Yer uchastkalarini qonunga zid ravishda olib qo‘yganlik uchun mansabdor shaxslar javobgarlikka tortiladimi?
Hududlarni kompleks rivojlantirish, shu jumladan, muayyan hududning arxitektura qiyofasini o‘zgartirish va yaxshilashga qaratilgan davlat dasturlarini amalga oshirish uchun davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari olib qo‘yilmoqda. Ammo ayrim hollarda bu jarayon qonunga zid ravishda ham amalga oshirilayotgani bor gap. Xo‘sh, bunday holatda mulkdorlarga zarar yetkazilganligi uchun qonunlarimizda mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik mavjudmi? Afsuski, yo‘q. Ya’ni, bunga huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari tomonidan munosib e’tibor berilmagan.
Bu holatga barham berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, yer uchastkalarini qonunga zid ravishda olib qo‘yganlik uchun mansabdor shaxslarni ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan.
Jamoatchilik muhokamasi uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga joylashtirilgan ushbu qonun loyihasi qabul qilinishi yer uchastkasini olib qo‘yish tartibiga rioya etmaganlik hamda buning oqibatida mulkdorlarga zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish orqali jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqi kafolatlari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash imkonini beradi. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida yer uchastkalarini qonunga zid ravishda olib qo‘yish uchun aybdor bo‘lgan shaxslar doirasi hamda ularning javobgarlik masalasi ham aniq belgilanadi.
Ayni kunlardagi yurtimizda koronavirusning tarqalib ketishining oldini olish maqsadida karantin e’lon qilingan. Bu jarayon Qonunchilik palatasi va Senat a’zolarining qonun loyihalari ustida jiddiy ishlashlariga ma’lum ma’noda ta’sir o‘tkazyapti. Umid qilamizki, yuqorida ta’kidlangan qonun loyihasi ular e’tiboridan chetda qolmaydi va tasdiqlanadi.