Eng kam pensiya «iste’mol savatchasi»ga mos bo‘ladi(mi?)
Bugungi kunda respublikamizda pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 3 million 678 ming nafarni tashkil etib, aholi sonidagi ulushi 10,9 foizni tashkil qilmoqda.
Prezidentimiz joriy yil 24 yanvarda Oliy Majlisga Murojaatnomasida aholining ijtimoiy yordamga muhtoj, pensiya yoshidagi qatlamini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lishini ta’kidlagan edi.
Pensiya tizimini takomillashtirish maqsadida 2019 yilning o‘zida “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi, sohaga oid 3 ta me’yoriy-huquqiy hujjat va Prezidentimizning 3 ta farmoni qabul qilindi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2019 yil 8 yanvardagi farmoniga muvofiq, bugungi kunda «Davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish Konsepsiyasi» loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Albatta, tizimda olib borilayotgan ijobiy ishlar bilan birga, ayrim muammolar ham mavjud. Jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasida (jamoa xo‘jaligi, davlat xo‘jaligi) ishlab, pensiyaga chiqqan shaxslarning boshqa soha vakillariga nisbatan kamroq pensiya olayotgani fuqarolarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
Mazkur masala O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari tomonidan o‘z saylov okruglarida, fuqarolar, mutasaddi idoralar vakillari bilan bevosita muloqot asosida o‘rganib chiqildi hamda pensiya miqdorini hisoblab chiqishda qonunchilik bilan bog‘liq ayrim muammolar mavjudligi aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunning 37-moddasida, “1965 yildan keyingi davr uchun jamoa xo‘jaligidagi ish stajini hisoblab chiqarishda, agar jamoa xo‘jaligi a’zosi uzrsiz sabablarga ko‘ra jamoa xo‘jaligida belgilangan mehnatda ishtirok etish minimumini bajarmagan bo‘lsa, ishlangan vaqtning amalda davom etgan davri hisobga olinadi”, deb belgilangan.
O‘rganishlar ko‘rsatdiki, aksariyat holatlarda, qishloq xo‘jaligi sohasida (jamoa xo‘jaligi, davlat xo‘jaligi va shirkat ho‘jaligida) mehnat faoliyatini 2005 yilga qadar yuritgan fuqarolarning ushbu xo‘jaliklardagi mehnat faoliyati to‘g‘risidagi (har yilgi mehnat minimum qarorlari) ma’lumoti arxiv saqloviga topshirilmagan yoki umuman belgilanmagan.
Buning natijasida, qishloq xo‘jaligi sohasida (jamoa xo‘jaligi, davlat xo‘jaligi va shirkat ho‘jaligida) mehnat faoliyatini 2005 yilga qadar yuritgan aksariyat fuqarolarga ishlangan vaqtning amalda davom etgan davridan kelib chiqib past miqdorda pensiya tayinlangan.
Misol uchun, jamoa xo‘jaligida 1980 yilda erkaklar uchun 220 kun, ayollar uchun 160 kun mehnat minimumi o‘rnatilgan. Haqiqatan ham shu yili erkak va ayollar belgilangan mehnat minimumini bajarishgan. Lekin, ular pensiyaga chiqishda sobiq jamoa xo‘jaligining mehnat minimumini o‘rnatish to‘g‘risidagi qarorini taqdim qila olmagan (yo‘qolgan yoki arxivda mavjud emas).
Ushbu holatda, amaldagi qonunchilikka asosan, erkak uchun 220 kun bir yil mehnat staji sifatida emas, balki, 7 oy 10 kun sifatida, ayol kishiga 160 kun bir yil mehnat staji sifatida emas, balki, 5 oy 10 kun sifatida hisobga olingan.
Buning natijasida, jamoa xo‘jaligida mehnat qilgan ushbu shaxslarga boshqa sohalarda faoliyat olib borgan fuqarolarga nisbattan 2-3 barobar kam pensiya miqdori hisoblangan.
Demak, mamlakatimizdagi sobiq jamoa xo‘jaligi va shirkat ho‘jaligida mehnat faoliyatini 2005 yilga qadar yuritgan fuqarolarning mehnat faoliyatlari davrini to‘liq yil sifatida inobatga olinishi to‘g‘risidagi hujjat loyihasini ishlab chiqish lozim.
Bundan tashqari, qonunchiligimizda to‘liqsiz yoshga doir pensiya belgilashda ham ayrim muammolar mavjud. Hozirda kamida 7 yil ish stajiga ega bo‘lgan shaxslarga to‘liqsiz yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori 236 ming so‘mni tashkil etmoqda va bu pensiya miqdori pensionerning sarf-xarajatlari uchun yetarli emas.
Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi tomonidan tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda “iste’mol savatchasi” va “yashash minimumi” ko‘rsatkichlarini qonunchilikda belgilash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Demak, kelgusida pensiyaning eng kam miqdorini “iste’mol savatchasi” va “yashash minimumi” ko‘rsatkichlari asosida qayta ko‘rib chiqish lozim bo‘ladi.
Shuningdek, ayollarga pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga bolasi 3 yoshga to‘lguncha uni parvarishlash ta’tillarida bo‘lish vaqtini to‘liq qo‘shib hisoblashini ham qonunchiligimizga kiritishimiz kerak.
Ulug‘bek VAFOYeV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.