Erkinjon Turdimov ijtimoiy tarmoqlar orqali tushgan savollarga javob qaytardi
Davlatimiz rahbari yaqinda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hokimlar joylardagi epidemiologik vaziyat haqida aholini xabardor qilib borishi va ijtimoiy tarmoqlar orqali tushayotgan savollarga javob berishi, muhokama etilayotgan masalalarga munosabat bildirishi zarurligini ta’kidlagan edi.
Ana shu talabdan kelib chiqib, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov brifing o‘tkazdi.
– Bugun ijtimoiy tarmoqlarda qator tushunmovchiliklar, savollarga guvoh bo‘lyapmiz, ammo mas’ul korxona va tashkilotlarimiz bu savol va fikr-mulohazalarga hali ham o‘z munosabatini to‘laqonli bildirmayapti, – dedi E.Turdimov. – Rahbarlarimiz tomonidan OAVda chiqish qilinmoqda, biroq bu bugungi kun talabiga javob bermayapti. Xalqimizning axborot olishga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga yetarli bo‘lmayapti. Shu sabab bugun brifing tashkil etib, bildirilgan savollarga javob berishga qaror qildik.
Viloyat hokimi dastlab, ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarda keng muhokama bo‘lgan Samarqand shahrida yashovchi onaning farzandi salomatligidan tashvishlanib, yo‘llagan videomurojaatiga to‘xtaldi.
– Biz kecha bu onaning fikrlari va uning o‘g‘li A.Musinovning salomatligi haqida OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar berdik, – dedi E.Turdimov. – Ushbu murojaat menga 13 iyul kuni telegram orqali kelgan edi. Shu kunning o‘zida shifokorlar borib, bemorning holatini o‘rgandi va uni tez yordam mashinasida viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi reanimatsiya bo‘limiga olib borib, joylashtirishdi. Zarur tibbiy muolajalar qilindi va hozirda bemorning holati yaxshi. Kecha o‘zim telefon orqali Aslam Musinov bilan gaplashdim, nima bo‘lganini so‘radim. Aytishicha, kasallik belgilari sezilganda, ya’ni isitmasi ko‘tarilib, tomog‘i og‘riganda u uyda davolanishga harakat qilgan. Ammo vaziyat o‘nglanmagan. Men Aslamga uning salomatligi uchun qayg‘urgan onasidan minnatdor bo‘lishi kerakligini aytdim. Fursatdan foydalanib, barcha samarqandliklardan o‘zlarida koronavirus alomatlarini sezganlarida zudlik bilan tibbiyot xodimlariga murojaat qilishlarini, o‘z bilganlaricha davolanishga harakat qilmasliklarini so‘rayman.
Biz kecha shoshilinch tibbiy yordam xizmati faoliyatini qayta ko‘rib chiqdik, Samarqand davlat tibbiyot instituti qoshidagi call-center ishini jonlantirdik. Aholining tez yordamga yoki poliklinikalarga murojaat qilishida, ularning so‘rovlariga javob yoki maslahatlar berishda hech qanday muammo bo‘lmaydi. Shuningdek, kasallikka chalingan bemorlarni davolash uchun viloyat mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan 3,2 milliard so‘mlik 65 turdagi dori vositalari xarid qilindi va hozircha ikki oylik zaxira yaratib qo‘ydik. Yaqin kunlarda yana bir oylik zaxira yaratish uchun zarur choralarni ko‘ryapmiz. Demoqchimanki, koronavirus aniqlangan bemorlarni dori-darmon va tibbiy vositalar bilan ta’minlashga imkoniyatimiz yetadi. Uyida davolanadimi yoki shifoxonadami, kasallik qayd etilgan bemor bepul ravishda dori-darmon bilan ta’minlanadi. Bu borada muammo yuzaga kelsa, fuqarolar ijtimoiy tarmoqlar, ishonch telefoni orqali o‘zimga murojaat qilishlari mumkin.
Brifing davomida E.Turdimov viloyatda koronavirusga tekshirish uchun olinayotgan test tahlillari, xususiy tibbiyot muassasalarida tahlil olish tartiblari, tez yordam va poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlari faoliyati, dorixonalardagi taqchillik va narx-navo masalalari yuzasidan savollarga ham batafsil javob qaytardi.