Erkinjon Turdimov: Aziz ayollarimizni himoya qilish uchun, ularning huquqlarini kafolatlash uchun shunday taklif bildirdim
Avval xabar berganimizdek, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov jurnalist va blogerlar ishtirokida navbatdagi matbuot anjumanini o‘tkazdi.
Bu galgi tadbirda nafaqat viloyatdagi, balki poytaxt va yurtimizning boshqa hududlaridagi ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar ishtirok etdi.
E.Turdimov ayni paytda viloyatda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar haqida qisqacha ma’lumot berganidan so‘ng, matbuot anjumanida asosan viloyat hokimining o‘tgan hafta ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan oqsoch ayollarga talab ortib borayotgani va xotin-qizlarni shu kasbga o‘qitish haqidagi fikrlari haqida savollar berildi.
– O‘tgan hafta davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta’minlash masalalari muhokama etilganidan xabardorsiz, – dedi E.Turdimov shu haqdagi savollarga javob berarkan. – Men ham mehnat bozoridagi vaziyatdan xabardor, odamlarning bugungi hayoti bilan yaxshi tanish viloyat rahbari sifatida o‘z takliflarimni bildirdim. Jumladan, oqsochlar, ya’ni uy xizmatchilari faoliyatini tartibga solish, bu mehnat bilan shug‘ullanayotgan kishilar huquq va manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash uchun ularni o‘qitadigan, himoya qiladigan markazlar tashkil etish zarurligini aytdim. Afsuski, buni har kim har xil talqin qildi. Bu o‘rinda odamlarning ko‘ngliga og‘ir botgani “oqsoch” so‘zi. Lekin istaymizmi-yo‘qmi, bu faoliyat bilan shug‘ullanuvchilar avval ham bo‘lgan, bugun ham bor. Badiiy asarlarda yoki tarixiy kitoblarda ham bu so‘z tez-tez uchraydi. Bugun ko‘proq uy xizmatchisi, enaga deb nomlayapmiz, xolos. Ammo, tan olaylik, qadimda bunday kishilarni o‘sha xonadon egalari o‘z yaqinlaridek qabul qilgan bo‘lsa, hozirda past nazar bilan qarash, ularning sha’ni, qadr-qimmatini toptash holatlari o‘zimizda ham, xorijda ham qayd etilmoqda. Shuning uchun ushbu masalaga e’tibor qaratib, oqsochlarni tayyorlaydigan, ularning huquqlarini kafolatlagan holda xizmatini taklif etadigan markazlar tashkil etish taklifini ilgari surdik. Boshqacha aytganda, xizmat ko‘rsatishning mazkur yo‘nalishiga ham zamonaviy yondashuv lozim.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda birgina viloyatimizdan 246 ming kishi, jumladan, 72 ming 800 nafar xotin-qizlar xorijda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanadi. Ularning 75 foizi Rossiyada bo‘lsa, 7 mingga yaqin opa-singillarimiz Turkiyada mehnat qiladi. Bu ayollarning aksariyati uy xizmatchisi, enaga vazifasini bajaradi. Buni yashirish kerak emas, tan olib, ularning manfaatini himoya qilishni o‘ylashimiz kerak.
Yana bir yomon tomoni, hozirda oilalarga oqsoch, enaga topib berishni daromad manbaiga aylantirib olgan “tadbirkorlar” paydo bo‘lgan. Lekin ularning bu xizmatining hech qanday qonuniy asosi yo‘q. Ular kimgadir oqsoch topib bergani uchun haqini olib ketaveradi, keyingi mehnat munosabatlari haqida o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Oqibatda bundan ko‘p hollarda ish beruvchi o‘sha oila yoki ularga xizmat ko‘rsatgan uy xizmatchisi, enaga jabr ko‘ryapti. Shuning uchun bu xizmat turi bilan shug‘ullanishni istovchi ayollarimizga o‘z huquqlarini o‘rgatish, uy-ro‘zg‘or ishlarini yuritish bo‘yicha malakasini oshirishni amalga oshiruvchi maxsus markazlar tashkil etish maqsadga muvofiq.
Bu fikr, taklifni aziz ayollarimiz himoyasi uchun bildirdim. Biz bu sohada tartib o‘rnatilishini, uy xizmatchilarining qonuniy huquq va manfaatlari himoya qilinishini istaymiz. Millat sha’nini tushirish uchun emas, yuksaltirish uchun shunday taklif aytdik.