Erkinjon Turdimov: Yetimlarga uy-joy ajratishda adolat bo‘lsin!

Dunyodagi barcha mamlakatlarda bo‘lgani kabi, taqdir taqozasiga ko‘ra, aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj toifasi bizda ham bor. To‘g‘ri, davlatimiz yetimlarga doimo g‘amxo‘rlik ko‘ratadi: bolalar bog‘chasi, maktab, litseylarda, oliy o‘quv yurtlarida, hatto ishga joylashishda ham ularga bir qator imtiyoz va yengilliklar, moddiy ko‘maklar belgilangan.

Lekin yetimlarni uy-joy bilan ta’minlash masalasida o‘z mulohazalarimni o‘rtaga tashlamoqchiman. Ilgarilari bu muammo yo‘q edi. Chunki kasbga ega yetim bolalar ishga joylashgach, o‘sha korxona tomonidan yoki davlat hisobidagi uy bilan ta’minlanardi. Bu tajriba hozir ham ko‘p davlatlarda bor. Xususiy bo‘lmasa-da, ular bu xonadonda umrining oxirigacha yashash huquqiga ega.

Ochig‘i, keyingi 10-15 yil ichida bizda bu muammoning ijtimoiy sababi va oqibatlari yetarlicha o‘raganilmadi. Shikoyat qilgan yetimlargagina eski yotoqxonalardan boshpana berilib, masalaga yechim topildi. Ularni doimiy, daromadli ishga qo‘yish bilan hech qaysi tashkilot shug‘ullanmadi. Hatto, jinoyat qilib, qamalib chiqqanlaridan keyin ham bundaylarni yirik shifoxonalarga o‘t yoquvchi, yuk tashuvchi sifatida rasmiylashtirib qutulishdi. Natijada, ularning ko‘pchiligi Mehribonlik uyi yoki kollejni bitirgach, kimgadir ergashib xorijga ishga ketdi. Afsuski, xorijda ham ularning yonida jonkuyar, yaqin kishisi yo‘q. Bu yerda esa ular haqida biror tashkilotdan so‘ralmadi.

Mehribonlik uyi bitiruvchilari doimo e’tiborga muhtoj bo‘ladi. Men Surxondaryoda ishlaganimda jamoatchilik e’tiborini ularga qaratishga intildim. Homiylar yoki ular ishlayotgan tashkilotlar yordamida ayrimlari uy bilan ta’minlandi. Biroq ko‘p o‘tmay ular uylarini sotib, chet elga pul ishlashga ketib qoldi.

Xuddi shu ahvol Samarqandda ham takrorlandi. Chunki mas’ul idoraning bo‘lmasligi oqibatida masalaning uvol-savobi hokimliklar gardanida qoldi. Natijada, har bir shikoyat, albatta murojaatchi foydasiga hal qilinishi shart, degan talab qo‘yilgach, ayrim yetimlar yetimligini ham unutib qo‘ydi. Ba’zi nopok shaxslar yetimlarni “asrab olish” bahonasida manfaat ko‘rish payiga tushdilar.

Xo‘sh, bizda bu holatdan chiqishning qanday yo‘llari bor?

Birinchidan, hozirgi qonunchilikda Mehribonlik uyi bitiruvchilariga byudjetdan tashqari jamg‘armalardan uy-joy qurib borish amaliyoti mavjud. Bu ma’qul yo‘l emas. Negaki, iqtisodiy qiyinchilik davrida bu jamg‘armalarda yetarli mablag‘ to‘planmasligi ayon. Qolaversa, bu ishni hamma tuman ham eplay olmaydi. Bu ishga byudjetdan mablag‘ ajratish amaliyotiga o‘tish zarur.

Ikkinchidan, yetimlar uchun arzon yoki tekin uylar qurishni rejalashtirish kerak. Bunda har yili Mehribonlik uyi bitiruvchilari soni hisobga olinsin. Ota-onasidan baxtsiz tasodif tufayli ajralib qolganlar ro‘yxatga tegishli asos bilan kiritilsin. Shunga qarab byudjetdan adolatli tarzda mablag‘ ajratilsin.

Uchinchidan, yetimlarga 10-15 yil davomida boshqa shaxsga sotmaslik, rasmiylashtirmaslik sharti bilan uy ajratilishi kerak. Undan ko‘ra, agar oilasi ko‘paysa, keyinchalik kattaroq uy bilan almashtirish yo‘lini qidiraylik. Binobarin, bunday shaxslarga uy-joy qurishda shu ob’yektda ularning o‘zini rasmiy ravishda ishga jalb etish ham ma’qul yo‘l.

To‘rtinchidan, yetimlarga uy-joy berishda ularning navbati onlayn tarzda bo‘lishi, qayerdan, qancha xonali uy qurilishi oldindan e’lon qilinishi zarur, toki taqsimot adolatli ekanini ularning har biri va jamoatchilik bilib borsin.