Eng g‘alati binolar
Ba’zi dizayner va me’morlar yaratgan g‘ayrioddiy binolar dunyo ahli e’tiborini o‘ziga tortib keladi. Bugun ba’zilari teskari burilgan, boshqalari haqiqiy deb atalish uchun «kurashayotgan» g‘ayrioddiy tuzilmalarni ko‘rib chiqishni taklif qilamiz.
Monreal biosferasi
Ushbu ulkan va yorqin sharning o‘lchamiga qarang! Qiziq, uning ichida nima bor ekan? Ushbu ta’sirchan gumbaz 1967 yilda Monrealda bo‘lib o‘tgan Jahon ko‘rgazmasi uchun qurilgan. U amerikalik me’mor va ixtirochi Bakminster Fuller tomonidan ishlab chiqilgan. Gigant biosfera po‘latdan yasalgan to‘pdan boshqa narsa emas. Po‘lat inshootni mustahkam qiladi, ko‘pburchakli konstruksiya esa yuqori bosimga bardosh berishga imkon beradi. Bu futuristik bino marvaridga o‘xshaydi. Chiroqlarni o‘zida aks ettirish orqali biosfera atrofni yoritadi.
Krzywy Domek
«Kshivi domek» polshaliklar tilidan «qiyshiq uy» deb tarjima qilingan. Lekin qanchalik qiyshiq bo‘lmasin uy buzilmaydi. Egri uyning ichida restoranlar, ofislar va radiostansiyaga ega savdo markazi joylashgan. Bino butunlay egri va qiya chiziqlardan iborat bo‘lib, 2004 yilda me’morlar Shotinskiy va Zalevskiy tomonidan qurilgan. Bu yerda siz bironta to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiziqni topa olmaysiz. Maftunkor bu uy go‘yo raqsga tushayotganga o‘xshaydi.
Casa do Penedo yokiTosh-uy
Ibtidoiy davrlar muhitiga ega bu me’moriy yodgorlik Portugaliyada joylashgan. Qurilishi ikki yil davom etgan uy binosining poydevori, devorlari va shifti to‘rtta toshdan iborat. Dastlab, egasi undan dam olish joyi sifatida foydalangan. Bugungi kunda juda ko‘p sayyohlarni jalb qiladigan kichik muzeyga aylangan. Uning ichida yaqin atroflarda topilgan kichik artefaktlar va foto suratlarni topish mumkin. Agar siz ushbu uyga tashrif buyurishni rejalashtirmoqchi bo‘lsangiz, bilingki, elektr yo‘q, shuning uchun kunduz kuni kelishingiz kerak.
Lotus ibodatxonasi
Ochilayotgan gulni eslatadigan ushbu ajoyib bino Hindistonning Dehli shahrida joylashgan. Shaharning asosiy diqqatga sazovor joyiga aylangan, 2500 kishiga mo‘ljallangan ma’badga tashrif buyurish uchun siz dindor bo‘lishingiz shart emas: Bahaiy dinining boshqa ibodatxonalari kabi, u barcha uchun birdek ochiq. 27 ta go‘zal marmar barglari to‘qqiz qirrali shaklni hosil qilish uchun uchta guruhda birlashadi.
Atomium
Yana bir haqiqiy san’at asari, Belgiya poytaxti Bryusselning ramzi bo‘lgan ushbu bino dastlab 1958 yilgi Jahon ko‘rgazmasining ochilishi uchun qurilgan. Har biri 18 metr diametrli benuqson sharlar 165 milliard marta kattalashtirilgan temir kristallning atomini ifodalaydi. Sferalar bir-biriga zinapoyalar, eskalatorlar va liftlarni o‘z ichiga olgan quvurlar orqali bog‘langan. Ularning ichida zal va sayyohlar uchun joylar bo‘lib, eng tepada Bryusselning go‘zal panoramali ko‘rinishi ochiladigan restoran joylashgan.
Kanzas shahar jamoat kutubxonasi
1873 yilda ochilgan diqqatga sazovor joy - shahar jamoat kutubxonasi Kanzas-Siti shahar markazida joylashgan. Ulkan kitob javoniga o‘xshagan majmua 2004 yilda qurilgan bo‘lib, uning orqasida avtoturargoh yashiringan. Avtoturargohni «kitob javoniga» aylantirish g‘oyasi binoning qoplamasini yangilash zaruratidan kelib chiqqan. Kitoblarning balandligi 3-7 metrga teng. «Muqovalar» beton panellar ustiga qo‘llaniladigan termoplastikdan qilingan.
Habitat 67
O‘yinchoqqa o‘xshaydigan «Habitat 67»Kanadaning Kvebek shtati hududidagi modulli turar-joy majmuasi hisoblanadi. Isroillik arxitektor Moshe Safdi ushbu bino g‘oya muallifi. Dastlab maketlari LEGO g‘ishtlaridan yasalgan majmua 1967 yilda bo‘lib o‘tgan «Ekspo-67» butunjahon ko‘rgazmasi uchun pavilon sifatida qurilgan. Shubhasiz, bu bino Monreal va Kanadaning eng mashhur diqqatga sazovor joylaridan biridir. 2017yilda u 50 yoshga to‘ldi va Kanada pochtasi ushbu sanaga atab esdalik markalarini chiqardi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.