Erkinjon Turdimov afv etilganlarning muammosini tingladi
Bugun viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Samarqand shahrida o‘tkazgan sayyor qabulida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 dekabrdagi farmoniga asosan afv etilib, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan fuqarolar bilan uchrashdi.
Farmonga ko‘ra, viloyatda 14 nafar fuqaro afv etilgan.
- O‘g‘lim qamalganida 44 yoshda edim. Hozir 64 yoshdaman, - dedi urgutlik Muhayyo opa Xodiyeva. – Xudoga shukr, farzandim bag‘rimga qaytdi. Kelinimga ham ming rahmat, 20 yil sabr qildi.
- Onaxon, nima muammongiz bor? – dedi viloyat hokimi.
- O‘g‘limning uy-joyi yo‘q, shunga yordam bersangiz.
Urgut tumani hokimi M.Turdiyev afv etilgan N.Ergashevga ko‘p qavatli arzon uy-joylardan berishni va ishga joylashtirishni va’da qildi.
Afv etilganlardan biri ishtixonlik S.Sultonov jazodan to‘g‘ri xulosa chiqargani, endi halol mehnat bilan shug‘ullanishini ta’kidladi.
- Tog‘amning uyida katta bo‘lganman. Singlim turmushga chiqib ketdi. Men va onamga uy-joy kerak, - dedi S.Sultonov.
Ishtixon tumani hokimi Sh.Negmatov yangi qurilayotgan uylardan 3 xonali uy berishga va’da berdi.
- Oldimga qo‘ygan maqsadim – Vatanimga xizmat qilish, - dedi jomboylik Yu.Muhammadiyev. – Menga davlatimiz shunday imkoniyat berganidan xursandman. Diniy bilimi bo‘lsa-da, ma’naviy qashshoq bo‘lgan odam adashib qolishi hech gap emas ekan. Endi to‘g‘ri yo‘lda yashayman.
Hokim har bir afv etilgan fuqaro bilan alohida gaplashdi. Qanday kasbi borligi, nima ish qo‘lidan kelishini birma-bir so‘radi. Shu yerning o‘zida afv etilganlarga munosib ishlar taklif etildi. Sog‘lig‘idan muammosi borlar davolash muassasalariga joylashtiriladigan bo‘ldi. Quvonarlisi, uy-joyga muhtojlarga uy beriladigan bo‘ldi.
X.ERNAZAROVA.