Yer maydonlarini noqonuniy egallaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
Yer – strategik jihatdan eng muhim tabiiy resurs. Shuning uchun yerlardan maqsadli va samarali foydalanishda qonuniylikni ta’minlash davlatning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
Qonunchilikda yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallaganlik, ulardan xo‘jasizlarcha foydalanganlik va yer hisobini yuritishdagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.
Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 60 va 601-moddalarida yerni o‘zboshimchalik bilan egallaganlik va unga yo‘l qo‘yganlik uchun fuqarolarga 2,4 million so‘mdan – 3,7 million so‘mgacha, mansabdor shaxslarga esa 4,9 million so‘mdan – 7,3 million so‘mgacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olinishi, 99-moddasida esa o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlarda qurilishni amalga oshirilganlik uchun fuqarolarga 17,1 million so‘mdan – 24,5 million so‘mgacha, mansabdor shaxslarga esa 24,5 million so‘mdan – 36,7 million so‘mgacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq qo‘llanilishi belgilangan.
Xuddi shunday, Kodeksning 65, 68, 681, 69 va 160-moddalarida ham yerdan foydalanish va huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq munosabatlarda yo‘l qo‘yilgan huquqbuzurliklar uchun fuqarolarga 245 ming so‘mdan – 735 ming so‘mgacha, mansabdor shaxslarga 735 ming so‘mdan – 1,2 million so‘mgacha jarima belgilangan.
Shuningdek, ma’muriy jazo qo‘llanilganidan so‘ng takroran sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rmaganlik uchun Jinoyat kodeksida 24,5 million – 36,7 million so‘m jarima va boshqa jazo nazarda tutilgan. Shu kabi ma’muriy jazo qo‘llanilganidan so‘ng takroran yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik uchun 12,2 million – 24,5 million so‘m jarima va boshqa jazo nazarda tutilgan.
Yuqoridagi qonun normalarida huquqbuzarlik uchun qo‘llaniladigan jarimaning minimal va maksimal miqdorlari belgilanganligi huquqni qo‘llash amaliyotida ko‘pchilik holatlarda bitta turdagi huquqbuzarlik uchun aybdorlarga nisbatan turlicha chora ko‘rilishiga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, yer munosabatlarida huquqbuzarlik sonining oshib borayotgani sohadagi belgilangan minimal jarimalarning ta’sirchanligi kamligidan dalolat bermoqda.
Xususan, o‘tgan ikki yil davomida 50 mingdan ortiq holatlarda 6.000 gektarga yaqin sug‘oriladigan va 10.400 gektar boshqa yerlar o‘zboshimchalik bilan egallanib, noqonuniy qurilishlar qilinganlini aniqlangan. Yer sotish, talon-toroj qilish bilan bog‘liq qilmishlari uchun 492 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Amaldagi ma’muriy jarima miqdorlari yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallanishini oldini olish bo‘yicha yetarlicha to‘siq bo‘la olmayotganligi bois, javobgarlik choralarini oshirish zarurati tug‘ilmoqda. Ushbu masala yuzasidan tegishli qonun loyihasi ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Loyihaga ko‘ra yer sohasidagi huquqbuzarlik uchun amalda belgilangan jarimalarning minimal miqdori chiqarilib, faqat amaldagi maksimal miqdori qat’iy summada qoldirilmoqda.
Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda Yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik uchun fuqarolarga 3,67 million so‘m, mansabdor shaxslarga 7,3 million so‘m, sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘yganlik uchun ma’muriy qamoq jazosi bekor qilinib, jarima miqdori fuqarolar uchun 4,9 million so‘m (amalda 3,7 million so‘m), mansabdor shaxslar uchun 12,2 million so‘m (amalda 7,3 million so‘m) belgilash ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, tr uchastkasi va turar joyga bo‘lgan huquqni o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazmaslik uchun fuqarolarga nisbatan 490 ming so‘mgacha bo‘lgan jarima 1,2 million so‘mgacha ko‘tarilmoqda. Shuningdek, jarima qo‘llash vakolati sud, prokuratura va soliq organlaridan kadastr organlariga o‘tkazilmoqda.
Ta’kidlash lozimki, noqonuniy egallangan yerlarda qurilgan binolarni elektr, gaz, issiqlik, suv va oqova kabi hayotiy muhim kommunikatsiya tarmoqlariga ulab berganlik uchun javobgarlikning belgilanmaganligi yerlarni o‘zboshimcha egallashga imkoniyat yaratmoqda.
Shu sababli, endi o‘zboshimchalik bilan egallangan yerda qurilgan imoratlarni elektr, gaz, issiqlik, suv va oqova tarmog‘iga ulab berganlar uchun ham ma’muriy javobgarlik belgilanib, ularga nisbatan 7,3 million so‘mdan (fuqarolarga) 17,1 million so‘mgacha (mansabdor shaxslarga) jarima joriy qilinmoqda.
Jinoyat kodeksida ham yer munosabatlari bilan bog‘liq jazolar kuchaytirilish belgilanmoqda. Xususan, takroran yerni o‘zboshimchalik bilan egalaganda aybdorga belgilangan jinoiy jarima 24,5 million so‘mdan 98 million so‘mgacha oshirilmoqda. Shuningdek, sug‘oriladigan yerlarda qurilish qilgan holda yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik (122,5 million so‘mgacha jarima, 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi) joriy etilmoqda.
Shu bilan bir qatorda, Jinoyat kodeksiga yangi 2296-modda kiritilib, unda sug‘oriladigan yer uchastkasi yoki uning qismiga bo‘lgan huquqni sotganlik yoxud qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda o‘zga shaxsga berganlik uchun 122,5 million so‘mgacha jarima, 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jinoiy jazosi belgilanmoqda. Ushbu jinoiy qilmish ko‘p yoki juda ko‘p miqdorda, bir guruh shaxslar, jinoiy guruhlar, takroran yoki retsidivist tomonidan yoxud xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilganligiga qarab yanada og‘irroq (eng ko‘pi 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish) jazolanishi ko‘zda tutilmoqda.
Loyihadagi yana muhim bir o‘zgartish “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilmoqda. Unga ko‘ra, fuqarolar, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar xalq deputatlari Kengashi qabul qilgan hujjatlar ustidan sudga shikoyat qilishlari mumkin bo‘ladi.
Yer munosabatlarida huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishdan maqsad – yerlarni noqonuniy egallash, ulardan xo‘jasizlarcha foydalanish kabi salbiy holatlarning oldini olish orqali sohada qonuniylikni ta’minlash hisoblanadi.
Qonun loyihasi bilan quyidagi manzilda tanishish mumkin: