Yer aholisining yarmi 1-yanvarda 2025-yilni kutib olmadi
Hindiston (Vedik taqvim)
Hindistonning ko‘plab mintaqalarida aholi yillarni Vikram Samvat taqvimida hisoblashadi. U yerda hozir 2081 yil. Shu bilan birga, Hindistonning boshqa qismlarida Shaka taqvimidan foydalaniladi, bu taqvimga ko‘ra, odamlar hozir 1946 yilni kutib olishdi.
Xitoy
Chin mamlakatining oy-quyosh taqvimiga ko‘ra, yangi yil yanvar oyining oxirida yoki fevralda boshlanadi. Xitoy solnomasiga ko‘ra, hozir u yerda 4722 yil.
Efiopiya
Efiopiya taqvimi Grigorian taqvimdan taxminan 7-8 yil orqada yuradi. 13 oydan iborat ushbu kalendarda 30 kundan iborat o‘n ikki oy va 5 yoki 6 kunlik o‘n uchinchi oy mavjud. Shu sababli hozir efiopiyaliklar 2017 yilda yashab kelmoqda.
Tailand
Tailandga 2568 yil kirib keldi. Tailandning budda taqvimi bo‘yicha yillar Buddaning xotirjamlikka o‘tishi (miloddan avvalgi 543 yil)dan boshlab hisoblab kelinadi.
Isroil
Yahudiy kalendaridan foydalanib keladigan Isroilda hozir 5785 yil. Xronologiya dunyo yaratilishining taxminiy sanasiga asoslangan.
Eron, Afg‘oniston
Taqvim payg‘ambarimiz Muhammad s.a.vning Makkadan Madinaga hijrat qilgan sanasidan boshlab hisoblanadi. Yangi yilning boshlanishi bahorgi tengkunlik kuni 21 martga to‘g‘ri keladi. Hozir bu mamlakatlarda 1403 yil.
Islom davlatlari
Islom taqvimidan foydalanadigan mamlakatlarda hozir 1446 yil. Solnomalar Muhammad payg‘ambarimizning Makkadan Madinaga hijrat qilgan paytidan boshlab hisoblanib kelinadi. Eron va Afg‘onistondan farqli o‘laroq, ular Quyosh emas, balki Oy taqvimidan foydalanadilar, unga ko‘ra bir yilda 354 yoki 355 kun bor. Ushbu kalendar Jazoir, Misr, Iroq, Iordaniya, Liviya, Mavritaniya, Marokash, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Somali, Tunis, BAA va Yamanda qo‘llaniladi.
Yaponiya
Yaponiyada Grigorian kalendaridan foydalaniladi, shuningdek, mamlakatda imperatorlar davrlariga asoslangan xronologiya tizimi ham amal qiladi. Yaponlar hozir 2019 yilda imperator Naruxito taxtga o‘tirganidan boshlangan Reyva davrining 6-yilida yashab kelmoqda.
KXDR
Yillar hisobi mamlakatning uzoq yillik kommunistik yetakchisi Kim Ir Senning tug‘ilgan kunidan, ya’ni 1912 yilning 15 aprelidan boshlab hisoblab kelinadi. Shunday qilib, Shimoliy Koreyada hozirgi kunda 113 yil.
Myanma
Birma taqvimidan foydalanib keladigan Myanmada hozir 1384 yil.
Bangladesh
Bengal taqvimiga ko‘ra davlatda hozir 1430 yil. Bangladeshda yillar, oylar va kunlar ushbu kalendar bo‘yicha hisoblanadi.
Nepal
Nepal maxsus qadimiy hind an’analariga asoslangan Vikram Samvat oy taqvimi bo‘yicha yashaydi. Bu mamlakat shu kunlarda 2081 yilni kutib oldi.
***
Dunyoda ikki va uch kalendardan foydalanib keladigan va Yangi yilni ikki, hatto uch (masalan, Tailand) marta nishonlaydigan boshqa mamlakatlar ham bor.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.