Endi “Obod mahalla” va “Obod qishloq”lar ovoz berish orqali aniqlanadi
Viloyat Matbuot uyida viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Orzumurod Mardonov ishtirokida matbuot anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda O.Mardonov hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasidagi tadbirlarga ajratilayotgan mablag‘lar bo‘yicha ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, Prezidentimizning 2022 yil 25 oktyabrdagi «2022-2023 yillarda mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida tuzilgan Dasturga binoan 590 ta loyiha xalq deputatlari viloyat Kengashida muhokama qilinib, tasdiqlangan. Dastur doirasida 590 ta ob’yektga 5 ta buyurtmachi tayinlanib, 394,9 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan. Jumladan, viloyat bo‘yicha 278 ta ichki yo‘l, 191 ta ichimlik va oqova suv tarmoqlari, 51 ta elektr energiyasi va 5 ta tabiiy gaz tarmoqlari, 26 ta ijtimoiy soha ob’yektlari va 41 ta boshqa ob’yektlarda qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirish belgilangan.
Shuningdek, "Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi" tomonidan 51 ta, “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filialiga qarashli 5 ta ob’yektni ta’mirlash to‘g‘ridan-to‘g‘ri mazkur korxonalar mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Qolgan 534 tasining quruvchilari “Shaffof qurilish” platformasi orqali o‘tkaziladigan tender savdolari natijasida aniqlanadi. Viloyat mintaqaviy yo‘llardan foydalanish boshqarmasiga qarashli 268 ta ob’yekt, “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi viloyat bo‘limining 58 ta inshooti hamda 100 ta ob’yekt "Suv ta’minoti" va "Kanalizatsiya ob’yektlarini qurish bo‘yicha injiniring kompaniyasi" DUK buyurtmasi asosida tender platformasiga joylashtirilgan.
- Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 noyabrdagi “Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Xorazm viloyatlari aholisining turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori bo‘yicha esa 213 ta loyihaga 416,2 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan, - deydi Orzumurod Mardonov. – Mablag‘ning 46,7 milliard so‘mi mahalliy byudjet hisobidan amalga oshirilsa, qolgani bank kreditlari, homiylar va respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan ajratiladi. Shuningdek, Dastur asosida ta’mirlash ishlarni boshlash uchun “Obod qishloq” va “Obod mahalla” jamg‘armasiga respublika byudjetidan 114,8 milliard so‘m, mahalliy byudjetdan 38,8 milliard so‘m mablag‘ o‘tkazib berildi.
Matbuot anjumanida joriy yildan boshlab “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari bo‘yicha infratuzilmasi rivojlantiriladigan mahallalar aholining ovoz berish yo‘li bilan aniqlanishi aytildi.
Dilmurod To‘xtayev.