Erkinjon Turdimov Samarqandni boshqarishda qiynalib qolmadimi?..
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi tomonidan "Viloyat hokimi minbari" rukni tashkil etildi. Unda birinchi bo‘lib uch viloyatga hokim bo‘lgan Erkinjon Turdimov chiqish qildi.
– Samarqandga kelgunga qadar Navoiy va Surxondaryoda hokimlik qildingiz. Uch viloyatni taqqoslaganda Samarqandda Sizga ma’qul bo‘lgan va yoqmagan jihatlar nima?
– Qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, hokimning vazifasi o‘sha hududga xizmat qilish, odamlarning davlatdan roziligiga erishish, kishilarni islohotlarga va uning natijasiga ishontirish. Men qayerda ishlamay mana shu haqiqat asosida faoliyat olib borishni, Prezidentimizning, o‘sha hudud xalqining ishonchini oqlashni bosh maqsad deb bilaman.
Uch viloyatning va bu uch viloyat xalqining ham faqat o‘zigagina xos bo‘lgan jihatlari bor. Ish faoliyatimda buni albatta inobatga olganman. Samarqand esa o‘zim tug‘ilib o‘sgan viloyat. Garchi, shu paytgacha mehnat faoliyatim boshqa hududlar bilan bog‘liq kechgan bo‘lsa-da, bu yerda amalga oshirilgan islohotlarni kuzatib borganman. Qo‘shrabotga, qishlog‘imga har gal borganimda bunga bevosita guvoh bo‘lganman. Shuning uchun Samarqandda ish boshlab, xalq bilan til topishish unchalik qiyinchilik tug‘dirmadi. Ammo uch viloyatni taqqoslaganda Samarqand aholisi ko‘p, shunga yarasha masalalari ham ko‘p hudud.
Qolaversa, bu zamin azaldan ilm-fan, madaniyat, sivilizatsiya markazi bo‘lgan. Davlatchilik tariximizda ham Samarqandning o‘z munosib o‘rni bor. Bugun ham mamlakatimiz iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy hayotida viloyatning salmoqli o‘rni, salohiyati borligi barchamizga yaxshi ma’lum. Bularning barchasi hokim sifatida har bir masalaga jiddiy e’tibor qaratgan holda ishlashga da’vat etadi meni.
Ma’qul bo‘lgan va yoqmagan tomonlar ham o‘zimizga, xalq bilan, odamlar bilan qanday gaplashish, ishlashimizga bog‘liq. Demoqchimanki, ma’qul bo‘lgan tomonlarni yanada ko‘paytirish, yoqmagan jihatlarni kamaytirish uchun xalq bilan birgalikda ishlashimiz, doim odamlar orasida bo‘lishimiz kerak. Dunyoda bizning xalqimizdek bag‘rikeng, samimiy, kechirimli xalq bo‘lmasa kerak. Bu xalqning ishonchiga munosib bo‘lish, ularga xizmat qilish men uchun ham ulkan sharaf va mas’uliyat.
– Samarqand shahrining tarixiy qismida uy-joy qurilishi va rekonstruksiyasi bilan bog‘liq masalalar OAV va ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘p muhokama bo‘lmoqda. Buni keltirib chiqargan sabab va omillarni nimada ko‘rasiz? Bunday qurilishlar hali ham davom etayotganiga sabab nima?
– Avvalo, hozirda bunday qurilishlarga butunlay chek qo‘yilganini aytishim kerak. Bu borada davlatimiz rahbarining topshiriqlari, respublikamiz hukumati va o‘zimizning ham qarorlarimiz bor. Shunday vaziyatda ham o‘zboshimchalik bilan, noqonuniy qurilish qilish holatlari yuzaga kelayotganidan ko‘z yuma olmaymiz. Ammo bularning barchasi noqonuniy va bu ishga qo‘l urganlar, albatta, qonun oldida javob beradi. Biz – viloyat, shahar hokimligi hozirda Samarqand shahrining tarixiy hududi va uning bufer zonasida qurilish qilish uchun yoki binolarni ta’mirlash uchun qaror chiqarishni to‘xtatganmiz. Bu boradagi ruxsat berish tartiblari yangicha tizim asosida tashkil etilmoqda.
Noqonuniy qurilishlarni keltirib chiqargan sabab va omillar esa juda ko‘p. Bulardan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchiligimiz yaxshi xabardor. Bunday qurilishlarning boshida turganlarning taqdiri ham ko‘pchillikka yaxshi ma’lum. O‘zimiz ham bu haqda bayonotlar berganmiz, joylardagi uchrashuvlarimizda ko‘p to‘xtalganmiz. Hammasi qonuniy bahosini olmoqda va bunday keyin ham shunday bo‘ladi.
Eng muhimi, rahbar ham, tadbirkor va oddiy aholi ham Samarqand hammamizning boyligimiz, faxrimiz ekanligini anglashi lozim. Biz yer yuzining sayqali bo‘lgan Samarqandni jahon turizm markazlaridan biriga aylantirmoqchi ekanmiz, avvalo, uning tarixiy qiyofasini saqlab qolishimiz, turizmni asosiy daromad manbaimiz sifatida ko‘rib, shunga mos harakat qilishimiz zarur.
– Ijtimoiy tarmoqlarda ham juda faolsiz. Bu ish faoliyatingizda qanchalik ahamiyatli? Yaxshi bilamiz, Samarqandda boshqa hududlarga nisbatan jurnalist va blogerlar juda faol. Siz bunga qanday qaraysiz? Bu Sizga yordam beradimi yoki...
– Bugun ijtimoiy tarmoqlar faol muloqot maydoniga aylangani, unda jamoatchilik nazorati elementlari yaqqol namoyon bo‘layotganini barchamiz ko‘rib turibmiz. Odamlarning kayfiyati, u yoki bu voqeaga munosabati ham birinchi navbatda ijtimoiy tarmoqlarda o‘z aksini topmoqda. Shu sababli ularni doimiy kuzatib boraman va o‘zimning sahifalarim orqali aholi bilan muloqot qilaman. Ko‘pgina murakkab masalalar yechimida ijtimoiy tarmoqlardagi muhokama va munosabatlarga ham tayanaman.
Samarqandda jurnalist va blogerlarning boshqa hududlarga nisbatan faol va ko‘pligi esa menga ish faoliyatimda yordam beradi. Ular bilan tez-tez uchrashib, fikrlashib turamiz. Viloyat hayotiga oid muhim masalalarda yoki OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p muhokama qilinayotgan mavzular bo‘yicha jurnalist va blogerlar bilan ochiq muloqot qilishimiz o‘sha masalalarni to‘g‘ri talqin etish va keng ommaga yetkazishda samarali bo‘lmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, jurnalist va blogerlar bilan munosabatlarimiz yaxshi hamda ularning faoliyati menga va boshqa rahbarlarga yordam beradi.