatnashadigan har bir texnikaning sozligi tekshirilib, raqamlangan holda mavsumga shay holga keltirish borasida mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
O‘ktam Xudoyberdiyev,
Zarnews.uz muxbiri.