Endi ishni ko‘ruvchi sudya elektron tanlanadi
Keyingi besh yilda Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining "Biznes yuritish" yillik hisobotida mamlakatimiz 190 davlat orasida 146-o‘rindan 76-o‘ringa ko‘tarildi. 10 ta indikator kesimida shakllantiriladigan hisobotda mamlakatimiz "Shartnomalar ijrosini ta’minlash" bo‘yicha 2019 yilda 41-o‘rindan joy oldi. "Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili" davlat dasturi bilan mamlakatimizda "Shartnomalar ijrosini ta’minlash" indikatoridagi o‘rnini yaxshilash uchun Oliy sud mas’ul idoralardan biri sifatida belgilandi.
Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida viloyat iqtisodiy sudi sudyalari va tadbirkorlar ishtirokida o‘tkazilgan brifingda shunday fikrlar bildirildi.
Davlatimiz rahbarining bu boradagi qarorlari asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasiga ko‘ra, sudlarda ishni yuritishga doir statistik ma’lumotlar Oliy sudning rasmiy saytida joylashtirib boriladigan bo‘ldi. Endilikda har bir shaxs o‘z huquqlari va qonun bilan himoya qilinadigan manfaatlarini, shikoyat, murojaatlarini iqtisodiy sudga elektron hujjat tarzida yuborishi mumkin. Avvallari kelib tushgan ishlar sud raislari tomonidan sudyalarning tajribasi, ixtisoslashuvi va ishning ko‘lamidan kelib chiqib taqsimlangan bo‘lsa, elektron tizimda ishlar sudyalar o‘rtasida avtomatik tartibda taqsimlanadi.
– Mana shunday qulayliklarni tadbirkorlarimizga yetkazish, hamkorlik va oldi-sotdi shartnomalarini qanday tuzish, nizo kelib chiqqanda qaysi sudga va qay tartibda murojaat qilishlarini tushuntirish maqsadida ushbu brifingni tashkil etdik, – deydi viloyat iqtisodiy sudi sudyasi Oybek Asadov. – Qolaversa, boshqa hududda o‘tkazilayotgan sudda ishtirok etish uchun tadbirkorlarimiz vaqt sarflab o‘sha joyga borib emas, balki sud idoralarida video-konferensaloqa orqali qatnashishlari mumkin bo‘ldi. Bu kabi uchrashuvlar orqali tadbirkorlarimizning huquqiy bilimlarini oshirsak, mamlakatimiz xalqaro moliya bozorida o‘z o‘rnini yanada tezroq mustahkamlashga erishadi.
O‘ktam XUDOYBERDIYEV.