Endi Malayziyaga borganlar 14 kunlik karantin xarajatlarini o‘z hisobidan to‘laydi
O‘zbekistonning Kuala-Lumpur shahridagi elchixonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, Malayziya hukumati tomonidan koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida 2020 yil 28 aprelgacha o‘rnatilgan Harakatni cheklash rejimi davrida mazkur mamlakatga tashrif buyuradigan chet el fuqarolari uchun yangi tartib joriy etilgan. Rejim muddati Malayziya hukumatining alohida qarori bilan uzaytirilishi ham mumkin.
Mazkur tartibga ko‘ra, Malayziyaga kelayotgan barcha chet el fuqarolari o‘z hisoblaridan 150 Malayziya ringgiti (37 AQSh dollari) miqdoridagi kunlik to‘lovni amalga oshirgan holda, 14 kunlik karantindan bo‘lishlari shart.
Shuningdek, elchixona Malayziya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini ushbu talablarni inobatga olishga va mazkur davlat hokimiyati idoralarining barcha qoidalariga rioya qilishga chaqirdi.
O‘zbekiston fuqarolariga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish uchun mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi huzurida Tezkor shtab tashkil etilgan:
Telefon: (+603) 4253 4406
Faks: (+603) 42535406
Mobil: (+6017) 3204414
E-mail: consul@uzbekembassy.com.my